Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/12 00:45 Milan 1-1 Roma
30/12 22:30 Komo 2-0 Lechche
31/12 00:45 Bolonya 2-3 Verona
31/12 00:45 Ipsvich 2-0 Chelsi
31/12 00:45 Aston Villa 2-2 Brayton
31/12 01:00 Man. Yunayted 0-2 Nyukasl

Murabbiylar: «Ot aylanib, qozig‘ini topdi»

Murabbiylar: «Ot aylanib, qozig‘ini topdi»

Baho:
+ | -

«Myunxenning «Bavariya»si hozirning o‘zida orzularim olamidan muhim o‘rin egallagan. «Bavariya» qachonlardir meni yanada baxtliroq bo‘lishim sababchisiga aylansa, ajabmas!» Mazkur e’tirof 2017 yilning sentyabrida o‘zining «Xoffenxaymi» bilan «Bavariya»ni Bundesliga doirasida mahv etgan Yulian Nagelsmannga tegishli. Fakt shuki, 3,5 yildan keyin orzu haqiqatga aylandi! Yaqinda 33 yoshli germaniyalik mutaxassis yozda Myunxen grandini bosh murabbiy sifatida qabul qilishi rasman tasdiqlandi.

Qadrdon Zebener Shtrasse intizor

Balki bundan ko‘pchilik xabardor emasdir, ammo bu «Bavariya»ning Nagelsmannga bo‘lgan dastlabki qiziqishi emas, 2015 yilda ham Yulianni klubning Zebener Shtrassedagi ofisida «Bavariya» boshqaruvi raisi Karl-Xayns Rummenigge sport direktori Mattias Zammer bilan birgalikda kutib olgandi. O‘shanda Bundesliganing 19 yoshlilar turnirida «Xoffenxaym»ni 2013|2014 yillar mavsumida shohsupaga, keyingi mavsum finalga olib chiqqan yosh mutaxassisga «Bavariya»ning U-23 jamoasi bosh murabbiyligini taklif etishgandi.

«Bavariya»ni buyuk klub darajasiga ko‘targan Uli Xyonessdek afsona e’tirofiga sazovor bo‘lish juda yoqimli. Men bu taklifni o‘ylab ko‘rdim. Myunxenga ko‘chib o‘tishga rozilik bildirdim», - degandi Yulian o‘sha uchrashuvga izoh berarkan.

Biroq o‘shanda kelishuv amalga oshmay qoldi. Boisi, «Bavariya» nomzodning asosiy jamoadagi faoliyatini sinovdan o‘tkazishga qaror qilgandi. Bundesliga grandi mutasaddilarining donishmandlarga xos qarori o‘z natijasini uzoq kuttirib qo‘ymadi: atigi 1,5 yildan keyin Yulian Nagelsmann Germaniyada yil murabbiyi sifatida e’tirof etildi. O‘shanda yosh murabbiy endigina 29 yoshga chiqqandi. Uning 2015|2016 yillar mavsumida «Xoffenxaym» bilan namoyish etgan fidoyiligi uchun har qancha maqtov kamlik qiladi - 2016 yilning fevralida 17-o‘rinda borayotgan jamoani qabul qilgan mutaxassis elitadagi o‘rnini saqlab qoldi. O‘zi esa Bundesliganing eng yosh murabbiyi unvoni bilan taqdirlandi.

Ana shu muvaffaqiyat evaziga qo‘shimcha qanotga ega bo‘lgan «Xoffenxaym» yangi mavsumda shunchaki yevrokubok emas, aynan YECHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Yana bir yildan keyin Nagelsmann navbatdagi bosqichga ko‘tarilib, «RB Leypsig» boshqaruvini o‘z zimmasiga oldi va debyut mavsumida «buqalar»ni YECHLning yarim finaliga olib chiqdi. O‘zi esa, tabiiyki, eng nufuzli klub turnirining «pley-off» bosqichidagi eng yosh murabbiy sifatida e’tirof etildi.

Yulianning murabbiylik sohasidagi barqaror muvaffaqiyati top-klublar e’tiboridan chetda qolmadi, albatta. «Leypsig»ga o‘tishi arafasida uning «Real»ga yo‘l olishi xususida xabarlar paydo bo‘ldi. Biroq murabbiy bu taklifni rad etdi. Shuningdek, «Bavariya» varianti xususidagi mish-mishlar ham bejiz emasdi. Qisqasi, Myunxen Nagelsmanning navbatdagi bekati bo‘lishi kerak edi. Endi bu haqiqatga aylandi. 33 yoshida ustozlik tizginini qo‘liga olgan mutaxassis Bundesliga (1963) davridagi «Bavariya»ning ikkinchi (Seren Lerbyudan keyin) eng yosh murabbiyiga aylandi.

 

Uyga qaytish

«Rafiqam va farzandim tez orada Myunxenga ko‘chib o‘tishadi. Bu shahar oilamiz uchun begona emas. U yerda bo‘lajak uyimiz qad rostlamoqda» - ushbu bayonotni ham Yulian 2017 yilning kuzida aytgandi. Hatto uning o‘zi ham qachondir shunday bo‘lishiga shubha qilmagandi. Bo‘lmasa-chi... axir bu uning orzusi-ku. Endi orzu ro‘yobga chiqdi.

