Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

2018 yilda Osiyo chempioni bo‘lgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi. Ular hozir qayerda?

2018 yilda Osiyo chempioni bo‘lgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi. Ular hozir qayerda?

Baho:
+-1 | -

Joriy yilning 27 oktyabrdan 2 noyabrga qadar yurtimiz maydonlarida U-23 Osiyo kubogi saralash bosqichi «D» guruhidan o‘rin olgan o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan «Stadion.uz» nashri 2018 yilgi Xitoy maydonlarida bo‘lgan U-23 chempionatida oltin medallarning qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasini yodga oladi. Ushbu musobaqada to‘p tepgan qahramonlarimiz hozir qayerda, hozir shu haqida biroz fikr yuritamiz.

 

2018 yilda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi 3-Osiyo chempionati Xitoy Xalq Respublikasidagi 4ta stadionda o‘tkazildi. Jami 16ta terma jamoa qatnashgan musobaqa 9 yanvardan 27 yanvargacha bo‘lib o‘tdi.

Chempionatning «A» guruhidan joy olgan vakillarimizga mezbon Xitoy, Qatar va Ummon terma jamoalari raqiblik qilishdi. Dastlabki turda qatarlik tengdoshlariga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan olimpiyachilarimiz 2 va 3-turda Xitoy va Ummon U-23 jamoasini xuddi shu hisobda mag‘lub etib, 2-o‘rin bilan pley-off masalasini hal qildi.

Chorak finalda terma jamoamizga musobaqa favoriti deb ko‘rsatilgan Yaponiya olimpiyachilari raqiblik qilishdi. Ushbu bahsda o‘z o‘yinini har tomonlama namoyish etgan Ravshan Haydarov shogirdlari «samuraylar yurti» vakillari ustidan 4:0 hisobida ustun kelishdi.

Yarim finalda O‘zbekiston terma jamoasining turli yoshlardagi eng asosiy raqibi hisoblangan Koreya terma jamoasi yoshlariga qarshi maydonga tushgan vakillarimiz 4:1 hisobidagi g‘alabani tantana qilishdi. Asosiy vaqtda 1:1 hisobida yakunlangan bellashuvning qo‘shimcha daqiqalarida Haydarov shogirdlari naq 3ta gol urib, final yo‘llanmasiga ega chiqishdi.

Finalda bizga Vyetnam olimpiyachilari raqiblik qiladigan bo‘ldi. O‘sha «qorli final» deya muxlislar yodida qolgan uchrashuvda jamoamiz irodali g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Asosiy daqiqalari 1:1 hisobida yakunlangan o‘yinning, ikkinchi ekstra-taymi so‘nggi daqiqalarida kiritilgan Sidorovning goli O‘zbekistonga U-23yoshgacha bo‘lgan Osiyo Kubogi oltin medallarini taqdim etdi.

Umuman olganda, ushbu musobaqa o‘zbek futbolchi tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Buning uchun murabbiylar shtabi, futbolchilar va ushbu musobaqada qatnashgan ko‘plab mutaxassislar va muxlislarning mehnati katta.

Hozir esa ushbu musobaqaning asosiy qahramonlari haqida so‘zlashamiz.

Darvozabon

Botirali Ergashev (5ta o‘yin)

Qatarga qarshi 1-turdagi uchrashuvda maydonga tushmagan Botirali, qolgan bahslarning barchasida asosiy tarkibda maydonga tushgan. Umuman olganda, Osiyo chempionatida 5ta o‘yin o‘tkazgan kiper o‘z darvozasidan ikkita to‘p o‘tkazib yuborgan. Yarimfinalda Korea U-23 terma jamoasi vakili Xvang Xyun-Soo va finalda Nguyen Kvang Ergashev qo‘riqlayotgan darvozani aniq nishonga olgan. Shundan keyin «Paxtakor», «Navbahor», «Dinamo», «Qo‘qon-1912» jamoalarida to‘p tepgan. Hozirgi kunda mahoratli posbon Olmaliqning AGMK klubi sharafini himoya qiladi. Lekin, Ergashev olmaliqliklar asosiy tarkib darvozaboni hisoblanmaydi. Superliganing 2021 yilgi mavsumida Botirali bor-yo‘g‘i 7 bahsda maydonga tushgan.

