Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Rashid G‘ofurov: “Mahorat mehnat tufayli yuzaga chiqadi”

Rashid G‘ofurov: “Mahorat mehnat tufayli yuzaga chiqadi”

Baho:
+ | -

Birinchi ligada ishtirok etayotgan, “Navbahor”ning sobiq taniqli  futbolchisi  Rashid G‘ofurov boshqarayotgan  “Navbahor-farm” jamoasi joriy mavsumning birinchi davrasini 3-o‘rinda yakunladi. Farm-jamoamiz ortda qolgan 1-davra bahslarida 11 ta  o‘yin o‘tkazib, 7 ta g‘alaba, 1  durang va 3 ta mag‘lubiyatni qayd etib, raqiblar darvozasiga 22 ta gol urib, o‘z darvozasidan 12 ta to‘p o‘tkazgan holda, jami 22 ochko to‘pladi. 

E’tiborlisi, turnir jadvalining  2-pog‘onasida borayotgan “G‘ijduvon”  hisobida ham 22 ochko bor. G‘ijduvonliklar faqatgina to‘plar nisbati bo‘yicha farm-jamoamizdan bir pog‘ona yuqori o‘rinni egallab turishibdi.  

Biz mahoratli murabbiy Rashid G‘ofurovdan “Navbahor - farm” jamoasining Birinchi davradagi ishtiroki, shuningdek, “Navbahor”ning Coca Cola Superligada birinchi davrada qayd etgan natijasi va boshqa mavzular bo‘yicha intervyu oldik. ­­­­­­­­­­

- Suhbatimizni “Navbahor-farm”ning 1-davrada qayd etgan natijasi  borasidagi fikringiz bilan boshlasak. Jamoa o‘tgan yilga qaraganda, bu yil ijobiy natija qayd etmoqda...

- Jahon futboli tajribasidan ma’lumki, har bir murabbiyga kamida 3 yil vaqt beriladi.  Chunki 1-2 yil ichida yaxshi jamoa shakllantirish qiyin. Bu o‘z tajribamdan ham o‘tgan. O‘tgan yilgi mavsum futbolchilar bilan tanishuv, ularning salohiyatlarini o‘rganish davri bo‘ldi. Bu yil tarkibga 2-3 nafar yangi futbolchilar qo‘shildi. Lekin ularning mahoratlaridan samarali tarzda foydalanish ham bor. Shogirdlarimning salohiyatlaridan to‘g‘ri foydalangan holda, shunday ijobiy natijani qayd etishga muvaffaq bo‘ldik. Aslida davralar oralig‘idagi tanaffusga bundan ham  yuqoriroq o‘rinni egallagan holda, chiqib ketishimiz mumkin edi. Ammo 1-o‘rindagi “Zomin” va jamoamiz bilan bir xil ochko to‘plagan holda, 2-pog‘onada borayotgan “G‘ijduvon” jamoalari o‘z oldiga Pro-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasini qo‘ygan. Mazkur jamoalarga qarshi kechgan  bahslarda jamoamiz yaxshi o‘yin namoyish etdi. Zominliklarga qarshi kechgan bahsda hattoki, 70-daqiqaga qadar 1:0 hisobida g‘alaba qozonayotgandik. Lekin keyinchalik, jamoamiz darvozasiga belgilangan penalti shogirdlarimning ruhiyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada yakunda 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdik (4-tur).  

Garchi joriy  mavsum arafasida farm-jamoamiz oldiga jiddiy maqsad qo‘yilmagan, asosiy vazifamiz “Navbahor”ning asosiy tarkibiga mahoratli futbolchilarni yetkazib berish bo‘lsa-da, klub rahbariyati va muxlislar ishonchini oqlash maqsadida, munosib o‘ynashga harakat qildik. Bu esa ijobiy  natijani qayd etishimizga zamin yaratdi. “Navbahor”ning asosiydan tortib, yoshlar, farm, U-18, umuman olganda, barcha jamoalari har qanday o‘yinda, hattoki, u o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lsa ham, doimo g‘alaba qozonishga intiladi. Albatta, farm-jamoamiz ham bundan mustasno emas. 

– Ishtaha ovqat paytida keladi, deganlaridek, endi Pro-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni maqsad qilyapsizlarmi?

