Kirish Ro'yxatdan o'tish
08/05 00:00 PSJ 0-1 Borussiya D
09/05 00:00 Real Madrid - Bavariya
10/05 23:45 Frozinone - Inter
11/05 00:00 Nissa - Gavr
11/05 00:00 Brest - Reyms
11/05 00:00 Alaves - Jirona

Shubhali transfer samarasi

Shubhali transfer samarasi

Baho:
+ | -

Oktyabr oyi boshida The Athletic yozgi transfer darchasi yakunlariga oid so‘rov natijalarini chop etdi. Unda 20dan ortiq taniqli agentlar anonim respondent sifatida ishtirok etdilar. So‘rov natijalari ekspertlar «Arsenal»ga nisbatan o‘ta shafqatsiz bo‘lishganini namoyish etdi. Ishtirokchilarning 43 foizi «to‘pchilar» darchada qoniqarsiz qatnashganliklarini ta’kidladilar, Remsdeylning xaridi esa eng omadsiz kelishuvlar uchligidan joy oldi. Sports.ru blogerlaridan biri ushbu kiperning transferini tahlil qildi.

Kamina «Arsenal»ning xarid kampaniyasiga berilgan bahoga mutlaqo qo‘shilmagan holda, angliyalik darvozabonning o‘tishiga dastlab shubha bilan qaradim. Shubha «tovar»ning sifati va qiymati o‘rtasidagi tafovut tufayli yuzaga kelgandi. Lekin qiymat sezilarli darajada kamaytirilgani ma’lum bo‘lishi bilan shubha ham kamaydi. Endi darvozabonning ishonchli o‘yinlaridan cho‘chigandek, shubha-gumonlar butunlay yo‘q bo‘lmasada, qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Shu bois, Aaron Remsdeyl qanday qilib «to‘pchilar»ning asosiy posboni bo‘lib olganini aniqlashga urinib ko‘ramiz.


«Arsenal»ga o‘tgunga qadar

Aaron Kristofer Remsdeyl Stok-on-Trentda tug‘ildi, Chestertonda ulg‘aydi, futboldagi faoliyatini esa Nyukasl-ander-Laymning «Marsh Taun» klubida boshladi.

Aftidan, bo‘lajak futbolchi uchun klubdagi ishtirok kamlik qilgan shekilli, u o‘z maktabi jamoasida ham to‘p surgan va o‘quvchilar o‘rtasidagi Angliya kubogi turnirida yarim finalga yetib borgandi. Bundan tashqari, Aaron Angliyaning turli ligalarida 406 marta maydonga tushgan faxriy darvozabon Frederik Barber akademiyasiga ham borib turardi.

Barberning ko‘magi bilan Rems­deyl «Bolton» akademiyasiga keldi. Biroq u yerdagilar jismoniy jihatdan tengdoshlaridan ortda qolgan bolakayni qabul qilishmadi. Keyinchalik boshqa klublar ham qabul qilmadilar. Nihoyat, oila a’zolarining daldasi evaziga tushkunlikka tushmagan Aaron 2013 yilda «Sheffild Yunayted»dan joy oldi va 3 yil ichida tom ma’noda ulg‘aydi. Shundan keyin 2016 yilda u klub bilan dastlabki professional shartnomasini imzoladi.

2017 yilning yanvarida Remsdeyl Eddi Xauning «Bornmut» jamoasiga o‘tib, «Lester»ga qarshi so‘nggi uchrashuvda o‘z debyutini nishonladi. Keyingi ikki mavsumning ikkinchi yarmini posbon ijara asosida «Chesterfild» (19 uchrashuv) va «Uimbldon» (20) jamoalarida o‘tkazdi. APLdagi debyutini Aaron 2019|20 yillar mavsumining start bellashuvida qadrdon «Sheffild»ga qarshi bahsda nishonladi. Shundan keyin Remsdeyl Eddi Xau jamoasining asosiy posboniga aylandi. Oktyabr va yanvar oylarida muxlislar uni oyning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etishdi, keyin mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi unvoniga loyiq topishdi.