Himoyachilar

Rustamjon Ashurmatov (6ta o‘yin, 1 gol)

Hozirgi kunda Koreyaning «Kangvon» klubi sharafini himoya qilayotgan Rustamjon Xitoydagi musobaqada asosiy tarkib futbolchimiz bo‘lgan. Musobaqadagi barcha 6 uchrashuvda maydonga tushgan himoyachi 1 golni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan. Uning aynan finalda Vyetnam darvozasiga kiritgan to‘pi o‘yindagi hisobni ochuvchi gol hisoblangan. Milliy terma jamoamizning ham asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadigan Ashurmatov o‘sha paytda Toshkentning «Bunyodkor» klubi sharafini himoya qilgan. 2019 yilda esa u «Gvangyu» klubiga o‘tdi. Joriy yil boshida Koreyaning boshqa jamoasi «Kangvon» jamoasi safiga qo‘shildi. Janubiy Koreya K-ligasining joriy mavsumida Ashurmatov 18ta o‘yinda maydonga tushib, 1 gol muallifiga aylangan.

Dostonbek Tursunov (5 o‘yin, 1 gol)

Guruh bosqichi 3-turidagi Ummon yoshlari bilan bo‘lgan uchrashuvdagi yagona gol muallifi Dostonbek Tursunov uchun ham ancha muvaffaqiyatli bo‘lgan. Musobaqada 5ta uchrashuvda maydonga tushgan himoyachi o‘z hisobiga 1ta gol yozdirib qo‘yishga erishgan. Tursunov O‘zbekiston chempionatida «Qo‘qon-1912», «Metallurg» va «Neftchi» kabi jamoalarda to‘p tepgan. 2019 yilda u farg‘onaliklar safini tark etib, legioner sifatida Yaponiyaning ikkinchi ligasi vakili «Reanfo Yamaguchi» tarkibiga borib qo‘shilgan. J-2 ligasida 17 bahsda maydonga tushgan futbolchimiz, 2020 yilda Janubiya Koreyaning ikkinchi divizionivakili «Pusan ay Park» safiga qo‘shildi. Hozirgi kunda Xitoy Superligasining «Chunsin Atletik» jamoasi asosiy tarkib futbolchisi hisoblanadi.

Akromjon Komilov (4 o‘yin, 1 gol).

Yarim finalda Janubiy Koreya darvozasiga o‘ziga hos gol kiritgan Akromjon musobaqaning eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lgan. Himoyachimiz musobaqada 4 uchrashuv o‘tkazib bir gol muallifiga aylangan. Uning yagona goli ham o‘ziga hosligi bilan musobaqadagi esda qolarli vaziyatlardan biri bo‘lib yodda qolgan. «Bunyodkor» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblangan himoyachimiz 2019 yilda Toshkentning boshqa bir jamoasi «Paxtakor» safiga qo‘shilgan. «Sherlar» safida ikki mavsum o‘tkazgan Komilov 24 uchrashuvda 2ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Superligamizning 2021yilgi mavsum boshida esa Olmaliqning AGMK klubiga qo‘shildi va «konchilar»ning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi.