-  Fursatdan foydalanib, bizga yaxshi sharoitlarni yaratib berayotgan klub  rahbariyati, jumladan, “Navbahor” PFK prezidenti Otabek Samatovga jamoamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Klub rahbariyati bilan mazkur masalani muhokama qilyapmiz. Ikkinchi davrada farm-jamoamiz oldiga Pro-liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilsa, tarkibni yanada kuchaytirishimiz talab etiladi. Ayni paytda  bir qator futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazyapmiz. Ulardan jamoamiz murabbiylar shtabida yaxshi taassurot qoldirganlari tarkibdan o‘rin olishadi. Shuningdek, hujumchi Ilhom Aliboyev davralar oralig‘idagi tanaffusda tarkibimizga qo‘shildi. U asosiy tarkibda o‘yin amaliyotisiz qolib ketdi. To‘g‘ri, Ilhom “Navbahor-U-21” yoshlar jamoasida yaxshi o‘yin namoyish etdi. Lekin bu Aliboyev saviyasidagi jamoa emas. Uning yoshiga ushbu jamoa to‘g‘ri kelmaydi. Yoshlar jamoasida 2003, 2004 va ayrim jamoalarda hattoki, 2005 yillarda tug‘ilgan futbolchilar o‘ynashmoqda. Ilhom esa oila tebratishi kerak va yoshlar jamoasi unga to‘g‘ri kelmaydi. 

Birinchi davra bahslarini nominal hujumchisiz o‘tkazdik, ya’ni, oldingi chiziqda hujumkor yarim himoyachilarning xizmatlaridan foydalandik. To‘g‘ri, ular ham raqiblar darvozasiga 22 ta gol urishdi. Shuningdek, yarim himoyachilar to‘pni yaxshi nazorat qilib, koptokni jamoadoshlariga aniq yetkazib berishda ustunlar. Lekin ular bir o‘yin davomida yaratilgan 10 ta golli vaziyatning  faqatgina 2 – 3 tasidan samarali foydalanishadi, xolos. Ilhom Aliboyev hujum samaradorligini ancha oshiradi, deb umid qilaman. 

Farm jamoamiz sostavi Lochin o‘yinidagi

-  Birinchi davradagi qaysi uchrashuv eng esda qolarli bo‘ldi?

- Jamoamiz ishtirokidagi har bir o‘yin o‘ziga yarasha qadrli. Ayrim bahslarda mag‘lubiyatga uchrayotib, g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldik. Eng esda qolarli o‘yin sifatida Toshkentda “Neftgazmontaj” jamoasiga qarshi kechgan o‘yinni esga olish mumkin. O‘sha bahsda safarda o‘ynashimizga qaramay, 1:0 hisobida zafar quchgandik (10-tur). Boisi, ushbu jamoa yuqori o‘rinlar kurash olib borayotgan, asosiy raqobatchilarimizdan biri edi. Keyingi turda esa “Neftgazmontaj” “G‘ijduvon”ni safarda 2:1 hisobida yutib keldi (11-tur), ya’ni, jamoamiz bilan o‘yinda yo‘qotgan ochkosini “G‘ijduvon” bilan o‘tkazilgan bahsda oldi. Bu ham qandaydir ma’noda bizga foyda bo‘ldi.

Shuningdek, Uychining “Paxtakor-79” jamoasini safarda mag‘lubiyatga uchratganimiz (1:0)  eng yoqimli o‘yinlardan biri bo‘ldi. To‘g‘ri, ko‘pchilik , ushbu jamoa turnir jadvalining 8-pog‘onasini egallab turganligini ta’kidlashi mumkin. Lekin o‘zingizga ma’lum, bu “Namangan derbisi” hisoblanadi. Bunday bahslarda zafar quchish esa ikki karra yoqimli. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumda uychiliklarga har ikki o‘yinda ham imkoniyatni boy bergandik. Bundan ko‘rinib turibdiki, “Paxtakor-79” jamoasi uchun ham bu o‘zgacha ahamiyatga ega uchrashuv sanaladi.Biz bu safar mazkur jamoa ustidan g‘alaba qozonganimizdan xursandman. 

Rashid rasmi 2

- Eng alamli o‘yin sifatida qaysi bahsni misol keltira olasiz?

- O‘z maydonimizdagi “Bunyodkor-farm” (9-tur, 1:2), safarda “Chig‘atoy” (6-tur, 2:3) jamoalariga qarshi kechgan  bahslarni eng alamli o‘yinlar sifatida keltirishim mumkin. Mazkur o‘yinlarda zafar quchganimizda, ayni paytda turnir jadvali peshqadami sifatida davralar oralig‘idagi tanaffusga chiqib ketgan bo‘lardik.

- “Navbahor”ning sobiq futbolchisi sifatida “lochinlar”ning 1-davrada qayd etgan natijalari borasida nima deya olasiz?

