Kirish Ro'yxatdan o'tish
14/05 00:00 Aston Villa 3-3 Liverpul
14/05 00:00 Barselona 2-0 Real Sosyedad
14/05 19:00 Lokomotiv 0-2 OKMK
14/05 22:30 Osasuna 1-1 Malyorka
15/05 00:00 Tottenhem 0-2 Manchester Siti
15/05 00:30 Real Madrid 5-0 Alaves
15/05 01:00 Jirona 0-1 Vilyarreal
15/05 22:30 Sevilya - Kadis
15/05 22:30 Rayo Valyekano - Granada
15/05 23:45 Brayton - Chelsi
16/05 00:00 Man. Yunayted - Nyukasl
16/05 00:00 Reyms - Marsel
16/05 00:00 Nissa - PSJ
16/05 01:00 Selta - Atletik Bilbao
16/05 01:00 Xetafe - Atletiko
16/05 22:30 Las-Palmas - Betis

Nigoh: Qayerda legionerlar ko‘proq?

Nigoh: Qayerda legionerlar ko‘proq?

Baho:
+ | -
Bo'lim: YEVROPA
Rukn: Yangiliklar

Har yili o‘tkaziladigan yozgi va qishki transferlar bilan tanishgan muxlislarni suyukli klublari qaysi legioner bilan o‘z tarkibini kuchaytirib olgani qiziqtirishi tabiiy. Shuningdek, ularning ko‘pchiligini top-chempionatlar, deylik, APL jamoalaridagi o‘zgarishlar ham befarq qoldirmasligi aniq. Shuni inobatga olgan Football-Style tumanli o‘lkadan tashqari, Yevropaning boshqa chempionatlaridagi transferlar statistikasi bilan tanishib chiqdi. Sizga tushunarli bo‘lishi uchun Gresiya Superligasiga oid ma’lumotni misol tariqasida havola etamiz. Bu liga vakillarining 51,1 foizi xorijlik futbolchilar. Legionerlarning Gresiyadagi eng ko‘p vakillari - ispanlar (12,9 foiz yoki 30 nafar). Xullas, boshladik.

APL (Fransiya - 9,8 foiz)

Bu raqam hech kimni ajablantirmaydi, axir fransuzlarda noyob iqtidorlar davri kelgan. Iqtidorli futbolchilar esa, tabiiyki, dunyoning eng kuchli ligasida to‘p surishni istaydilar. Anchadan beri shunday maqomda kelayotgan APL yaqin kelajakda yetakchilikni boy bermasa kerak.

Top-klublar tarkibiga nazar tashlasak, ularda albatta Fransiya vakillari borligini ko‘ramiz. «MYU»da Varan va Pogba, YECHLning amaldagi g‘olibida Kante va Sarr, «Lester»da o‘tgan mavsumning eng ishonchli himoyachilaridan biri Uesli Fofana va Fransiya chempioni Bubakari Sumarelar to‘p surishmoqda. Gvardiolaning «Siti»sida o‘ynagan Benjamen Mendi ayrim sabablarga ko‘ra futboldan chetlatilgan.

So‘nggi transfer darchasida amalga oshirilgan eng qimmat 25ta kelishuvning 5tasi fransiyaliklarga tegishli, ularning eng qimmati Rafael Varan - 70 mln. yevro.

La Liga (Argentina - 13,3 foiz)

Bu ko‘rsatkichni ham mantiqiy javob orqali izohlash mumkin. Azaldan ispanlar Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan yaqin aloqadalar, qit’aning ko‘p davlatlari ispan tilidan rasmiy yoki asosiy tillardan biri sifatida foydalanadilar. Legionerlar soni bo‘yicha Argentinadan keyingi o‘rinlarni Fransiya, Braziliya, Urugvay va Portugaliya band etgan. Argentinaliklarning eng yorqin vakili Lionel Messi edi. Endi navbat uzoq vaqt «Udineze» yetakchisi bo‘lgan «Atletiko» debyutanti Rodrigo De Paulga keldi. 40 mln. yevroga baholangan xavbek vatandoshlari o‘rtasida eng qimmat futbolchi.

Simeone shogirdlarining shohsupaga ko‘tarilishiga sezilarli hissa qo‘shgan Anxel Korrea hamkorlikni davom ettirmoqda. Yozgi darchada «Tottenxem» vakili Erik Lamela ham La Ligaga ko‘chib o‘tdi. Shuningdek, ikki yil avval «Sevilya»ning bebaho javohiri bo‘lgan Lukas Okamposni ham unutganimiz yo‘q. Umuman olganda, Pireney vakillari argentinalik o‘yinchilar uchun 76,3 mln. sarfladilar.

«A» seriya (Braziliya - 7,9 foiz)

Italiyada Janubiy Amerikaning boshqa millati yetakchilik qilmoqda. Taajjubki, bu ustunlikning ham ishonchli asosi bor. Braziliya aholisining 15 foizi (taxminan 32 mln. kishi) o‘zining italiyaliklar avlodi ekanligini yashirmaydi. Shu tariqa «karnaval va seriallar» saltanati kelib chiqishi italiyalik bo‘lgan kishilar soni bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Birgina San-Pauluning o‘zida 6 mln.ga yaqin italiyalik istiqomat qilmoqda.

Hozirda dunyoning yetakchi pleymeykerlaridan biri bo‘lgan Jorjinyo ham Braziliyadagi italiyaliklar sulolasidan. U Neapoldagi yorqin o‘yini evaziga shuhrat qozondi. «A» seriya jamoalarida hozir juda ko‘p braziliyalik legionerlarni uchratish mumkin:

Artur, Aleks Sandro, Danilo kabi taniqli o‘yinchilar «Yuventus»da, Luis Felipe «Lasio»da, Rojer Ibanyes «Roma»da to‘p surishmoqda. Yozda «Sassuolo» «Gremio»dan Mateus Enrikeni sotib oldi. Eng qimmat bahodagi braziliyalik (40 mln. yevro) maqomi esa «Barselona»ning sobiq yarim himoyachisi Arturda.

Bundesliga (Fransiya - 12,4 foiz)

Nemis klublari ko‘pincha yosh iqtidorlar uchun chinakam tramplin vazifasini ado etadilar. Yulduz maqomiga ko‘tarilib olgan fransiyalik futbolchining Germaniyaga kelishi - juda kam kuzatiladigan voqea. Faqat «Bavariya» bundan mustasno, albatta. «Volfsburg» safiga qo‘shilgan 31 yoshli Joshua Gilavogi fransiyalik legionerlar oqsoqoli. U bundan 5 yil avval «Atletiko»dan «bo‘rilar» tarkibiga o‘tgandi.

Qolgan fransuzlarning barchasi yosh iqtidorlar. 21 yoshli Maksans Lakrua ham «Volfsburg»da, «Bavariya» iqtidorli Dayo Upamekanoni «Leypsig»dan tortib olib, «buqalar»ni «Strasbur» vakili Muhammad Simakanni taklif etishga majbur qildi. Bu yigitlar hali 23ga ham chiqishmagan. Ular orasida 25 yoshli Kingsli Koman yuksak saviyasi bilan ajralib turadi. Nemis portali uni 65 mln. yevroga baholamoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Upamekano (60 mln.) va Lyuka Ernandeslar (45 mln.) band etishgan. Myunxen tash­qarisidagi fransuzlar orasida 43 mln.li Kristofer Nkunku peshqadam.