Abbosxon Otaxonov (5 o‘yin)

Musobaqada unchalik ko‘zga tashlanmagan, lekin o‘ziga hos o‘yin uslubi bilan raqiblar hujumini to‘xtatgan yana bir himoyachimiz Abbosxon Otxonov Osiyo chempionatida 5 uchrashuvda maydonga tushgan. O‘sha paytlarda mahoratli himoyachi Namanganning «Navbahor» jamoasi futbolchisi bo‘lgan. 2019 yilda esa Abbosxon Bekobodning «Metallurg» klubiga o‘tgan va mazkur jamoa safida ikki mavsum davomida 50ta uchrashuvda maydonga tushi, 2 gol muallifiga aylangan. Joriy mavsum avvalida esa Otaxonov Toshkent viloyatining boshqa bir jamoasi AGMK safiga ko‘chib o‘tdi. Olmaliqliklarning safida 15 uchrashuvda maydonga tushgan himoyachi, o‘z hisobiga 1 golni yozdirib qo‘ygan.

Yarimhimoyachilar

Azizjon G‘aniyev (6 o‘yin, 1 gol)

Yarim finalda Janubiy Koreya darvozasiga supergol urgan Azizjon musobaqaning eng yorqin o‘yin ko‘rsatgan futbolchilaridan deb e’tiroq etilgan. Osiyo chempionatining barcha uchrashuvlarida maydonga tushgan G‘aniyev 1 golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Final yo‘llanmasi uchun kechgan kurashda koreyaliklarga qarshi bahsda Aziz ajoyib gol urgan. Maydon markazidan tepilgan to‘p raqib darvozasi to‘qqizligidan joy olgan. G‘aniyev Qarshining «Nasaf» jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. «Ajdarlar» safida 3 mavsum o‘ynagan futbolchi Superligamizning 28 uchrashuvida maylonga tushib, 7 gol va 2ta golli uzatma muallifiga aylangan. 2020 yil boshida esa iqtidorli futbolchimiz Dubayningg «Al-Ahli» jamoasiga o‘tdi va hozirgacha BAA klubi sharafini himoya qilib kelmoqda.

 

Odiljon Hamrobekov (6 o‘yin)

2018 yilgi U-23 Osiyo chempionatida 6 bahsda maydonga tushgan Odiljon, chempionat yakuniga ko‘ra, musobaqaning «eng yaxshi futbolchisi» deya e’tirof etilgan. Tayanch yarimhimochisi pozisiyasida to‘p tepadigan futbolchimiz raqiblarning ko‘plab hujumini to‘xtatib, jamoamix yetakchilaridan biri bo‘lgan. «Nasaf» jamoasi tarkibida Superliga bahslarida maydonda ko‘rinish bergan futbolchi, 2019 yilda Toshkentning «Paxtakor» jamoasiga o‘tdi. Joriy yilning boshida esa BAAning «Al-Ahli» klubida yarim mavsum to‘p tepdi va yozda yana «sherlar» safiga qaytib keldi. Umuman olganda, yarimhimoyachi ikkiyarim mavsumda Toshkent klubi safida 50 uchrashuvda maydonga tushgan.

Dostonbek Hamdamov (6 o‘yin, 1 gol)

Termamizning turli yosh toifalaridagi jamoalarida to‘p tepgan Dostonbek Xitoydagi chempionatda ham asosiy tarkib futbolchimiz edi. Chempionatning barcha o‘yinlarida qatnashgan iqtidorli futbolchimiz chorak finalda Yaponiya darvozasiga ajoyib gol urishga erishgan. Milliy terma jamoamiz tarkibida ham ko‘plab gollar urgan Hamdamov «Bunyodkor» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Dostonbek musobaqa paytida Rossiyaning «Anji» klubi futbolchisi hisoblangan. Keyinchalik, «Paxtakor», BAAning «An-Nasr» va «Xatta» kabi klublari sharafini himoya qildi. Hozirgi kunda esa 25 yoshli futbolchimiz «Paxtakor» a’zosi hisoblanadi.

