Mana biz kutgan yangi mavsum ham boshlanish arafasida. Yangi mavsum, yangi xaridlar va o‘zgarib borayotgan jamoalar o‘yinlarini kuzatib borish, ham maroqli, ham qiziqarli jarayon sanaladi. Har holda, futbolga bee’tibor bo‘lmagan insonlar uchun bu ayni muddao. Bilasiz, bu yil yozgi transferlar oynasida juda ko‘p katta xaridlar amalga oshirildi. Bular haqida ko‘p gapirdik. Hozir esa o‘sha katta transferlardan va shartnomalardan jabr ko‘rishi kutilayotgan qatlam borasida fikr bildirmoqchiman. Kim bundan jabr ko‘radi? Bunga hozir to‘xtalib o‘tamiz.
Timo Verner ("Chelsi")
"Aristokratlar"da pul ko‘p. Ular xohlagan bir ko‘zga ko‘ringan yulduz futbolchini sotib olishga qodir. O‘tgan yili bu jamoa Pulishich, Ziyesh, Xavers va Verner kabi futbolchilarni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. "Shu bilan bo‘ldi. Ular endi e’tiborini shu futbolchilar bilan yangi jamoa shakllantiradi", deb o‘ylagan edim. Xato qilibman. Bu boyvachcha klub yulduzlarni xarid qilib charchamayapti. Lukaku bu mavsum Londonning ko‘k rangli klubi safiga kelib qo‘shildi yoxud qaytti desak ham xato bo‘lmaydi. Belgiyalik "Chelsi" uchun 112 million yevroga tushdi. Katta summa, ammo bu o‘zini oqlash ehtimoli yuqori. Bungacha uning nuqtasida Verner harakat qilayotgandi. Menimcha, bundan buyog‘iga u asosiy tarkibdan umidini uzaversa ham bo‘ladi. Nemis forvard o‘tgan mavsum biroz sust o‘yin ko‘rsatdi. Shu sababli ham Lukaku hozir bu yerda. Endi katta ehtimol 28 yoshli baquvvat goleador yashil maydonni yondiradi. Timo esa zaxirada o‘ziga kam bo‘lsa ham imkoniyat tegishini kutadi. Balki, ko‘p kutib o‘tirmay yangi jamoa qidirishni boshlar. Boshlab yuborgan bo‘lishi ham mumkin.
Edinson Kavani, Marsyal ("Manchester Yunayted")
"Shaharliklar" Ronalduni o‘z safiga qo‘shib olishni istayotgan bir paytda, "qizil iblislar" uni "ilib ketdi". Shunchaki, Krishtianuni mankunianliklar "Manchester Siti"dan tortib oldi. Agar, u "Siti"na o‘tsa g‘alati ish bo‘lar edi. Chunki, portugaliyalik avval ham Manchesterda to‘p tepgan. Qaysi birida ekanligini yaxshi bilasiz. Shunday ekan, bu o‘ta to‘g‘ri qaror. 36 yoshli forvard bu yerga kelib, 34 yoshli Kavanining o‘rnini va raqamini tortib oldi. Avvaliga Edinson "qizil iblislar"ning rejalarida edi, ammo endi unga ko‘p ham imkoniyat berilmasa kerak. Balki, Krishti qanotda o‘ynar va Marsyalning o‘rnini tortib olar. O‘zi portugaliyalik yulduz kelmasa ham fransuz ancha ishonchsiz o‘yinlar ko‘rsatayotgan edi. Qaysi nuqtada bo‘lishidan qat’iy nazar Ronaldu maydonda. Kavani va Marsyalga kam imkoniyat tegishiga sabab - ularning hujumchi bo‘lgani. Himoyachi bo‘lishganda ham imkoniyat kam bo‘lar edi. Chunki, portugaliyalikning sobiq jamoadoshi Varan ham endi mankunianliklar safida to‘p tepmoqda.
Mauro Ikardi ("PSJ")
Birovlarning xotinini yo‘ldan urish yaxshi emas. Ayni shu sabab Messi Ikardini Argentina terma jamoasi tarkibiga sig‘ishtirmadi. Taqdirmi yo tasodifmi, endi u "PSJ"ga ham katta ehtimol sig‘may qoladi. Hujumda endi katta ehtimol Messi, Neymar va Mbappe o‘ynaydi. Qaysidir sabab bilan ulardan biri maydonga tusha olmasa Di Mariya o‘z o‘rnini kutib o‘tiradi. Ikardi esa "B" plan ham emas. Har holda bu kabi yulduzlar ichida u asosiy tarkib uchun kurashishi o‘ti qiyin, lekin ilojsiz ham emas. Odatda, Neymar ko‘p jarohat oladi va xohlagan o‘yiniga tushib, xohlamaganiga tushmay yuraveradi. Parij klubining erkatoyi aynan u. Messi va Mbappe ayni vaqtda jarohat olgan va mavsum davomida bunday holatlar kuzatilib turishi mumkin. Mauroga imkoniyat beriladi, ammo bu uchlik sog‘ bo‘lgan payt, u zaxira o‘rindig‘ining faol a’zosi bo‘lib qolaveradi.
Xudayqulov KARIM tayyorladi