Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Futbol va moliya: Yevro vs Kopa: daromaddagi tafovut

Futbol va moliya: Yevro vs Kopa: daromaddagi tafovut

Baho:
+ | -

Kopa Amerika-2021 hara taraflama boshqacha turnir bo‘lmoqda. Futbol nuqtai nazaridan olib qaraganda, ikki yil avval qo‘lga kiritilgan sovrinni boy berishni istamaydigan bitta favorit (Braziliya) bor. Moliyaviy tomonlama esa, barchasi o‘zgacha. Turnirni kutilmaganda Argentina va Kolumbiyadan Braziliyaga ko‘chirishdi, bu esa daromadlarga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.
Hamma muxlislar ham Janubiy Amerikada koronavirus bilan kasallanish holati bo‘yicha eng yuqori (dunyoda uchinchi) o‘rinda turgan mamlakatga borishni eplolmasliklari yoki xohlamasliklari tayin. Atributika va suvenirlar sotib olishga ortiqcha pul topish ham amrimahol. Hattoki, qit’ada futbol juda qadrlansa ham.

 

Kopa Amerika  tashkilotchiligi qanchaga tushadi?

Turnir tashkilotchiligi Yevro, JCH va terma jamoalar qatnashadigan boshqa turnirlarnikiga o‘xshash. Federasiya mezbon mamlakatni tanlaydi (Kopa-2021 holatida buni ikki marta qilishga to‘g‘ri keldi), so‘ngra u bilan hamkorlikda musobaqani o‘tkazadi. Ishlangan pullarning hammasini KONMEBOL oladi, keyin ma’lum qismini terma jamoalar va tashkilotchi mamlakatga mukofot tariqasida beradi. Shu tariqa tayyorgarlik xarajatlari qisman qoplanadi. Mablag‘ning muayyan foizi hududlardagi termalar yoki sug‘urta fondlarini shakllantirishga yo‘naltiriladi. Misol uchun, pandemiya oqibatlarini bartaraf etish uchun 27 mln. dollar ajratildi.

Kopa Amerika-2021ni o‘tkazish huquqi Braziliyaga berildi. Turnir start arafasida ko‘chirildi, shu bois, loyiha narxidagi o‘zgarishlarni kuzatish imkonsiz. Shunga qaramay, ularni Kopa-2019 tashkilotchiligiga ajratilgan mablag‘ bilan solishtirish mumkin. KONMEBOLning 2020 yilgi moliyaviy hisobotlarida ko‘rsatilishicha, Janubiy Amerika termalarining bosh turniri tashkilotchiligi uchun 109 mln. dollar sarflangan. Pullarning hisobotlardagi yo‘nalishi ochiqlanmayapti, lekin Kopa-2020 (2021)ni o‘tkazish xarajatlari bo‘yicha prognozlar ma’lum.

KONMEBOL sarflarni 25 foizga oshirdi - turnir 122,3 mln. dollarga tushishi kerak edi. Solishtirish uchun: 2019 va 2020 yillardagi Libertadores kubogi tashkilotchiligi uchun KONMEBOL mos ravishda 185 va 183 mln. dollardan sarflagandi. Bir yarim martalik farq turnir davomiyligi va musobaqaga jalb etilgan tashkilotchi mamlakatlar soni bilan izohlanadi.


KONMEBOL Kopadan qancha topadi?

Odatda, Janubiy Amerika termalarining qit’adagi bosh musobaqasi 10 ishtirokchini to‘playdi. So‘nggi yillarda jahon chempionati oldidan tarkibdagi futbolchilar va tayyorgarlik darajasini sinovdan o‘tkazish niyatida Yaponiya, AQSH, Avstraliya, Qatar va boshqa mamlakatlar ham turnir qatnashchilari safiga qo‘shilishdi. Bunday ochiqlik ham KONMEBOL, ham Kopaning o‘zidagi daromadlarni oshirishga sabab bo‘lmoqda.

2018 yili KONMEBOL 227 dollar ishladi, bundan bir yil avval esa federasiya g‘aznasi 206,7 mln. dollarga boyidi. 10 foizlik o‘sish homiylik shartnomalarining kengayishi bilan bog‘liq bo‘ldi, buning asosi sifatida esa Libertadores kubogi ko‘rsatildi. To‘g‘ri, ushbu ko‘rsatkichlarni avvalgilari bilan solishtirish imkoni kam. Federasiya bunday ma’lumotlarni ilk marta 2017 yildan ochiqlashni boshlagan.

