Angliya Premyer-ligasining dushanba kungi markaziy uchrashuvida «Arsenal» va «Byornli» jamoalari bahs olib bordi. «Kanonirlar» 1:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Shu tariqa, «Arsenal»ning ikkinchi o‘rinda borayotgan «Manchester Siti»dan farqi 5 ochkoga yetdi. Endi «kanonirlar» ixtiyorida yana bitta, «shaharliklar»da esa ikkita o‘yin qoldi. Seshanba kuni «Manchester Siti» safarda «Bornmut» mehmoni bo‘ladi. Agar Xosep Gvardiola jamoasi ushbu uchrashuvda g‘alaba qozona olmasa, «Arsenal» muddatidan oldin Angliya chempioniga aylanadi. Bordiyu «shaharliklar» zafar quchishsa, unda chempionlik taqdiri so‘nggi turda — 24 may kuni hal bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, seshanba kuni «Manchester Siti»ni qabul qiladigan «Bornmut» jamoasi APLda 16 ta o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasini (8 ta g‘alaba, 8 ta durang) davom ettirmoqda. O‘z navbatida, «Arsenal» so‘nggi bor uzoq 2004 yilda Premyer-liga chempionligini qo‘lga kiritgan edi.