- To‘g‘risini aytsam, Namangan viloyat hokimi Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov, klub rahbariyati, jumladan, klub prezidenti Otabek  Samatov tomonidan yaratib berilayotgan shunday sharoitlarga bunday natijani qayd etish... buni gapirishga, ta’riflashga til ojiz.

Nima deyishgayam hayronman. Shunday sharoitlarga yarasha har bir  futbolchi jon kuydirib o‘ynashi kerak. Bu haqda boshqa biror so‘z          gapira olmayman.

- Bir paytlari “Navbahor” kashfiyot futbolchilarni yetkazib beradigan jamoa bo‘lgan. O‘zingiz ham “Navbahor-farm” jamoasidan chiqqansiz. Lekin so‘nggi paytlarda ushbu yoqimli an’ana uzilib qoldi. Sizningcha, buning sababi nimada?

- Bir paytlari viloyatimizning To‘raqo‘rg‘on tumanini “O‘zbekiston Braziliyasi” deyishardi. “Navbahor”ning mazkur yoqimli an’anasini ayni paytda “Nasaf” futbol klubi davom ettirmoqda. Boisi, qarshiliklar tarkibidan har yili  3-4 nafar yangi futbolchilar yetishib chiqishadi. Shu bois, boshqa viloyatdagilar, jumladan, namanganliklardan ko‘pchilik “Nasaf”ga muxlislik qiladi. Qarshiliklar har yili 2-3 nafar futbolchilarni boshqa jamoalarga sotib, 2-3 milliard so‘m pul ishlab olishadi. Bir so‘z bilan aytganda, “Nasaf”da ishlash tizimi ajoyib tarzda yo‘lga qo‘yilgan.

Umuman olganda, so‘nggi yillarda Namangan futbolida o‘sish ko‘zga tashlanmayapti. Bunga esa futbolchilarning o‘zlari ham sababchi bo‘lmoqda. Hammamiz Krishtianu Ronaldu va Lionel Messiga havas qilamiz. Lekin ular qanday qilib, shunday darajaga chiqishganini unutib qo‘yamiz. Ularning shunday darajaga yetishlarida o‘z ustilarida tinimsiz mehnat qilishgani  sabab bo‘lgan. Hozirgi futbolchilar esa tezroq 1,5-2 soatlik mashg‘ulot tugasa-yu, uyga borib, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatish bilan band bo‘lsa. Aksincha, ular o‘z ustilarida ishlashlari kerak. Ikki soatlik mashg‘ulotda qatnashgani bilan hamma futbolchi bo‘lib ketaversa, qo‘yni kim boqadi? (kuladi).

Biz futbol o‘ynagan davrlarda hozirgidek, sifatli maydonlar, shuningdek, mashg‘ulot uchun yuvib, tayyorlab qo‘yilgan sport kiyimlari yo‘q edi. Ilgari biz futbolka va shortilarni o‘zimiz yuvardik hamda mashg‘ulotga qadar qurishini kutardik. Qurimasa, nam holatda ham mashg‘ulotda ishtirok etishga majbur bo‘lardik. Hozir esa  futbolchilar mashg‘ulotlarga kelishsa,  yuvib, quritilgan sport kiyimlari tayyor turadi. Bunday sharoitlardan esa futbolchilar samarali tarzda foydalanishlari shart. 

Farm-jamoamizning asosiy maqsadi, asosiy tarkibga futbolchilar yetkazib berish. Shuningdek, “Navbahor”dan ortsa, mamlakatimizning boshqa klublarida ham to‘p tepishi mumkin. Futbolchilik  faoliyati qisqa bo‘ladi va shu davr mobaynida futbolchi o‘z moliyaviy ahvolini yaxshilab olishi talab etiladi.

Xuddi shuningdek, murabbiylar ham o‘z ustilarida ishlashlari, mahoratlarini oshirishlari lozim. Yutub orqali murabbiylik ishini o‘rganish bilan ish bitmaydi. Bu gaplarim bilan ertaga “Navbahor”ning asosiy tarkibi murabbiyi lavozimida ishlash niyatim yo‘q. Futbol ichida faoliyat yuritsam ham, boshqa lavozimda ishlamoqchiman. 

-  Sizningcha, futbolda nima muhim – mahoratmi yoki mehnat?

- Ikkalasi ham muhim. Bularni bir-biridan ayro tarzda tasavvur qilish qiyin. Ayrim paytlarda intervyu bergan futbolchilar: “Omadimiz kelmadi”, deyishadi. Ammo omad ham kuchlilarga kulib boqadi. Mahorat ham mehnat tufayli yuzaga chiqadi.

-  Farm-jamoa tarkibida ayni paytda “Navbahor”ning asosiy tarkibida o‘ynashga tayyor futbolchilar bormi?

