Biz, siz futbol ixlosmandlari e’tiboriga bir necha oydan buyon Yevropa, xususan Angliyada yetishib chiqayotgan o‘spirin-yosh, ammo iste’dodli futbolchilar haqida hikoya qilib kelayapmiz. Agar esingizda bo‘lsa, bundan bir oy ilgari «Liverpul»ning akademiyasidan chiqqan ajoyib talantli futbolchi, Xarvi Elliot haqida ma’lumot bergan edik. Buni qarangki, ushbu maqola chiqqanidan ko‘p o‘tmay, endigina 18 yoshga kirgan vinger yangi mavsumda Yurgen Klopp jamoasining asosiy tarkibiga kiritildi. Bir necha turdagi super performensidan keyin, «Lids»ga qarshi 4 tur o‘yinida o‘sib kelayotgan nav-niholni jarohatlashdi. Elliot o‘sha mash’um tunda garchand jamoasi g‘alaba qozongan bo‘lsa ham siniq oyoq bilan maydonni tark etdi. Hozir sizga Elliot kabi o‘ziga xos talant egasi bo‘lgan yana bir tineje futbolchi – Kayde Gordon haqida aytib bermoqchimiz.
«Liverpul» 2020 yilning yanvar oyida o‘z tarkibida yo‘qotishlar ko‘payib ketgani uchun bir necha futbolchilarni ijaraga olishga majbur bo‘ldi. Xususan, markaziy himoyachilar Ben Devis hamda Ozan Kabak aynan himoya uchun xarid qilinadi. Ammo o‘sha paytda klubning eng yaxshi qilgan ishi bu «Derbi Kaunti»dan 16 yoshli Kayde Gordonni keltirilishi bo‘lgandi. Chempionship vakili bosh murabbiyi Ueyn Runi tomonidan «fantastik» deb ta’rif berilgan Gordon 3 million funtga sotib olingan. Hech qaysi klub o‘z kelajagini pullashni istamaydi, albatta. Ammo o‘sha paytdagi «Derbi»ning moliyaviy ahvoli, Gordonni sotishga majbur qilgandi. Yosh bo‘lishiga qaramay, Runi mehrini qozona olgan Gordon, 2020 yilning boshrog‘ida «Derbi» klubining asosiy tarkibiga jalb qilingandi. O‘sha yili u klub akademiyasining eng yaxshi yil o‘yinchisi nomiga sazovar bo‘ladi. Gordon 16 yoshu 84 kunligida «Birmingem»ga qarshi bahsda ilk marta professional futbolchi sifatida asosiy tarkibda maydonga tushiriladi.
Runi Gordonning ijobiy sifatlarini ko‘rib, uni o‘sishi uchun imkoniyat berishga harakat qildi. U ilk mashg‘ulotidayoq Ueynning e’tiboriga tushgandi. Gordon barcha hujumchilar kabi universal tanlov hisoblanadi. Asosan o‘ng qanot vingeri vazifasini bajaradi. Uning chapaqayligi to‘pni jarima maydonchasiga nisbatan keskin uzatish imkoniyatini beradi. Hujumchi 18 yoshgacha bo‘lgan o‘yinchilardan tuzilgan «Derbi» jamoasida «Blekbern»ga qarshi ilk marta xet-trik qayd etgan edi. Dribling mahorati yuqori darajadaligi sabab, Gordon himoyachilarga maksimal darajada qiyinchilik tug‘dira oladi. Qolaversa, uning tezligi yaxshi va qochib ketish bo‘yicha tengqurlari ichida yaxshi natijaga ega. U allaqachon maydonda o‘zini tutish ko‘nikmalarini o‘zlashtirib olgan. Undagi sovuqqonlik hamda hal qiluvchi vaziyatlarda muhim uzatmalar bera olish mahorati, o‘yinchining futbol ongi yuksakligidan dalolat beradi. Gordonning jismoniy formasi joyida ekanidan kelib chiqsak, u nima uchun yuqori baholangan ekanini bilib olishimiz mumkin. U ayrim manbalarda Angliyadagi «16 yoshlilar orasida eng yaxshi o‘yinchi» bo‘lishga ulgurgan. Futbolchi «uch sherlar»ning o‘smirlar terma jamoasi safiga kiritilgan.
16 yoshgacha futbolchilar terma jamoasi safida gol urgach, «Liverpul»ga jo‘nab ketgan Gordonning o‘yinlari uni mamlakat terma jamoasining kattaroq toifasiga kiritilishiga yordam berishi mumkin. 16 yoshli strayker mersisaydliklar asosiy tarkibidagi debyutini ko‘p kutmadi. U kecha liga kubogining 3-raundidan o‘rin olgan «Norvich»ga qarshi uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushirildi. Gordon tarkibda Takumi Minamino hamda Divok Origi bilan birga hujum chizig‘idan joy oldi. «Qizillar» tarkibida 3-0 hisobidagi yirik g‘alabaga hissa qo‘shganlardan Jo Gomez, Nabi Keyta, Chembrlen va Ibrahima Konate singari mashhur nomlar ham bor edi.
Xullas, «Liverpul» hamda klub menejeri Yurgen Klopp yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni kashf etishda istalgan jamoaga o‘rnak bo‘la oladi. Tez orada, Gordon nomi nafaqat klub muxlislari, balki futbol ommasi orasida ham mashhur bo‘lib ketsa, ajab emas. Yana kim biladi deysiz...
ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi