O‘tgan yozgi transfer oynasi so‘nggi yillardagi eng qiziqarlisi bo‘ldi. Lionel Messi «Barselona»ni tark etdi va Krishtianu Ronaldu kutilmaganda «Manchester Yunayted»ga qaytdi. Ammo keyingi yoz ham xuddi shunday qiziqarli bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Keyin transfer oynasining asosiy qahramonlari katta ehtimol bilan «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappe va Dortmundning «Borussiya» klubi yetakchisi Erling Xoland bo‘ladi. Fransuz bilan hamma narsa ozmi-ko‘pmi aniq. U yo parijliklar bilan shartnomani yangilaydi, yoki «Real»ga o‘tadi. Ammo norvegiyalik bilan bog‘liq vaziyat aniq emas.
Holandning «Borussiya» bilan shartnomasi 2024 yilning iyunigacha amal qiladi. Ammo kelasi yozda futbolchining kelishuvida har qanday klub uni 75 million yevroga sotib olishi mumkin bo‘ladi. Sababi, uning shartnomasida shunday bitim bor. Bir tomondan, bu pandemiyadan keyingi davrda munosib miqdor. Boshqa tomondan, bu dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri uchun unchalik ko‘p pul emas. 21 yoshli hujumchi uchun kurash o‘tgan yilning yozida boshlangan. «Asalarilar» jamoada saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishdi, chunki ular norvegiyalik uchun o‘zlari istagan summani so‘rashi mumkin edi. Lekin mavsum oxirida nemis klubi to‘purarini qo‘ldan chiqarish ehtimoli bor. Hozir esa biz sizlar bilan Holand uchun 8 ta da’vogarni ko‘rib chiqamiz.
«Manchester Siti»
Manchester shahrining ko‘k qismidagi klub Holandga asosiy da’vogarlardan biri hisoblanadi. O‘tgan yozda «Siti» «Tottenxem» hujumchisi Xarri Keynni sotib olishga urinib ko‘rdi, ammo bu muvaffaqiyatsiz yakunlandi. «Shaharliklar» kelasi yoz ingliz bilan bog‘liq vaziyatga qaytishi dargumon. Holand ular uchun eng ustuvor nomzod bo‘ladi va bundan tashqari, uning narxi ham arzonroq. Axir, 7 yosh kichik va 25 million yevro arzonroq sifatli hujumchini sotib olsangiz, Keynni 100 million yevroga sotib olishning nima keragi bor? Norvegiyalik uchun ham «Manchester Siti» varianti qiziq bo‘lishi mumkin. Birinchidan, «shaharliklar» uning moliyaviy talablarini qondira oladilar. Ikkinchidan, jamoada faqat bitta markaziy hujumchi bor - Gabriel Jezus. Demak, futbolchiga «Manchester Siti» asosiy tarkibida joy kafolatlangan.
«Manchester Yunayted»
Holand «Borussiya»ga o‘tishdan oldin ham «Manchester Yunayted» bilan bog‘langan edi. Bunga asosiy sabab - «Yunayted» ustozi Ole-Gunnar Sulsher. Uning rahbarligida futbolchi «Molde»da o‘ynagan. Mankunianlarning moliyaviy muammolari bor, lekin ular har doim tarkibni mustahkamlash uchun mablag‘ topishadi. Bundan tashqari, «Old Trafford» egalarini kelasi yozda 2 ta hujumchini - Antoni Marsyal va Edinson Kavani tark etishi mumkin. Shundan so‘ng, «Manchester Yunayted» markaziy hujumida faqat Krishtianu Ronaldu qoladi. «Qizil iblislar» odatda bitta markaziy hujumchi bilan o‘ynaydi. Ammo Holandning kelishi bu borada muammo bo‘lmaydi, chunki portugaliyalik qanot hujumchisi sifatida o‘ynashi mumkin. Mish-mishlarga ko‘ra, «Manchester Yunayted» hali ham norvegiyalikka qiziqish bildirmoqda. Mankunianliklar pul topishsa, Sulsher futbolchi bilan muzokaralarda muhim elementga aylanishi mumkin.
«Chelsi»
Holandni sotib oladigan boshqa ingliz klubi. Transfer cheklovi olib tashlanganidan so‘ng, «Chelsi» qimmat xaridlarni amalga oshirmoqda. O‘tgan yozda «ko‘klar» norvegiyalikka jiddiy qiziqish bildirishgandi, ammo yakunda ular «Inter»dan Romelu Lukakuni ortga qaytarishdi va belgiyalik uchun 115 million yevro to‘lashdi. Shu bilan birga, «aristokratlar»ning «Borussiya» to‘purariga bo‘lgan qiziqishi saqlanib qolmoqda. Timo Vernerning Londondagi kelajagi aniq emas. Britaniyaliklar kelasi yozda nemisni sotish ehtimoli katta. Shundan so‘ng, «Chelsi» jamoasi boshqa hujumchiga joy ajratiladi va klub hisobida sotuvdan tushgan yaxshigina summa bo‘ladi. «Ko‘klar» Vernerni sotsa, Erlingga yana da’vo qilishiga shubha yo‘q. Lukaku bilan norvegiyaliklarning bir qatorda o‘ynashi juda qiziq bo‘lib chiqishi mumkin.