Liga 1 (Senegal - 8 foiz)

O‘ylashimizcha, bu yerda muhokamaga o‘rin yo‘q. Agar fransiyalik skautlar va maktablar bo‘lmaganida, futbol olami afrikalik afsungarlarning kattagina qismi mahoratidan bebahra qolgan bo‘lardi. Bundan tashqari, juda ko‘p senegalliklar Fransiya fuqaroligini ham qabul qilishgan. Lekin Desham jamoasidagi raqobat o‘ta yuqori bo‘lgani bois, terma jamoa miqyosida tarixiy vatanlari sharafini himoya qilishga majburlar. Bunga misol tariqasida Senegal termasining Liga 1dagi eng qimmat vakili bo‘lmish Abdu Dialloni ko‘rsatish mumkin. Bu yigit Fransiyaning 16dan 21 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalarida to‘p surgan bo‘lsada, asosiy terma jamoadan joy ololmadi. Shu sababli, 2021 yilning martida futboldagi fuqaroligini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.

Albatta, xuddi Germaniyadagi fransuzlar kabi, Fransiya senegallik futbolchilar uchun professional maydondagi ilk qadam maqomida qolmoqda. Shu bois, Liga 1da nomdor o‘yinchilar yo‘q. To‘g‘ri, Belgiyada o‘zini ko‘rsata olgan «Monako» o‘yinchisi Krepin Diatt, qachonlardir «Lasio» safida «A» seriyani yondirgan klubdoshi Keyta Balde va «PSJ»da ulkan hajmdagi «qora ishlar»ni bajarayotgan Idrissa Guyelar bundan mustasno, albatta.

BWIN ligasi (Braziliya - 43,1 foiz)

Portugaliya - Yevropa Braziliyasi. U yerdagi legionerlarning 40 foizdan ko‘prog‘i bitta mamlakat vakillari! Buning sababi shuki, braziliyalik futbol magistrlarining aksariyati ingliz tilini bilmaydilar. Bir xil tilda so‘zlashadigan Portugaliya esa Yevropa futboliga moslashish uchun eng qulay maskan.

2ta jamoa, aniqrog‘i, «Jil Visente» va «Portimonense»ning o‘zida naq 13 nafar braziliyalik to‘p surmoqda. Pele vatandoshlari eng oz bo‘lgan jamoa - «Boavishta»da 3 nafar. Eng qimmatbaho legioner - «Portu» vakili Otavio (24 mln. yevro) «ajdaholar uyasi»da uzoq ushlanib qoldi. U 26 yoshda.

Kopa Amerika-2019ning eng yaxshi yosh o‘yinchisi bo‘lmish Everton ham, o‘tgan mavsumni «Tottenxem»da o‘tkazgan Karlos Vinisius, «Braga»lik noyob iqtidor sohibi Lukas Piazon va «Spartak»ni ranjitgan Jilberto Morayes ham Portugaliyada.

RPL (Xorvatiya - 9,4 foiz)

Jafokash limit tufayli «suyukli» chempionat maqomiga tushib qolgan RPLda legionerlar juda oz - 32,2 foiz. Shu sababli, undagi 9,4 foizning zalvori Angliyadagi 9,8dan og‘irroq. Rossiya bilan Bolqon mamlakatlari o‘rtasidagi bozor munosabatlari yaxshi shakllangan, skautlar u yerdan ko‘plab iqtidor sohiblarini olib kelishgan. Masalan, Olich SSKAda, Chorluka «Lokomotiv»da, Pletikosa «Spartak» va «Rostov»da muxlislar yoqimtoyiga aylanishgandi.

Shu yilning 31 avgustida «Vest Xem»ga o‘tguniga qadar Nikola Vlashich «shaxmat liboslilar»ning Rossiyadagi eng yaxshi futbolchisi edi. Mahorat bobida u nafaqat «armiyachilar», balki ligada tengsiz bo‘lgan. Transfermarkt bu vingerni 30 mln. yevroga baholagani bejiz emas.

O‘tgan yilning yozida o‘zini sayyoramizning eng yaxshi himoyachisi deb biladigan Deyan Lovren Sankt-Peterburgga bordi, «Bayer»ning sobiq himoyachisi Tin Yedvay «Loko» safini to‘ldirdi. Mana 3 yildirki, Filipp Uremovich «Rubin»da, Nikola Moro «Dinamo»da to‘p surishmoqda.

JAHONGIR tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 13:00, 16.10.2021.
O'qildi: 1689 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.