-  Albatta, bor. To‘g‘ri, ushbu gapim ayrimlarning nafsoniyatiga tegib ketishi mumkin, lekin hozir “Navbahor”ning asosiy tarkibida ayrim futbolchilar hattoki, farm-jamoamizda ham o‘ynolmaydi. Ularning ism-sharifini aytishim shart emas. Farm-jamoamizda ko‘plab mahoratli futbolchilar bor. Ulardan ayrimlari “Navbahor”ning asosiy tarkibi  mashg‘ulotlarida ham qatnashishyapti. Xudo xohlasa,  qishda, ya’ni, mavsumlar oralig‘idagi tanaffus paytida ushbu masala bo‘yicha Viktor Romanovich Jalilov bilan gaplashamiz va kelasi yilgi mavsumda  farm-jamoamizning 4-5 nafar futbolchisi asosiy tarkibda to‘p tepishi mumkin. Faqat ularga biroz e’tiborni kuchaytirish lozim, xolos.

Yozgi transfer davrida tarkibimizga bir qator iqtidorli yosh futbolchilarni jalb etish niyatidamiz. Ulardan biri Navro‘z Iminjonov. Unda Alloh tomonidan berilgan iqtidor bor. Xudo xohlasa, Navro‘z o‘z ustida ishlaydigan bo‘lsa, ajoyib futbolchi bo‘lib yetishadi.

“Navbahor-Umid” futbol maktabi, Namangan viloyat 1-sonli mahorat maktabida ham iqtidorli futbolchilar ko‘p. Ular har holda maktab ko‘rgan va bu futbolchilarning iqtidorlarini yuzaga chiqarish uchun mehnat qilish lozim.

- Yaqinda Yevro-2020 musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Mazkur turnirda qaysi terma jamoaga muxlislik qilgandingiz?

- Bizga yaqin bo‘lganligi uchun Ukraina va Rossiya terma jamoalari, shuningdek, Germaniya hamda Ispaniya termalariga muxlislik qilgandim. Afsuski, ushbu jamoalarning barchasi mazkur musobaqada kutilganidek ishtirok eta olmadi.

Ispaniya terma jamoasi asosan “Barselona”  jamoasi o‘zagi bo‘lganligi bois, juda chiroyli o‘yin namoiysh etdi.

Germaniya termasida esa tartib-intizom kuchli. Lekin nemislarga ham omad yetishmadi. Germaniyaliklar mag‘lubiyatga uchrayotganda ham pala-partish o‘yin namoyish etishmaydi.

- Qaysi jamoani chempion bo‘ladi, deb taxmin qilgandingiz?

- Angliya ushbu finalga qadar qiyinchilik bilan yetib keldi. Bundan tashqari, inglizlar final bahsini o‘z maydonlari, o‘zlari uchun qadrdon bo‘lgan ”Uembli”da o‘tkazishdi. Shuning uchun angliyaliklar o‘z imkoniyatlarini qo‘ldan boy berishmasa kerak, deb o‘ylagandim. Lekin  penaltilar seriyasida omad italiyaliklarga kulib boqdi. Nimayam deymiz, bu futbol. Unda esa kutilmagan natijalar ko‘p qayd etiladi.

- Yevro-2020 da qaysi murabbiylarning o‘yin taktikalarini diqqat bilan kuzatdingiz?

- Ta’kidlaganimdek, ko‘proq, Ispaniya va Germaniya terma jamoalari, ya’ni, Luis Enrike hamda Yoaxim Lyovning o‘yin uslublarini kuzatdim. Masalan, nemislar portugaliyaliklar bilan bo‘lgan bahsda 0:1 hisobida ortda borishayotganiga qaramay, pala-partishlika yo‘l qo‘yishmadi. Aksincha, sekin-asta yaxshi o‘yin namoyish etib, yakunda 4:2 hisobida g‘alaba qozoishga muvaffaq bo‘lishdi.

- Futbolchilik paytingizda maydonda jon kuydirib, to‘p tepgansiz. Shu bois, muxlislar mehrini qozongansiz.Umuman olganda, futbolchilik davringiz ajoyib tarzda kechgan. Bu borada yosh futbolchilarga qanday maslahat berasiz?

- Buning ortida tinimsiz mehnat yotibdi, albatta. Muxlislar mehrini qozonish qiyin. Bunga avvalo jamoa manfaatini o‘ylaganim, shuningdek, tinimsiz mehnat qilganligim sabab bo‘ldi.

- “Bunyodkor” tarkibiga 30 yoshdan keyin qo‘shilgan bo‘lsangizda, mazkur jamoada ikkinchi “yoshligingiz”ni boshdan kechirgandingiz. Bunga qanday erishgandingiz?