«PSJ»
Fransiya vise-chempionlari top-futbolchilar bilan bog‘liq yangiliklarda har doim paydo bo‘ladi. Kilian Mbappe bilan bog‘liq noaniq vaziyatni hisobga olsak, buning sababi ham bor. «PSJ» futbolchini saqlab qolish uchun bor kuchi bilan harakat qilmoqda. Ammo, agar Kilian baribir «Real»ga ketsa, parijliklar darhol unga munosib o‘rinbosar qidirishni boshlaydilar. Holand – asosiy nomzod. «PSJ» futbolchining ham, uning agenti Mino Rayolaning ham moliyaviy talablarini qondirishiga shubha yo‘q. Yana bir savol - norvegiyalik «Parij»ga borishni xohlaydimi? Mish-mishlarga ko‘ra, Fransiya vise-chempionlari allaqachon hujumchi bilan bog‘lanishgan. Ularning aytishicha, norvegiyalikni parijliklar safiga o‘tish qiziqtirmaydi. Ammo, «PSJ» osonlikcha taslim bo‘lmoqchi emas. Chunki, klub Messini qo‘lga kirita olishdimi, demak Erlingni ham sotib olishi mumkin.
«Real Madrid»
«Real»ning yozdagi asosiy transfer maqsadi - Mbappe. Ammo, agar fransuz «PSJ»da qoladigan bo‘lsa, «qaymoqranglilar» Holand transferiga murojaat qiladi. Ispanlarning puli bor. Sababi, Madrid klubi 2 mavsum davomida yarimhimoyachi Eduardo Kamavinga uchun atigi 31 million yevro sarflashgan, biroq ular muntazam ravishda o‘z futbolchilarini sotishgan. Hatto La Liga prezidenti Xavyer Tebas ham «qirollik klubi» koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqirozga qanchalik sabr-bardosh berganiga qoyil qoladi. Karim Benzema hozirda yaxshi formada, lekin fransiyalik hujumchining yoshi sabab, bu uzoqqa cho‘zilmasligi mumkin. Mariano Dias va Luka Yovich - madridliklar ishonadigan futbolchilar emas. «Qirollik klubi» Eden Azar xaridi uzoq vaqtdan beri, klubning eng katta shartnomasi bo‘lib qolmoqda, lekin kelasi yoz ular transfer «bomba»sini amalga oshirishi mumkin. Chunki, vaziyat shunga qarab ketmoqda.
«Barselona»
Sir emaski, «Barselona» moliyaviy ahvoli yomon. Ammo, brend tufayli kataloniyaliklar xususiy kompaniyalar uchun jozibali bo‘lib ko‘rinmoqda. Ispan matbuoti xabariga ko‘ra, bir nechta sarmoyaviy fondlar Holand bilan shartnoma imzolashda «ko‘k-anorranglilar»ga yordamini taklif qilishgan. Kataloniyaliklar haqiqatan ham norvegiyalikni qo‘lga kiritishni istashadi, chunki Serxio Aguero, Martin Breytveyt va Lyuk de Yong uzoq muddat jamoada qoladigan futbolchilar emas. Ammo, kataloniyaliklar futbolchining maoshini to‘lashi kerak bo‘ladi, bu yiliga kamida 10 million yevronitashkil qiladi. «Barselona» hozirda yosh va sifatli hujumchi bilan shartnoma imzolash imkoniyatiga ega - bu esa ularga kerak. Kataloniyaliklar tavakkal qilishga haqli, sababi bu masalani kechiktirish ularga qimmatga tushishi mumkin.
«Liverpul»
Britaniya matbuoti xabariga ko‘ra, mersisaydliklar Holand bilan shartnoma imzolash variantini ko‘rib chiqmoqda. Bu ko‘p jihatdan Muhammad Saloh bilan bo‘lgan vaziyatga bog‘liq bo‘ladi. «Liverpul» futbolchini saqlab qolmoqchi, ammo buning uchun klub Muhammad katta maosh talab qilmoqda. Agar, misrlik kelasi yil yozda «qizillar»ni tark etsa, uning sotuvidan tushgan pulni «Borussiya» hujumchisiga sarflanishi mumkin bo‘ladi. Ammo «Fir’avn» sotilmasa ham, hammasi hal bo‘lishi mumkin. Mersisaydliklar oxirgi paytlarda ortiqcha mablag‘ sarflamayapti. Qolaversa, jamoani hujumchilar Roberto Firmino va Divok Origi kabi futbolchilar tark etishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, «qizillar» yangi hujumchiga muhtoj bo‘ladi. Bu esa norvegiyalik transferini amalga oshirishga turtki bo‘lishshi mumkin.
«Bavariya»
«Bavariya» sport direktori Hasan Solihamidjichning yaqinda bergan intervyusida «rekordlar ustasi» Holandni kuzatayotganini tasdiqladi. Myunxen klubining transfer strategiyasini hisobga olgan holda, buning aksini aytish ahmoqlik bo‘lardi. Hozircha, norvegiyalik bitta chempionat doirasida klub registrasiyasini o‘zgartirishini tasavvur qilish qiyin. Hatto «Bavariya» boshqaruvining sobiq rahbari Karl-Xayns Rummenigge ham «Borussiya»dan ketganidan keyin Erlingni Germaniyada qolishi mumkin emasligini tan oldi. Ammo futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin va Myunxen klubida yaxshi o‘yinchi uchun pul doimo bo‘ladi. «Nemis mashinasi» agar Robert Levandovski optimal holatda bo‘lsa ham, Holandga tarkibdan joy topadi. Ammo, ushbu transfer amalga oshish ehtimoli past. Chunki, Erling boshqa chempionatga o‘tmoqchiligini ta’kidlagan. Biroq, myunxenliklar Dortmund klubidan ko‘p marta futbolchi xarid qilgan. Bu esa ko‘p narsani anglatadi.
Jamshidjon Mahmudov tarjimasi.