2019-2020 yillardagi ma’lumotlar juda chiroyli ko‘rinmoqda. KONMEBOL birgina turnirlar tashkilotchiligidan mos ravishda 487,2 va 325,5 mln. dollardan ishlab oldi. Kopa Amerika-2019 tashkilotchilarga 118 mln. daromad keltirdi. Libertadores kubogidagi ko‘rsatkich yana ko‘proq chiqdi - 300 va 272 mln. dollardan. KONMEBOLning 2021 yil uchun prognozida 2019 yilgi daromadga qaytish mo‘ljallangandi - tashkilot 487 mln. ishlab topmoqchi.

KONMEBOLning yillar davomida foyda va zararlari haqida gapiradigan bo‘lsak, 2020 yilda tashkilot ilk marta (2017 yildan buyon) minusga chiqdi. Sabablarni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Ziyon miqdori 14,5 mln. dollarna tashkil etdi, vaholanki, avvalgi yillarda federasiya faqat foyda ko‘rardi:

2017 yil - 1 mln. dollar foyda;

2018 yil - 243 ming foyda;

2019 yil - 28,1 mln. foyda;

2020 yil - 14,5 mln. ziyon.

Koronavirus muammolari fonida KONMEBOL Libertadores kubogini translyasiya qiladigan bosh hamkoridan ham ayrildi. Braziliyadagi telegigant - Globo Janubiy Amerika klublari o‘rtasidagi bosh turnir namoyishini to‘xtatdi, DAZN esa qit’adagi Yevropa Ligasi - Kopa Sudamerikana translyasiyasi bo‘yicha shartnomani uzaytirmadi. Buning oqibatida tashkilot 43,4 mln. yo‘qotdi. Hozirda Janubiy Amerikadagi turnir ixlosmandlari o‘yinlarni Fox Sports hamda ESPN orqali tomosha qilishmoqda, ularning KONMEBOL bilan tuzgan shartnomasi narxi esa ochiqlanmayapti.

Translyasiya huquqlari bo‘yicha tartibsizlik Ispaniyaga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ushbu mamlakatda Amerika kubogini Enjoy TV namoyish etmoqda. Shunday nomni avval eshitganmidingiz? Bu Ispaniya shimoliy-g‘arbidagi kichik hudud - Galisiya televideniyesi hisoblanadi.

 

Kopa Yevrodan qimmatmi yoki yo‘q?

Ba’zan superyulduzlarning transfer narxlari solishtirilayotganda shunday bo‘ladi. Hozir yana 160 millionli Kilian Mbappesi bor Yevropa 100 millionli Neymari bor Janubiy Amerikadan oldinda. Agar turnir tashkilotchiligi narxlari va undagi daromadlar bo‘yicha taqqoslansa, Yevroga tegishli raqamlar Kopadan bir necha marta kattaroq ekani ko‘rinadi. Fransiyada o‘tgan Yevro-2016 tashkilotchiligi uchun 1 milliard yevro ajratilgan, musobaqadan esa 1,916 milliard daromad olingandi. Yevro-2020 (2021) esa, koronavirus cheklovlariga qaramay, UYEFAga yanada ko‘proq - qariyb 2,5 mlrd. yevro keltirishi kutilmoqda: vaholanki, ayni payt davom etayotgan turnir tashkilotchiligiga 0,9-1  mlrd. atrofida xarajat qilingan.

Yevrodagi chiptalar ham Kopadagidan qimmatroq. Yevropa chempionati guruh bosqichidagi o‘yin uchun chiqarilgan birinchi toifadagi chipta narxi 150 yevro turadi. Xuddi shu pulga Kopa Amerika finalini stadionning eng yaxshi joyida tomosha qilish mumkin. Ammo hozir tribunalarga muxlis qo‘yilmayapti, bu esa turnir iqtisodiyoti uchun yana bir zarbadir.


Kopa Amerika-2021dagi mukofotlar qanday?

Yevro va Kopadagi termalarning potensial daromadlarini solishtirishni davom ettirarkanmiz, yana farqning kattaligini ko‘rishimiz mumkin. Braziliyada o‘tayotgan turnir g‘olibi 10 mln. dollar oladi. Solishtirish uchun: Yevropa chempionatidagi har bir ishtirokchi, guruh bosqichidagi o‘yinlarning barchasida yutqazsa ham, 9,25 mln. yevroga ega bo‘ladi.

Kopa Amerikaning umumiy mukofot jamg‘armasi 22 mln. dollarga teng bo‘lsa, Yevro g‘olibining o‘zi 40,5 mln. yevroni qo‘lga kiritadi. O‘z navbatida, Amerika kubogi bu borada KONKAKAF Oltin kubogidan oldinda. Shimoliy Amerika termalarining barchasiga 3,5 mln. dollar mukofot puli ajratiladi.

D.ALIMOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:00, 06.07.2021.
O'qildi: 7736 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.