Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

APL g‘olibligi uchun kurash avjiga chiqadi… yoxud Tuxel Gvardioladan ustunmi?

APL g‘olibligi uchun kurash avjiga chiqadi… yoxud Tuxel Gvardioladan ustunmi?

Baho:
+ | -

O‘tgan mavsumda Tomas Tuxelning "Chelsi"si Xosep Gvardiolaning boshqaruvidagi "Manchester Siti"ni ketma-ket uch marta mag‘lub etgan tarixdagi ikkinchi jamoa bo‘ldi. Ikki murabbiy o‘rtasidagi raqobat Premyer-liga chempionligi uchun kurashni yangi bosqichga olib chiqadimi?

Angliya Premyer-ligasi tarixi har doim buyuk murabbiylar duellariga boy bo‘lgan. Uzoq muddatli qarama-qarshiliklar ketma-ket futbol davrlarining asosiy veqeligiga aylangan edi. To‘qsoninchi yillarning oxiridan 2000-yillarning boshigacha, masalan, Fergyuson-Venger raqobati muhlislar diqqati markazida edi: "Manchester Yunayted" va "Arsenal" o‘rtasidagi raqobat Premyer-liga tarixidagi eng yorqini hisoblanardi. Birozdan so‘ng, Mourinyo va uning "Chelsi"si fransuz hamkasbining o‘rnini egallab, Fergyuson bilan duelga kirishdi va portugaliyalikning ketishi bilan Fergyuson tumanli Albionda yakka yetakchilikni qo‘lga oldi.

Turnirda Fergyusonning iste’fosi bilan boshlangan o‘ziga xos notinchlik davri Xosep Gvardiolaning kelishi bilan tugadi: "Manchester Siti" hamon ingliz futbolida yetakchi kuch hisoblanadi. So‘nggi bir necha yil ichida "shaharliklar"ning to‘laqonli gegemonlik huquqiga Yurgen Klopp boshchiligidagi "Liverpul" muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatdi. Aynan u 2018-yilda tarixiy rekord o‘rnatdi va Gvardiolaning "Siti"sini  uch oy davomida ketma-ket uch marotaba mag‘lub etgandi: 4:3 yanvarda (Premyer-liga), 3:0 va 2:1 — aprelda (Chempionlar ligasi chorak finali). O‘shandan to hozirgi kungacha ispaniyalik va germaniyalik murabbiylar o‘rtasidagi qarama-qarshilik Angliyadagi eng qizig‘i bo‘lib qolmoqda. Gvardiola-Klopp bannerlari Premyer-ligada ikki tomonlama hokimiyatning yangi davrini boshlab berdi.

Biroq yaqinda "Chelsi" va uning yangi murabbiyi bu duelga aralashishga intilmoqda. Gvardiolaga o‘tgan mavsum o‘rtalarida London klubi boshqaruvini qo‘lga olgan Tomas Tuxel raqiblik qilmoqda. "Stemford Bridj"da tezda o‘rnini topgan nemis murabbiyi "Liverpul" klubidagi hamyurtining rekordini takrorlashga muvaffaq bo‘ldi va qaysidir ma’noda undan ham o‘zib ketdi. Bahorda "Chelsi" tarixda Gvardiola qo‘l ostidagi "Manchester Siti"ni ketma-ket uch marta mag‘lubiyatga uchratgan ikkinchi jamoa bo‘ldi. E’tiborga molik jihati shundaki, Tuxelga bu ko‘rsatkich uchun bir yarim oy kifoya qilgandi.

Gvardiola mutaxassisi
"Aristokratlar" “shaharliklar”dan ustunligini uch xil turnirda ko‘rsatishdi: avvaliga Angliya kubogida (1:0), keyin Premyer-ligada (2:1) va nihoyat Chempionlar ligasi finalida (1:0). Agar "Liverpul" va Klopp bir vaqtlar "Siti"ni hujumda mag‘lub etib, har o‘yinda o‘rtacha uchta gol urgan bo‘lsa, "Chelsi", aksincha, mukammal himoyani ko‘rsatdi. Uch uchrashuvda londonliklar atigi bitta gol o‘tkazib yuborishdi — Gvardiolaning shogirdlari hujumda qanday ayyor va oldindan aytib bo‘lmaydigan harakat qilishini hisobga olsak, bu “ko‘klar”ga yulduzchali besh qo‘yishga arzigulik natijadir. Shunisi e’tiborga loyiqki, Tuxel Londonga ko‘chishdan oldin Gvardiolani butun faoliyati davomida mag‘lubiyatga uchratmagan, garchi u bilan besh marta uchrashgan bo‘lsa ham. To‘g‘ri, har bir yangi uchrashuvda Tomas Pepni yaxshiroq o‘rganib bordi, bu ularning duellari natijalarining o‘zgarishi bilan ham seziladi. Ispaniyalik va Tuxelning dastlabki ikki duelida germaniyalik kamtarin "Mayns" klubi murabbiyi edi, Gvardiola esa "Bavariya” boshqaruvida bo‘lgan. Buning ajablanarli joyi yo‘q, myunxenliklar mavsumda ikki uchrashuvda ham raqibdan ustun kelgan (4:1, 2:0).