Javohir Sidiqov (6 o‘yin, 1 gol)

Chorak finaldagi Yaponiyaga qarshi o‘yindagi hisobni ochuvchi gol, aynan Javohirga tegishli edi. Musobaqadagi barcha uchrashuvlarda qatnashgan Sidiqov o‘sha mavsum «Qo‘qon-1912» jamoasi futbolchisi edi. Umuman olganda, «Paxtakor» tarbiyalanuvchisi hisoblangan futbolchi o‘sha musobaqadan keyin, yana «sherlar» safiga qaytadi. «Paxtakor»da yana ikki mavsum o‘ynagan futbolchimiz, joriy yilning boshida, Toshkentning boshqa jamoasi «Lokomotiv» safiga ko‘chib o‘tdi. Superliganing 2021 yilgi mavsumda 16 uchrashuvda qatnashgan Javohir 2 gol muallifiga aylangan.

 

Hujumchilar

Zabihillo O‘rinboyev (6 o‘yin, 1 gol)

Mazkur musobaqada jamoamizni maydonga sardor sifatida olib chiqqan Zabihillo chempionatning barcha uchrashuvlarida to‘liq maydonda harakat qilgan. Yarim finaldagi Janubiy Koreyaga qarshi bellashuvdagi hisobni ochuvchi gol aynan O‘rinboyev hisobiga yozilgan. Zabihillo «Bunyodkor» maktabi bitiruvchisi hisoblanadi. Musobaqa paytida, «Metallurg» sharafini himoya qilardi. Qolaversa, bir mavsum davomida AGMKda ham to‘p tepgan. 2020 yilda esa Namanganning «Navbahor» klubi safiga o‘tib, hozirgacha mazkur jamoa safida to‘p tepib kelmoqda. Joriy mavsum hujumchi «lochinlar» safida 19 uchrashuvda maydonga tushib, 1 gol muallifiga aylangan.

Jasur Yaxshiboyev (5 o‘yin, 3 gol)

Jasur Xitoydagi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida terma jamoamiz to‘purari hisoblanardi. Musobaqada 5 o‘yinda maydonga tushgan Yaxshiboyev 3 gol muallifiga aylangan. Hujumchimiz Yaponiyalik tengqurlari darvozasiga ikkita gol urgan bo‘lsa, yarim finalda Janubiy Koreya posbonini bir marta ranjitgan. «Paxtakor» safida asosiy tarkib futbolchisi bo‘la olmagan Yaxshiboyev AGMKga ijaraga berib yuboriladi. Keyinchalik esa Belarussiyaning «Energetik-BGU» safida yarim mavsum, chempionatning qolgan yarmini esa «Shaxtyor Soligorsk» safida ijarada o‘tkazdi. Hujumchimiz belarus chempionatida jami 27 uchrashuv o‘tkazib, 16 gol muallfiga aylandi. 2021 yilning yanvar oyida «Paxtakor» Jasurni Polshaning «Legiya» klubiga sotib yubordi. Biroq, Polsha Premyer-ligasida o‘z o‘rnini topa olmadi va «Legiya» uni Moldovaning «Sherif» klubiga ijaraga berib yubordi. Tiraspol klubi safida 6ta o‘yin o‘tkazigan Jasur 2 gol muallifiga aylandi. Ayniqsa, futbolchimizning UYEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi Madriddagi «Santyago Beranbeu» stadionida kechgan «Real»ga qarshi bahsdagi goli ancha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

 

Shuningdek, o‘sha musobaqa finalida g‘alaba golini urgan Andrey Sidorov («Qo‘qon-1912»), guruh bosqichida Xitoyni mag‘lub etgan gol muallifi Hojiakbar Alijonov («Paxtakor»), ikki o‘yinda maydonga tushgan Islomjon Qobilov («Lokomotiv»), olti uchrashuvda maydonga tushib, biror harakatlari bilan ajralib turmagan Bobir Abdiholiqov («Energetik-BGU») uchta bahsda zahiradan maydonga qo‘shilgan Oybek Rustamov («Qo‘qon-1912») kabi futbolchilar ham U-23 jamoamizning muhim futbolchilari hisoblanishgan.

 

Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.

Kiritildi: 15:56, 25.10.2021.
O'qildi: 11603 marta.
Fikrlar: 10 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.