Futbolda har doim nisbatan yoshroq bo‘lgan futbolchilarga e’tibor yuqori bo‘ladi. “Zalsburg” hujumchisi Karim Adeyemi va yana bir nechta yosh iqtidorlar uchun hozirdanoq grandlar kurash boshlab yuborishgan. Stadion.uz quyida ana shunday yosh va iqtidorli futbolchilar haqida so‘z yuritadi.
Karim Adeyemi (19 yosh)
“Red Bull Zalsburg” hujumchisi hozirda o‘zining o‘yinlari bilan ko‘plab katta jamoalarning e’tiboriga tushgan. Uni fransiyalik iqtidorli futbolchi Mbappega qiyoslashmoqda. Adeyemi hali yosh bo‘lishiga qaramay jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylanib ulgurgan. Karimning asosiy ustunligi bu uning tezkorligi va vaziyatlardan yaxshi foydalana olishida. So‘nggi paytlarda Avstriya klubidan yaxshi hujumchilar yetishib chiqayotganini hisobga olsak kelasi mavsumni Adeyemini boshqa jamoada ko‘rish ehtimolimiz yuqori. Karim ushbu mavsumda jamoasi safida 17 o‘yinda maydonga tushib 12 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib ulgurgan. “Bavariya” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi terma jamoada ham bir nechta o‘yinda maydonga tushgan. Futbolchini kelajakda ikki ispan grandi yoki “Bavariya” tarkibida ko‘rishimiz mumkin. Negaki, “Barselona”ga tezkor va sovuqqon hujumchi zarur bo‘lsa, “Galaktikos” bunday iqtidor egasini raqiblariga berib qo‘yishni xohlamaydi. “Rekordmeyster”da esa Levandovskiga o‘rinbosar kerak.
Nasi Yunyuvar (18 yosh)
O‘yin uslubi va to‘p bilan harakatlanishi ispaniyalik Inestani eslatib yuboruvchi yosh iqtidor egasi yoshligidan barcha grand jamoalarni e’tiborini jalb eta olgan. Ammo so‘nggi yillar Yunyuvar haqida deyarli shov-shuvlar bo‘lmayapti. Ba’zilar u o‘z ustida ishlamay qo‘ygan degan fikrlar bildirmoqda. Lekin futbolchi hamon iqtidorlilar safida ko‘rilmoqda. Ba’zan uni italiyalik Hashim Masturga ham o‘xshatishadi. Nima bo‘lganda ham Yunyuvar Mastur singari yo‘qolib qolmasligi kerak. Xozirda “Ayaks” jamoasi a’zosi hisoblanadigan futbolchi 2 uchrashuvda maydonga tushib 1ta gol kiritgan. U kelajakda grand jamoalarga o‘tish ehtimoli bor. Yunyuvar “Barselona” muxlisi ekanligi va o‘yin uslubi ham “ko‘k-anorranglilar” uchun mos tushishini hisobga olib, u kataloniyaga ketsa kerak degan fikr bildira olamiz.
Sharl De Ketelare (20 yosh)
Belgiyada so‘nggi yillarda yaxshi ijrochi futbolchilar yetishib chiqmoqda. De Bryuyne bunga yorqin misol bo‘la oladi. Bugungi qahramonimiz esa o‘zining o‘yinlari bilan hozirda ko‘plab skautlar e’tiborini torta olgan. U yaxshi texnikasi, chiroyli paslari va aqlli harakatlari bilan Frenk Lempardni eslatib yuboradi. Sharlning yana bir ustun tomini bu uning hujumda ham o‘ynay olishida. Ammo u xaqida ko‘plab maqtovlar yog‘dirishga erta. Lekin ko‘plab mutaxassislar Sharlning kelajagi yorqin bo‘lishi haqida aytmoqda. Belgiyalikni “Nyukasl” yoki “Manchester Siti” xarid qilishi mumkin. Lekin undan avval belgiyalik o‘zini ko‘rsatishda davom etaverishi kerak.
Karamoko Dembele (18 yosh)
Dembele familiyali futbolchilarni ko‘pini eshitganmiz. Ammo bu boshqacha o‘yin ko‘rsatadigan Dembele. 10 yoshidan boshlab maqtov va kuzatishlar ostida katta bo‘lgan yigitcha hozirda o‘zini yaxshi tomonlarini ko‘rsatishda davom etmoqda. Nisbatan pastroq bo‘y, yuqori texnika, chiroyli paslar va aqlbovar qilmas chap oyoq. Menimcha bu ta’riflar Messiga tegishli ekanligi ko‘pchilik bildi. Karamoko ham aynan shunday futbolchi. Shotlandiyaning “Seltik” jamoasi tarkibida qahramonimiz 24 uchrashuv o‘tkazib 19 gol kiritishga ulgurgan. Karamoko hozirda Angliya yoshlar termasi a’zosi ham hisoblanadi. Shundan kelib chiqib aytganda, u Angliyaning grand klublariga o‘tish ehtimoli mavjud.
Xavi Simons (18 yosh)
Bu iqtidor egasi haqida menimcha 10 yillardan buyon ko‘plab ijobiy fikrlar yangraydi. Futbolchining kelajagiga hech kim shubha qilmagan. “Barselona” yulduzi bo‘lishi tahmin qilingan futbolchi kutilmaganda “PSJ” akademiyasiga ko‘chib o‘tdi. Hamon Xavi ismli iqtidor egasining ertasi haqida ko‘plab ijobiy fikrlar mavjud. “PSJ” bosh jamoasida 2 ta o‘yin o‘tkazgan yigitcha hozircha o‘zini yaxshi qirralarini ko‘rsata olmadi. To‘g‘ri, unda o‘yin amaliyoti juda kam. Soch turmagi Puyolni, ismi esa Xavini eslatuvchi futbolchini qaysidir o‘yinchiga qiyoslashmaydi. Negaki, muxlislar Simons o‘z uslubi yaratuvchisi bo‘lishini istashadi. Balki shunday ham bo‘lar. Darhaqiqat, yosh iqtidor egalari haqida ma’lumot izlash chog‘ida Gollandiya futboli kelajagi yorqin bo‘lishi mumkinligini taxmin qildim. Negaki, Simons xam “lolalar yurti”dan.
Albatta bu ro‘yxatga Florian Virs, Yeremi Pino, Jamal Musiala va Yussuf Mukuko singari futbolchilarni ham qo‘shishim mumkin edi. Ammo ko‘pchilik u nomlarni eshitgan va u yigitlar professional futbolchi sifatida o‘zini ko‘rsatib ulgurishgan. Men esa ro‘yxatda ko‘pchilik tanimagan futbolchilar haqida ma’lumot berish ma’qul deb hisobladim. Ko‘ramiz, kutamiz va kuzatamiz. Zeroki, hali kelajakda bundanda kuchliroq futbolchilar yetishib chiqishi mumkin.
Mirjalol Pardaboyev tayyorladi.