- Hozirgi yoshlar jamoa tanlaydi. Oldin o‘zingni nimalarga qodirligingni maydonda namoyish et. Shunda sen pulning ortidan emas, pul sening ortingdan yuguradi. Futbolchilik davrimda “Neftchi” va “Andijon” klublaridan takliflar bo‘lgan. Lekin mazkur jamoalar “Navbahor”ning azaliy raqiblari bo‘lishgani  bois, mazkur klublarga o‘tmaganman. Hattoki, “Andijon” rahbarlari uyimga avtomashinaning kalitini ham ko‘tarib kelishgan. Lekin men 1996 yildan “Navbahor”da o‘ynagan bo‘lsam, 2005 yilgacha o‘zimni “Navbahor”dan boshqa       jamoada tasavvur ham qilolmaganman. Lekin taqdir taqozosi,    ayrimlarning aybi bilan 2005 yili jamoadan ketishga majbur bo‘ldim.

Ta’kidlash joizki, ayrim futbolchilar katta miqdorda maosh olishadi. Lekin maydonda shunga yarasha o‘yin namoyish eta olishmaydi. “Navbahor” tarixida orqasidan tosh otib kuzatilgan, shuningdek, minnatdorchilik bildirilgan holda, o‘zgacha uslubda kuzatilgan futbolchilar ham bo‘lgan. Qisqasini aytganda, barchasi futbolchining o‘ziga bog‘liq.

- Bizga ma’lumki, siz oldin bolalar murabbiyi bo‘lgansiz. Murabbiylikda bosqichma-bosqich ko‘tarilish o‘z samarasini bersa kerak?

- Albatta, samarasini beradi. Murabbiylikni bosqichma-bosqich bosib o‘tsangiz, futbolchilarning psixologiyasini yaxshi tushunasiz. Shu bois, yosh murabbiylarga faoliyatlarini bolalar futbolidan boshlashlarini maslahat bergan bo‘lardim. 

- 2016 yili “Navbahor”ni boshqarganingizda sizga tajribasizlik ham pand bergan, shundaymi?

- O‘shanda jamoani boshqarishga tayyor emasligim, bunga hali tajribam kamligini ta’kidlaganimga qaramay, “Navbahor”ga bosh murabbiy etib tayinlashgandi. To‘g‘ri, o‘shanda tajribasiz edim. Bundan tashqari, atrofimdagi ayrim kishilar ham menga pand berishgandi. Hozirgacha o‘shanda qayerda xatoga yo‘l qo‘yganligim borasida ko‘p o‘ylayman. Mabodo o‘shanda hozirgi aqlim va tajribam bo‘lganida, jamoani o‘zgacha tarzda boshqargan bo‘lardim. Bu gapimdan keyin ayrimlar meni noto‘g‘ri tushunishmasin. “Navbahor”ni hozir boshqarish niyatim yo‘q. Bundan tashqari, Namanganda bosim ostida ishlash qiyin. Shunchaki, o‘z fikrimni bildirdim, xolos.

- Muxlislarga tilaklaringiz... 

- Ishqibozlar baxtimizga hamisha sog‘-salomat bo‘lishsin, jamoalarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab turishsin.

Bizning ma’lumot    

Rashid G‘ofurov - 1977 yil, 26 sentyabrda Namangan viloyatining Chortoq shahrida tug‘ilgan.

Futbol bilan 7 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.

Birinchi murabbiyi: Abdullo Jo‘raboyev.

German Titov nomidagi futbol maktab-internatida tahsil olgan.

Ampluasi: yarim himoyachi.

O‘ynagan jamoalari: “Chilonzor” (Toshkent, 1995 yil), “Navbahor” (Namangan, 1996 - 2005 yilning 1-davrasi), “Mash’al” (Muborak, 2005 yilning 2-davrasi – 2006 yil), “Bunyodkor” (Toshkent, 2007 – 2009 yillar).

2010 – 2015 yillarda  “Bunyodkor” akademiyasida murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.

2016 yili “Navbahor”da bosh murabbiy sifatida ishlagan.

2020 yildan “Navbahor - farm” jamoasi bosh murabbiyi.

Oilali, 4 nafar farzand - 3 o‘g‘il, bir qizning otasi.

Muxlislik qiladigan jamoalari: “Barselona” (Ispaniya), “Manchester Siti” (Angliya).

O‘yinini yoqtiradigan futbolchilari: Lionel Messi, Kevin de Bryuyne.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.  

Manba: pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 22:06, 15.07.2021.
O'qildi: 1884 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.