So‘nggi yillarda futbol muxlislari “Atletiko Madrid”ning top-klub darajasida o‘ynashiga o‘rganib qolishdi. Klub barqaror ravishda Chempionlar ligasi pley-offning yuqori bosqichlariga chiqmoqda va Ispaniyada so‘nggi 8 yil ichida jamoa ikki marta - 2014 va 2021 yillarda chempion bo‘ldi. Klub barcha yutuqlarga 2011 yilda “matraschilar” lageriga kelgan Diyego Simeone boshchiligida erishgan. Ammo bu mavsumda “Atletiko” muxlislarni odatdagi o‘yini bilan xursand qilmayapti: jamoa Chempionlar ligasining pley-off bosqichiga yo‘l oldi, ammo ular La Ligada qoniqarli natida ko‘rsata olmayapti va turnir jadvalida beshinchi o‘rinda ketmoqda. “Atletiko” uchun so‘nggi omadsiz natija “Sevilya”dan uchralgan mag‘lubiyat bo‘lib, jamoani peshqadam “Real”dan 10 ochko uzoqlashtirib yubordi. So‘nggi natijalarni hisobga olsak, Diyego Simeonening iste’fosi haqida gap-so‘zlar tobora ko‘payib bormoqda. “Stadion.uz” nashri “Atletiko” rahbariyati nima uchun shu paytgacha bosh murabbiyni ishdan bo‘shatmagani haqida biroz fikr yuritadi.
Simeone – “Atletiko” brendi
Uzoq hamkorlik davridan so‘ng Simeone va “Atletiko” so‘zi deyarli sinonimga aylanib qoldi. Birini ikkinchisisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi va aksincha. Aynan shu murabbiy rahbarligida “matraschilar” o‘zlarining eng yuqori yutuqlariga erishdilar, shuning uchun Simeone nomi beixtiyor “Atletiko” bilan bog‘liq. Diyego hozirgacha ommaviy axborot vositalarida eng mashhur murabbiylaridan biri, shuning uchun uni ma’lum bir brend deb atash mumkin. “Atletiko” muxlislar orasida klubni mashhurligini oshirishga hissa qo‘shadigan bunday “brend”ni yo‘qotishni xohlamasa kerak. Yana shuni ham unutmangki, Simeone “matraschilar” muxlislarini juda yaxshi ko‘radi, bu albatta klub boshqaruvi uchun muhim omil hisoblanadi. Hech kim o‘z muxlislari bilan janjallashishni xohlamaydi.
“Atletiko” - Diyegoning asari
“Atletiko” sof murabbiylar jamoasi desak, bundan hech kim hafa bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman. “Matraschilar” deyarli improvizasiyasiz o‘ynashadi. Simeone o‘zining uzoq yillik faoliyati davomida jamoaga aniq o‘yin tizimini singdirdi. Tartib-intizom va chidamlilik Simeonening ikkita asosiy quroli bo‘lib, bu ko‘pincha kuchli raqiblarga qarshi o‘yinda ish beradi. Ha, kimdir Diyegoni o‘ta pragmatikligi uchun qoralaydi, uning taktikasini ko‘rinmas avtobus deb ta’riflaydi, ammo bunday strategiya o‘z natijasini beradi. Himoyachilarning tartibli o‘yini va tezkor qarshi hujumlar raqib futbolchilariga katta qiyinchiliklar tug‘diradi. Qolaversa, Simeoneda hech qachon Xavi, Modrich va De Bryuyne kabi top kreativ futbolchilar bo‘lmagan. Aynan shu taktika tufayli Diyego “Atletiko”ni har qanday gigant jamoaga qarshi kurasha oladigan top-klubga aylantirdi.
Simeonega imkon berish kerak
2012/13 yilgi mavsumdan beri “Atletiko” ikki marta La Liga chempionligini qo‘lga kiritdi va hech qachon medaldan quruq qolmagan. Chempionlar ligasida jamoa ikki marta finalga chiqdi. 2018 yilda “matraschilar” Yevropa ligasi sohibiga aylanishdi, o‘sha yili Simeone jamoasi UYEFA Superkubogini ham qo‘lga kiritdi. Aytgancha, “Atletiko” 2012 yilda ham Superkubokni qo‘lga kiritgan. Ma’lum bo‘lishicha, Simeone bilan Madrid klubi tandemi barqarorlik borasida ko‘plab jamoalardan yaxshiroq natija ko‘rsatgan. To‘g‘ri, bu mavsum jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatmayapti, ammo mavsum hali tugamagan. Albatta, La Liga turnir jadvalidagi beshinchi o‘rin “Atletiko” uchun yakuniy o‘rin bo‘lmaydi. Simeone jamoasi Ispaniya chempionatini yana medallar bilan yakunlasa, hech kimni ajablantirmaydi. Qolaversa, “matraschilar” qiyinchilik bilan amalga oshirgan bo‘lsa-da, Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Diyego Simeone jamoasi har qanday raqib uchun juda noqulay, shuning uchun pley-off formati “Atletiko”ga to‘g‘ri keladi. Jamoa beqaror MYU to‘sig‘idan o‘tishi mumkin. Ehtimol, mavsum oxirigacha hammasi ozmi-ko‘pmi o‘z joyiga tushib qolar, shuning uchun hozircha Diyego Simeonega vaziyatni to‘g‘irlash uchun vaqt berish kerak va u buni qanday qilishni biladi.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi