Ispaniya futboli Yevropaning eng iste’dodlarga boy maskani hisoblanadi. U yerdan qariyb yuz yildan buyon futbol uchun ko‘p narsa qilgan nomlar yetishib chiqmoqda. Bugun sizga kelajakda ko‘p ishlar qilishi mumkin bo‘lgan futbolchi haqida aytib bermoqchimiz. U «Real Betis» futbolchisi Rodri Sanchesdir. Ushbu klub muxlislar nazdida o‘rtamiyonadek ko‘rilsa ham, o‘z akademiyasidan sifatli kadrlar yetkazib berishda yetakchi sanaladi. 21 yoshli yarim himoyachi «Betis»dagi ilk o‘yinini 2020 yilning noyabrida o‘tkazgan edi. Rodri ilk bor bu klubga 2016 yilning avvalida tashrif buyuradi va akademiya a’zosiga aylanadi...
Rodrining «Betis» akademiyasiga kelishi qiziq kechgan. Bu jamoa uchun foyda keltirgan desak xato bo‘lmaydi. Negaki, u 2016 yilga qadar ko‘plab grand klublar maktabini ko‘rishga ulgurgan edi. Xususan, Sanches «Real», «Atletiko», «Espanyol», «Barselona» hamda «Deportivo» ta’lim dargohlarida bo‘lib ko‘rgan. Keyinchalik, esa «Real Betis»ga keladi va shu yerda qo‘nim topadi.
Rodri Sanches Ispaniya janubi-g‘arbidagi Ekstremadura komunnasida joylashgan Talayuyela shahrida dunyoga keladi. O‘sib-ulg‘aygach esa o‘z baxtini izlab, yo‘lga chiqadi. Yosh o‘smirga dastlab «Kanilyas»da, «Real» klubining tarmog‘idagi jamoada imkon taqdim etiladi. Shundan so‘ng, u «qaymoqranglilar» safiga yo‘l oladi. Poytaxt jamoasi akademiyasida bir yilini o‘tkazib, boshqa jamoalar bilan ham tanishib chiqadi. Ammo Rodri hech bir klub maktabida bir mavsumdan ko‘p qolmagan. Ba’zilar uning kelajagiga soya solishga harakat qiladi. Biroq u hech qachon taslim bo‘lmaydi va borgan joyidagi ustoz-murabbiylardan imkon qadar ko‘proq narsa o‘rganishga intiladi. 2016 yilda Rodri o‘z hayotidagi hal qiluvchi qarorni qabul qilishi kerak edi. Chunki u akademiyaning dastlabki davri bitiruvchisiga aylanadi. O‘sha paytda uning o‘yiniga o‘z yurtidagi jamoalardan tashqari APL klublaridan ham qiziqishlar bo‘la boshlaydi.
Rodri Sanches oldida yo‘llar ko‘p edi. U oilasi bilan uzoq o‘ylab, muhokama qilib, axiri bir qarorga keldi. Futbolchi «Real Betis» tomonidan taklif etilgan loyihani qabul qiladi. Bu jamoa o‘zining yosh talantlari bilan ajralib turardi. Shu sababdan ham Rodri «yashil-oqlar» a’zosi bo‘lishga rozilik beradi. Yarim himoyachi sifatida shakllana boshlagan yigitcha, ikki yillik mashaqqatli davrdan keyin, asosiy jamoa tarkibida debyut qiladi. O‘shanda uning klubi o‘rtoqlik uchrashuvida «Merida»ni 4-0 hisobida yenggan edi. Shundan keyin Rodri doimiy jamoa bilan shug‘ullana boshlaydi. Oradan yana ikki yil o‘tkach, futbolchi 7 noyabr kuni «Barselona»ga qarshi bahsning so‘nggi daqiqalarida maydonga tushiriladi. Bu uning La ligadagi ilk debyuti edi. Rodri murabbiylarga o‘zidagi kuchli ishonch va ishtiyoqni ko‘rsatib bera oladi. Bu narsa «Real Betis»ga yangi futbolchining yetilganini bildiruvchi signal bo‘lib xizmat qildi. Oradan oylar o‘tdi. Rodri esa o‘ziga berilgan imkoniyatlardan iloji boricha to‘laqonli foydalanishga harakat qildi. Shunday qilib, janublik yigitcha Manuel Pellegrini boshchiligidagi jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. U hozirga kelib, «Real Betis» uchun 30dan ortiq o‘yinda qatnashdi va ikkita gol urishga ham muvaffaq bo‘ldi. Ularning biri mamlakat kubogida kiritilgan bo‘lsa, boshqasi Yevropa ligasi doirasidagi o‘yinda urildi.
Ha, uning ikkinchi goli o‘zi tug‘ilgan Ispaniyaning olis chekkasidan ancha uzoqda, Budapesht shahrida yuz bergan. Rodri bu bilan futbol sarguzashti qayerdan boshlanishini ahamiyati yo‘qligini ko‘rsatib berdi. Hamma narsaga uzoq, sabr bilan va eng asosiysi, chin dildan qilingan mehnat orqali yetishish mumkinligini isbotladi. Yosh bolakay Ispaniya futbolining eng yaxshi maktablarini ko‘rdi va olgan bilimlarini maydonda aks ettira oldi. Hozir esa Rodri Sanches jamoasi kuchayib bormoqda. «Betis» bugun Ispaniya futbolida Yevropa maydonlari uchun kurashga jiddiy bel bog‘lagan. Biz sizga ushbu futbolchini eslab qolishingizni tavsiya etamiz. Kim biladi deysiz, balki undan ham bir kun kelib, Xavi yoki Inyesta chiqar...
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi