Raqobat deganda ingliz futbolida uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan "MYU" hamda "Liverpul" qarama-qarshiligi yodimizga keladi. Yillar davomida bu kurash futbol dunyosini larzaga keltirdi. Uning tarixiy, mintaqaviy g‘urur va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyat kasb etishi ham, aslida shundan. Oxirgi yillarda har ikki tomon faqat maydondagi raqobatga urg‘u bera boshladi. Bunda esa jamoa harakatining asosini yarim himoya tashkil etadi. Bugungi kunda jamoalarning bu pozisiyasida asosiy futbolchilar sifatida Pol Pogba va Fabinyo ye’tirof etiladi. Biz bugun ushbu futbolchilarni ularning natijalari asosida solishtirib ko‘ramiz.
Gollar va uzatmalar
Bu borada Pol Pogbani g‘olib deb e’lon qilib qo‘yaqolamiz. Negaki, fransuz o‘g‘loni o‘z faoliyati davomida gollar urish bo‘yicha hayratlanarli barqarorlik ko‘rsata olgan. Vaqtida Pogba o‘z klubining penalti tepadigan o‘yinchisi edi. Uning bu boradagi rekordi tahsinga sazovardir. Polning texnikasi va zarba berish qobiliyati, uni har qanday vaziyatni o‘zi yakunlashiga imkon beradi. Qolaversa, u jamoasidagi eng kreativ futbolchilardan biri. Buni mavsumning birinchi o‘yinida, "Lids"ga qarshi 4 ta assist muallifiga aylanganidan bilsak ham bo‘ladi.
Bu borada Fabinyoning ko‘rsatkichlari unchalik ham zo‘r emasdir. Ammo uning boshqa kuchli taraflari mavjud.
To‘p bilan muomala
Pogba to‘p bilan oyoqlari orqali xavf tug‘dirsa, Fabinyo unga egalik borasida juda ham ilg‘or. Braziliyalikning nafaqat to‘pni o‘zi bilan olib yurishi, balki unga nisbatan harakati ham juda kuchli. Ushbu ikkita jihat Fabinyoni maydon markazida haqiqiy muvozanat manbayiga aylantiradi. Masalan, 2019-20 yilgi mavsumda Fabinyo bu borada APLdagi eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etgandi. Pogbaning himoyaviy ishini hisobga olgan taqdirda ham, unda barqarorlik mavjud emas. Shu sabab, bu jihatda Fabinyo g‘olib chiqadi.
Sovrinlar yutish
Har ikki futbolchi ham katta sovrinlar egasi. Biroq Pogbada Jahon chempionligi mavjud. Bu esa unga katta ustunlik beradi. Pol ko‘plab sovrinlar qatorida Italiyada to‘rt marta chempionlikni va ikki marta kubokni qo‘lga kiritgan. Qolaversa, yaqindagina Millatlar ligasida ham terma jamoasi bilan g‘olib deb topildi.
Fabinyoning bu boradagi eng katta yutug‘i 2019 yildagi YECHL chempionligidir. U va jamoasi bir yildan keyin APLda ham tengsiz deb topildi. Qo‘shimchasiga, Fabinyo 2017 yilda "Monako" bilan Fransiya chempioni ham bo‘lgan. Umumiy olganda esa baribir Pogba ustun. Uning sovrinlar kabineti ancha to‘ldirilgan va turfa xildir.
APL muvaffaqiyati
Ikki futbolchidan faqat bittasida Angliya chempionligi mavjud. Bu esa Fabinyodir. U bu darajaga osongina erishib qolmagan. Braziliyalik futbolchining Angliyadagi faoliyati nisbatan omadli kechdi. U aynan shu yerda doimiy o‘z pontensialini namoyish eta oldi. Uni "Liverpul"da dunyoning eng yaxshi tayanch yarim himoyachisi sifatida tanidik. U kerak bo‘lganda himoyachi vazifasini ham yaxshi uddalay oladi.
Pogbada esa vaziyat boshqacharoq. Uning "MYU"dagi vaqti past-balandlardan iborat. Pogbaga nisbatan yaxshiroq o‘yin ko‘rsata oladi degan his hammada bo‘ladi. Ammo baribir Fransiya termasidagi kabi yorqin bo‘lishni klubda eplay olmayapti. Boz ustiga, Pogba hali ingliz futbolida chempionlikka erishmadi. Shunday ekan, bu borada shaksiz Fabinyo yaxshiroq.
Umuman olganda har ikki futbolchining o‘ziga yarasha ustunlik va kamchiliklari mavjud. Biz bugun ularning bir nechtasigagina murojaat qildik, xolos.
ingliz tilidan Jaloliddin ISMATOV tarjimasi