Darvoqe, oilaviy rishtalar xususida. Yulian Bavariyaning janubi-g‘arbidagi mo‘’jazgina Landsberg-am-Lex (Myunxendan 70 km. uzoqlikda) shaharchasida tavallud topdi. Mo‘’jaz, lekin shundoqqina Lex daryosi sohilida joylashgan o‘ta xushmanzara go‘sha. Uning onasi Bergi, akasi Andre va opasi Vanessalar hozir shu go‘shada istiqomat qiladilar. Otasi Ervin Nagelsmann esa mamlakatning bo‘lajak eng yaxshi murabbiyi 20ga chiqqanida vafot etgandi.

«Men onasiga g‘amxo‘rlik qila oladigan kishi bo‘lib ulg‘ayishim lozim edi. Akam va opam oilani ta’minlash bilan band bo‘lishganida, onamning yonida qolardim. Mana shu zarurat barvaqt ulg‘ayishimga sabab bo‘ldi. Yoshimga xos bo‘lmagan yumushlarni bajarishga odatlangandim», - deydi murabbiy.

Darhaqiqat, Nagelsmann shaxs sifatida ham, professional murabbiy sifatida ham barvaqt shakllandi. Hayotning murakkab sinovlariga osonlikcha moslasha olish xususiyati endi o‘z-o‘zidan tushunarli. Albatta, futboldagi ilk qadamlarini ham Yulian shu jonajon zaminda qo‘ydi. U Bavariyaning ikki jamoasi - «Augsburg» va «Myunxen-1960»da to‘p surdi. Ma’lumki, «Myunxen-1960» «Bavariya»ning azaliy raqibi. Xullas, Nagelsmann tom ma’noda o‘z uyiga qaytdi, ma’joziy ma’noda «Ot qozig‘ini topdi».

 

Nagelsmann - kelajak murabbiyi

«Xoffenxaym»dagi dastlabki mavsumlardayoq Yulian Nagelsmann «Beybi Mourinyo» taxallusi bilan siylandi. Bu laqabni unga o‘z faoliyatini Zinsxaymda yakunlashga qaror qilgan va albatta, o‘z murabbiyidan yoshi ulug‘roq bo‘lgan germaniyalik taniqli darvozabon Tim Vize hadya etgandi. Faxriy darvozabonning sha’masi tushunarli - xuddi Mou kabi Yulian ham professional maqomida yolchitib to‘p surmagan va portugaliyalik kasbdoshi kabi barvaqt (hatto undan avvalroq) murabbiylik faoliyatini boshlagandi.

«Nima uchun aynan Mourinyoga qiyoslashganini ochig‘i, bilmayman. Ehtimol, Vize bizning o‘rtamizdagi qandaydir o‘xshashliklarni payqagandir. Ammo men futboldagi falsafamiz uyg‘un, deb o‘ylamayman», - degandi Nagelsmann.

Chindan ham, oradan 4-5 yil o‘tgach, «kichik Mourinyo»ning murabbiylik yondashuvi o‘zgacha ekanligi yaqqol namoyon bo‘ldi. Portugaliyalik mutaxassisning so‘nggi «muvaffaqiyatlari» haqida gapirishdan ma’no yo‘q, Nagelsmanning tamoman o‘zgacha yo‘nalishdagi murabbiy ekanligi aniq. Yulian - jahonning eng yaxshi murabbiyi unvoni uchun munosib nomzod bo‘la oladigan zamonaviy mutaxassis.

Tomas Tuxelning ijobiy bahosidan tashqari (aynan shu mutaxassis jarohat tufayli 19 yoshda butsalarini mixga ilishga majbur bo‘lgan Yuliandagi murabbiylik salohiyatini payqagandi), Nagelsmann o‘z ixtisosi uchun muhim bo‘lgan bir qator fazilatlarga ega.

23-24 yoshli paytida u biznes va sport ma’murligi sohasida tahsil oldi. Shu tariqa u «Inson qanday tuzilgan, uning mohiyati nimada, uni qanday tushunish kerak?» kabi keng ko‘lamdagi savollarga javob topdi yoki hech bo‘lmaganda, shunga yaqinlashdi. Falsafa, ruhiyat va anatomiya - murabbiy Yulian Nagelsmann daholigining poydevori.

Nagelsmann - novator murabbiy. Bu mashg‘ulotlar jarayoniga, jamoaning ichki muhiti va albatta, taktikaga taalluqli fazilat. Uning asosiy aqidasi - e’tiborning 30 foizini taktikaga, 70 foizini futbolchilar o‘rtasidagi munosabatlarga qaratish. Nazarimizda, bu mutaxassis «Bavariya»dek ko‘pni ko‘rgan grand jamoa o‘yinchilarini ham qandaydir yangiliklar bilan o‘ziga rom eta oladi. Bu yumushni uddalay oladimi? Yaqin kunlarda ushbu savolga javob olamiz. Hozir esa ta’kid bilan cheklanamiz - kelajakning top-murabbiyi unvoni uchun yaqqol da’vogar mutaxassis hamon Yevropaning eng kuchli klubi maqomidagi jamoada ish boshlaydi. Ajoyib yechim!

A.AHMEDOV tayyorladi.

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:30, 12.05.2021.
O'qildi: 6083 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.