Remsdeylsiz qolgan «Bornmut» Chempionshipga tushib ketdi. Remsdeyl esa o‘tgan yil avgustida yana «Sheffild»ga qaytdi. Taajjubki, bu jamoada ham u yilning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi, ammo jamoa yana elitani tark etdi.


Remsdeyl «Arsenal»da

Yozda Aaron yaxshi sport formasida, qat’iyatli va muxlislar yoqimtoyi edi. Uni kasbdoshlari o‘rtasida yetakchi, deb hisoblashardi. «Sheffild» esa shunchaki, Remsdeylsiz yanada noshud ko‘rinardi. Navqiron, kelajagi porloq va o‘yin amaliyotiga chanqoq darvozabon oldida jamoada qolish yoki qandaydir o‘rtamiyona klubga o‘tish yo‘llari turardi.

«Arsenal»ni men ikkinchi darvozabon roliga ishonchli nomzod topishga urinayotgan jamoa, deb o‘ylagandim. Shu sababli Aaronni londonliklar safiga o‘tishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar safida ko‘rib ajablandim. Nazarimda, angliyalik navqiron posbon o‘rinbosarlik roliga ko‘nmaydigandek tuyulgandi, hatto nomdor jamoada ham. Qolaversa, 30 mln. funtli narx ham kelishuv ehtimolini pasaytirib yuborardi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, «to‘pchilar» tovon puli miqdorini kamaytirishga muvaffaq bo‘lishgan va bonuslarni qo‘shib hisoblaganda, 24 mln. funtga ko‘ndirishgan ekan.

Bir tomondan, ikkinchi darvozabon uchun yirik xarajat, lekin Lenoning o‘rinbosari bo‘lgan Martines shunga yaqin mablag‘ evaziga sotilganini inobatga olsak, risoladagi baho. Remsdeylning taklif etilishini ayrim muxlislar o‘ta salbiy qabul qilishdi, hatto uni ijtimoiy tarmoqlar orqali haqorat qilganlar ham bo‘ldi. Ular Aaronning 3ta klub bilan Chempionshipga tushib ketganini ro‘kach qilishgandi. Xullas, avgust oyida «to‘pchilar» ishonchli o‘ynaydigan ikki nafar darvozabonga ega bo‘lishdi. Chetdan qaraganda, Leno yetakchi rolida edi.

Leno va Remsdeylning statistik ko‘rsatkichlari bu ikki posbonning natijalari taxminan teng ekanligini ko‘rsatdi. Farqi shuki, «Sheffild» himoyachilari raqiblariga nisbatan ko‘proq zarba yo‘llash imkoniyatini berishgan. Ya’ni, Remsdeyl nisbatan murakkabroq vaziyatda Leno bilan bir xil ko‘rsatkichlarni qayd etgan.

Mavsumni Leno bilan boshlagan «Arsenal» juda yomon start oldi: «Brentford», «Chelsi» va «Manchester Siti»ga qarshi uchrashuvlarda umumiy 0:9 hisobidagi mag‘lubiyatlar seriyasi. O‘tkazib yuborilgan gollarga faqat Leno aybdor, deyish o‘rinlimi? Albatta, yo‘q. Lekin Berndni ishonchli o‘ynadi, deyish ham adolatdan emas. Bir-ikki marta u xatolikka yo‘l qo‘ydi, yana ikki yoki uchta vaziyatda qutqara olmadi. Bunga ko‘nikib qolganmiz, o‘zga ilojimiz yo‘q!

Startdagi omadsizlikni hisobga olmaganda, Lenoni yengishda Remsdeylga nima yordam berdi? Bunday omilning bittasi angliyalik posbonning debyutidan keyin bo‘y ko‘rsatdi. Ilk marta «to‘pchilar» libosida maydonga tushgan Aaron zimmasiga Angliya Liga kubogi doirasidagi «Vest Bromvich Albion»ga qarshi bahsda murakkab vazifalar qo‘yilgan bo‘lmasada, u 1-2ta seyvni namoyish etdi. Lekin gap bunda emas. Aaron maydonga tushishi bilan o‘zini klubda anchadan beri o‘ynayotgandek xotirjam tutdi. Bu bolalarga xos o‘ziga ortiqcha baho berish emas, aksincha, tajribali o‘yinchilardek bor e’tiborini o‘yinga qaratgan holda, ishonchli harakatlanish edi. Tez orada Aaronning ushbu fazilati jamoadoshlariga ham o‘ta boshladi.