Ammo, ikki mutaxassisning resurslari tenglashganda, vaziyat boshqacha bo‘lib chiqdi. Bir paytlar "Borussiya" murabbiyi bo‘lgan Tuxelb, asosiy vaqtda "Bavariya"ga uchta o‘yinda bir marta yutqazdi. Tuxel Dortmundda Gvardiola qo‘l ostidagi “Bavariya”ga qarshi ilk o‘yinida alamli tarzda mag‘lubiyatga uchragan (2015 yil oktyabr oyida 1:5). Keyingi ikkita o‘yinda “asalarilar" myunxenliklar bilan to‘qnashuvda golsiz durangga erishdi, lekin ikkinchi uchrashuv natijasi penaltilar seriyasida hal qilindi: "Borussiya" Germaniya kubogi finalida "Bavariya"ga futbol lotereyasida mag‘lub bo‘lgan.

Tuxel, agar u Gvardiolaga qarshi o‘yinlarda qatnashmaganda, unda bunday taktik ko‘nikmalar mavjud bo‘lmasdi. "Bavariya" hujumini neytralizasiya qilish, Pep qo‘l ostida har bir o‘yinda o‘rtacha 2,5 tadan gol uradigan jamoani to‘xtatish to‘g‘risidagi o‘ylar tufayli ham Tuxel yetuklikka erisha oldi. Tan olish kerakki, Tuxelda Gvardiola qo‘li ostidagidek tarkib hech qachon bo‘lmagan edi. Masalan, “Borussiya" ning tarkibi "Bavariya" jamoasining yarmiga to‘g‘ri keladi: solishtirish uchun 312 million yevro 608 million yevro.

Ko‘rib turganimizdek, raqib hujumini zararsizlantirish qobiliyati Tomasga "Siti" bilan bo‘lgan janglarda haligacha yordam beradi, garchi o‘yin uslubi nuqtai nazaridan hozirgi "Chelsi" eski va dogmatik "Borussiya"dan tubdan farq qiladi. Tuxelning yangi jamoasining asosiy xususiyatlari - moslashuvchanlik va pragmatizm. "Ko‘klar" murabbiyi o‘yinga namunali tayyorgarlik ko‘radi, raqibning taktikasini yodlab oladi va boshqalarning kuchli tomonlariga qarshi turish uchun o‘z tarkibining eng yaxshi konfigurasiyasini topadi. Bu esa "Chelsi" ning Chempionlar Ligasi finalidagi muvaffaqiyatini ta’minlab bergan. ”Shaharliklar” finalda fovorit sifatida qayd etilgandi, ko‘pchilik “Chelsi”ga yetarli baho bermadi. Natijada, londonliklar tajribasiz bo‘lishiga qaramay, intellektual jihatdan “Manchester Siti”dan ustun kelishdi. Birinchi bo‘limda "Chelsi" raqibining oldindan hisoblab chiqqan xatosidan so‘ng, yagona golini urdi, ikkinchi bo‘limda esa "Siti"ning hujumini shunchaki o‘chirib qo‘ydi.

Amaliyot shuni ko‘rsatdiki, hozirda Tuxel va Gvardiolaning resurslari deyarli bir xil bo‘lsa (o‘yinchilarning narxidagi farq atigi 16%), Tomas nafaqat raqibini zararsizlantirishi, balki real natijalarga erishishi ham mumkin. Yangi mavsumda "Chelsi"ning imkoniyatlari Romelu Lukakuni sotib olishi tufayli ortdi, bu esa jamoaga hujumkor rang-baranglikni qo‘shdi. Barcha turnirlardagi sakkizta uchrashuvda "ko‘klar" yetti marta g‘alaba qozonishgan va hech qaysi o‘yinda bittadan ortiq gol o‘tkazib yuborishmagan. Bu ko‘rsatkichlar bilan londonliklar 25-sentyabrdagi o‘yinda Pepni yana xafa qilishlari mumkin.

Buyuklik yo‘lida
Oxirgi Chempionlar ligasidagi g‘alaba Tomas Tuxel uchun buyuklik sari jiddiy qadamdir. Bir vaqtlar Yurgen Klopp xuddi shunday yutuq bilan sovrinlar uchun jiddiy kurashni boshlagan edi: yevrokuboklarda zafar quchganidan keyingi yili, "Liverpul" nihoyat "Siti"dan mamlakat chempioni unvonini tortib olgandi. Xuddi shu maqsad hozirda "Chelsi"ning oldida turibdi. Besh turdan so‘ng jamoa APL turnir jadvalida birinchi o‘rinda bormoqda.

"Manchester Siti" esa raqobatchilaridan biroz ortda - "Tottenxem"ga qarshi Premyer-liga startidagi bahsda "shaharliklar" uch ochko yo‘qotgan. Gvardiola uchun Premyer-liganing oltinchi turida Tuxel bilan bo‘ladigan navbatdagi jangning turnir jadvalidagi ahamiyati yaqqol ko‘rinib turibdi: londonliklarni oldinga qo‘yib yubormaslik Pep uchun juda muhim. Ushbu o‘yinning natijasi yakunda ko‘p narsalarni hal qilsa ajabmas.

Mirjalol Pardaboyev tarjimasi.

Kiritildi: 06:38, 25.09.2021.
O'qildi: 4080 marta.
Fikrlar: 15 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.