«Tottenxem» ushbu yozda «Atalanta» markaziy himoyachisi Kristian Romeroni 50 million yevroga sotib oldi. Bugungi kunda 23 yoshli argentinalik futbolchi o‘z pozisiyasida dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri hisoblanadi.
Paratichining birinchi «mo‘’jizasi»
Kristian Romero transferi «shporlar»ning so‘nggi yillardagi eng yaxshi bitimlaridan biri bo‘lishi kerak. Bu kelishuvga erishishda klubning yangi sport direktori Fabio Paratichi katta ahamiyat kasb etdi. U o‘z vaqtida «Yuventus»ning sport direktori sifatida ham ishlagan va bu narsa yangi kelishuvni amalga oshirishda muhim rol o‘ynadi. Masalan, argentinalik futbolchi «Barselona»ning short listidan ham o‘rin olgandi. Lionel Messining shaxsan o‘zi Kristianni sotib olishni klub rahbarlaridan so‘ragan. Kataloniyaliklar muzokalarning oxiriga yetib borisholmadi. «Shporlar» esa qat’iyatli bo‘lishdi va o‘z maqsadlariga erishishdi.
Paratichining imzosi ikkala klub imzolagan shartnomada ham ko‘rinib turibdi. Tomonlar bir yillik ijara va kelgusida besh yillik shartnoma imzolash borasida kelishib olishdi. Londonliklar bu yozda bergamoliklarga umuman pul to‘lashmaydi, lekin agar futbolchi Londonda yaxshi o‘ynasa, mavsum oxirida uni sotib olish variantini faollashtiradi.
Tomonlar transfer narxini uzoq vaqt kelisha olishmadi. Iyul oyida «Atalanta» futbolchining narxini bir hafta ichida 40 dan 50 million yevroga oshirdi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, uning narxi 35 mln. Biroq, Bergamo jamoasi ko‘proq summa so‘rashi oldindan aniq edi. Chunki bu yoshdagi futbolchilarning potensiali yuqori baholanadi.
Talab yuqori bo‘lgan pozisiya
Bugungi kunda, amaliyot shuni ko‘rsatib turibdiki, katta klublar bu pozisiyada yaxshi o‘yin ko‘rsatadigan futbolchiga kattaroq narx taklif qilishyapti. APL misolida qaraydigan bo‘lsak, «Arsenal» Ben Uaytni «Brayton»dan 58,5 million yevroga sotib oldi, garchi u birgina mavsumda porlagan bo‘lsa ham. «Liverpul» esa «Leypsig»dan Ibrohim Konateni sotib olish uchun 40 million yevro sarfladi.
Premyer liganing eng qimmat ichki transferlari reytingida ikkinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni markaziy himoyachilar egallaydi. Ular Harri Maguayr («Lester»dan «Manchester Yunayted»ga 87 million yevro) va Virjil van Deyk ( «Sautgempton»dan «Liverpul»ga 85 mln yevroga).
Angliyada bu pozisiyadagi futbolchilar taxminan besh yil oldin qimmatlasha boshladi. Besh yil oldin 2002 yildan beri saqlanib kelgan transfer narxi rekordi o‘zgardi. 2002 yilda «Manchester Yunayted» 24 yoshli Rio Ferdinandni «Lids»dan 46 million yevroga sotib olib APL rekordini qayd etgandi.2016 yilda esa «Manchester Siti» Jon Stounzni «Everton»dan 56 million yevroga sotib olib ushbu rekordni yangilagandi. O‘shandan beri markaziy himoyachilar transfer bozorining eng talabchan pozisiyadagi futbolchilarga aylandi. Xuddi shu tendensiya doirasida, 2017 yilda «Tottenxem» yosh futbolchi Devinson Sanchesni «Ayaks»dan 42 million yevroga sotib oldi, ammo kolumbiyalik futbolchi o‘z narxini oqlay olmadi va bu yozda «shporlar» futbolchidan qutulish niyatida.
Yangi «yulduz» bo‘lish imkoniyati
Argentinalik futbolchi haqiqatan ham o‘z narxiga arziydigan futbolchi. O‘tgan mavsum oxirida Romero A Seriyaning eng yaxshi himoyachisi deb topildi. Himoyachilarga ko‘p narsa bog‘liq bo‘lgan chempionatda bu juda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. «Atalanta» futbolchisi o‘tgan mavsumda yakkakurashlarda raqiblardan eng ko‘p marotaba to‘pni olib qo‘ygan. Umuman olganda, 23 yoshli argentinalik «Yuventus» va «Inter»ning tajribali vakillarini ortda qoldirdi, shu jumladan o‘tgan yili «shporlar»ning asosiy transfer maqsadi bo‘lgan Milan Shkrinyarni ham.
Romero xalqaro miqyosda ham yaxshi natijalarga erishdi. Iyul oyida Kristian Argentina terma jamoasi bilan Janubiy Amerika kubogida qatnashdi va jamoaga 1993 yildan buyon kutilgan g‘alabani taqdim etdi. Argentinaning turnirdagi eng kuchli chizig‘i ham aynan himoyada bo‘ldi. 7 o‘yinda ular atigi 3 gol o‘tkazib yuborishdi, Romero qatnashgan o‘yinlarda esa umuman gol o‘tkazishmadi. Kristian Amerika Kubogi–2021da asosiy tarkibda uch marta maydonga tushdi, shu jumladan, finalda Braziliyaga qarshi.
Himoyachi yakkakurashlarning 75 foizida g‘alaba qozondi va har bir o‘yinda faqat bitta noaniq pas berdi, bu esa raqiblarga xavfli vaziyat yaratishga imkon bermadi. Natijada Romero hatto musobaqaning ramziy jamoasiga kirdi!
Alderveyreldning vorisi
Kristian Romero sotib olingan yozgi transferlar vaqtida himoya markazini yangilash «Tottenxem» uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Yaqin-yaqingacha «shporlar» Angliya chempionatida eng kuchli himoya chizig‘iga ega jamoalardan biri edi, lekin so‘nggi ikki yil ichida uning oldingi kuchidan asar ham qolmadi.
2015 yildan beri «Tottenxem» himoyasini Alderveyreld va Vertongen juftligi kuchaytirib kelardi. Biroq Chempionlar Ligasi 2018/19 finalidan so‘ng ikkala futbolchining ham formasida pasayish kuzatila boshladi. O‘tgan yozda Vertongen 33 yoshida London klubini tark etdi, endi bo‘lsa 32 yoshli Alderveyreld ham «shporlar» bilan xayrlashdi: birinchisi «Benfika»ga, ikkinchisi «Duhayl»ga ko‘chib o‘tdi. Kristian Romero «Tottenxem»ga Alderveyreldning vorisi sifatida o‘tdi.
Argentinalik klubning nufuzli to‘rtinchi raqamini qabul qilib oldi. Oxirgi olti yil, aynan Tobi ushbu raqamni egasi bo‘lgani futbolchining jiddiy rejalari haqida gapiradi. «Yangi Vertongen» esa «Sevilya» himoyachisi Jyul Kunde bo‘lishi kutilmoqda, lekin unga boshqa da’vogarlar ham yetarlicha. Agar klub fransuz futbolchisini olib kelishni uddalay olmasa, Erik Dayer katta ehtimol bilan Romero bilan tandemda o‘ynaydi.
Argentinalik umidli futbolchi APLga moslashib, yulduz darajasiga chiqa oladimi, yo‘qmi buni faqat vaqt va uning maydondagi harakatlari ko‘rsatadi.
Ruslan Maksimov tayyorladi.