«Etihad»dagi «yurak o‘ynog‘i»dan keyin APLning barcha uchrashuvlarida Remsdeyl «to‘pchilar» darvozasini qo‘riqlamoqda. Ortda qolgan har qaysi tur murabbiylar shtabi va muxlislarni Aaron shunchaki, darvoza posboni emasligiga ishontirmoqda: seyvlar, himoya chizig‘ini boshqarish, muntazam ravishda jamoadoshlari bilan aloqada bo‘lish - uning zimmasidagi foydali yumushlar.

APL doirasidagi 7 uchrashuvdan keyin aniq zarbalarni bartaraf etish borasida Remsdeyl 85,7 foizli ko‘rsatkich bilan Eduar Mendidan (89,7 foiz) ortda qolmoqda. «Lester»ga qarshi bellashuvdagi seyvi esa darvozabonlik san’atining nodir asariga aylandi.


Nahotki, Bernd debyutantdan shu qadar no‘noq bo‘lsa?!

Remsdeylning o‘yini va natijalari albatta, hayratlanarli. Lekin bizningcha, yuksak natijalarga mahliyo bo‘lishni to‘xtatib, sog‘lom fikrni tiklashga urinib ko‘ramiz.

Birinchidan, Aaron natijalarining yaxshilanishiga uning saviyaliroq jamoaga o‘tganligi imkon bermoqda. Ha, «Sheffild» va «Bornmut» - o‘ziga xos jamoalar. Lekin ular tom va ma’joziy ma’noda ham «Arsenal» ligasiga nisbatan pastroq ligada to‘p surishadi.

Ikkinchidan, Lenoni mag‘lubiyatga uchratgan 3 jamoaning 2tasi - so‘nggi YECHLning finalchilari, bittasi esa - APL kashfiyoti unvoniga da’vogarlik qilayotgan debyutant edi.

Uchinchidan, ehtimol, eng muhim jihatdir, bu - darvozabonlarning qanday himoyachilarga rahbarlik qilganliklari:

*** Lenoning sheriklari: 1-tur - Tirni-Mari-Uayt-CHembers; 2-tur - Tirni-Mari-Xolding-Soa­resh; 3-tur - Tirni-Kolashinas-Xolding-Soaresh.

*** Remsdeylning sheriklari: 4-8-turlar - Tirni-Gabriel-Uayt-Tomiyasu; 9-10-turlar - Tavaresh-Gabriel-Uayt-Tomiyasu.

Avvalo, Leno ishtirokidagi 3ta uchrashuvda himoyachilar tarkibi Remsdeylning 7 uchrashuviga nisbatan ko‘proq o‘zgarganiga e’tibor bering. Bundan tashqari, angliyalik posbonning himoya qo‘rg‘oni qog‘ozda ham, amalda ham saviyasi yuqoriroq bo‘lgan futbolchilardan shakllangan. 3ta uchrashuvda Bernd darvozasi tomon 18ta aniq, ya’ni o‘rtacha 6tadan zarba yo‘llangan. Remsdeyl darvozasiga esa 7ta o‘yinda 28ta. O‘rtacha, har o‘yinda 4tadan.

Bernd Leno darvozasiga tahdid solgan jamoalarning xavflilik koeffisiyenti 3,34ga, Aaron raqiblariniki esa 1,05ga teng. Boshqacharoq aytganda, «Arsenal» raqiblari Leno darvozasiga 3 baravardan ham ko‘proq xavf solishgan.

Xullas, «to‘pchilar»ning yangi posboni xizmatlarini kamsitmagan holda, quyidagilarni ta’kidlashimiz shart: Remsdeyl maqtov va ehtiromga loyiq, ammo biz tahlil qilgan davr uzoqni ko‘zlagan xulosa uchun qisqalik qiladi. Jo‘jani kuzda sanaydilar, darvozabonlar statistikasini esa - 38-turdan keyin.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 23:03, 15.11.2021.
O'qildi: 2857 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.