«Manchester Yunayted» klubi Ser Aleks Fergyuson davridan buyon o‘zini o‘nglab olishga qiynalmoqda. Kichikroq davriy inqiroz sifatida bo‘y ko‘rsatgan regressiyalar bu mavsumga kelib haqiqiy muammoga aylanayozdi. Mavsum avvalida chempionlik uchun asosiy da’vogar sifatida qaralgan jamoa Yangi Yilga kelib, kuchli to‘rtlikka kirishi so‘roq ostida qolmoqda. Albatta, bu inqirozlar boshqaruv bilan bevosita bog‘liq. Shu sababdan klubda uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan klub boshqaruvchisi Ed Vudvord o‘z lavozimidan chetlatiladigan bo‘ldi. Uning o‘rnini esa yordamchisi, tijoriy direktor Richard Arnold egallashi kutilmoqda. Xo‘sh, Richard Arnold o‘zi kim? Quyida ushbu savolga javob olishingiz mumkin bo‘ladi.
Richard Arnold rasman 1 fevraldan boshlab Ed Vudvord o‘rnida ish boshlaydi. Vudvordning ketishi dastlab o‘tgan yilning aprel oyidan buyon, Superliga tuzilishi bilan bog‘liq mashmashalardan keyin aytila boshlagandi. Arnold esa uning o‘rniga eng munosib nomzod sanaladi. Aslini olganda Vudvordning direktorlik kursisiga kelishida uning aka-uka Gleyzerlar bilan o‘zaro yaqin aloqalari yotadi. Shu orqali u 2013 yilda klub boshqaruvini qo‘lga olgan edi. Richard Arnold esa azaldan Vudvord bilan birga bo‘lgan. Unda, bugungacha «MYU» tizimida ishlash borasida 10 yildan ortiq tajriba mavjud. Arnold 2007 yilda tijoriy guruh menejeri sifatida klub tizimiga kirib keladi. 2013 yil, Vudvord Devid Gillni almashtirganidan beri esa, bo‘lim boshlig‘i sifatida xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Arnold Vudvordga klub tijoriy sohasida yaqindan yordam beradi. «MYU»ning 2000 yillar oxiri hamda 2010 yillar boshidagi tijoriy yuksalishida Arnoldning tutgan o‘rni juda ham katta edi. Umuman olganda, ushbu duet qariyb 15 yil davomida «qizil iblislar»ning dong‘ini dunyoga yoyishda faol ishtirokchi va bosh-qosh bo‘ldi.
Richard Arnold Ed Vudvordning sakkiz yillik hukmronligi davomida klub moliyasi hamda biznes operasiyalarining nazoratini amalga oshirib kelmoqda. Xususan, u o‘tgan yili «MYU»ning joriy titul homiysi bo‘lmish AQSHning «TeamWiever» texnologik korporasiyasi bilan qiymati 235 million funtga teng bo‘lgan bitim tuzishga erishgan edi. Arnoldning faoliyat tarixi Vudvordnikiga o‘xshashib ketadi. Ular 1990 yillar boshida Bristol universitetini tamomlashadi. Shundan keyin hozirda «MYU»ning korporativ rivojlanish hamda muzokaralar bo‘limi rahbari Mett Jadjdan bilim oladi. Har ikkisi 1993 yilda ta’lim dargohini bitirgach, «PwC» kompaniyasida ishlay boshlaydi. Arnold ushbu korxonani 1999 yilda tark etadi va to 2007 yilgacha, «MYU»ga borguniga qadar texnologiya va telekommunikasiyalar sohasida faoliyat yuritadi.
«Manchester Yunayted» Richard Arnold boshqaruvi ostida Londonda, Nyu-York hamda Gong-Kong shaharlarida o‘z vakolatxonalarini ochdi. Klub bu davrda o‘z tijoriy doirasini kengaytira bordi. Arnoldning qo‘lga kiritgan eng katta yutuqlari «MYU»ni «Adidas» hamda «Chevrolet» global brendlari bilan bog‘lay olgani edi. Bugungi kunda aynan mana shu shaxs klubning har qanday moliyaviy harakatlariga javobgar sanaladi. Arnoldning o‘zi esa biznes sohasida harakat qilishni davom ettirmoqda. Bu undan sport-menejmentini yanada samarali yo‘nalishga aylantirishni talab qiladi.
«MYU» muxlislari o‘z jamoasini maydonda yana katta qudratga ega bo‘lishi, raqobatdosh klubga aylanishi uchun maydon tashqarisida yangi davr hamda yangi yetakchi kelishiga umid bog‘lashgan. Biz ham ularga tilakdoshmiz. Chunki muxlislar maydondagi teng raqobatdan faqat yutadi.
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi