Angliya Premyer-ligasi butun dunyo bo‘ylab yuz millionlab muxlislarga ega. Shu jihatdan ushbu musobaqani eng tomoshabop turnir deya olamiz. Qizg‘in va murosasiz bahslar bo‘lib o‘tadigan APL doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelgan. Har mavsum turlicha bo‘lgani singari, kuchlar nisbatida ham tez-tez o‘garishlar bo‘lib turadi. Angliyaning eng qimmat klublari ro‘yxatida ham. Bugunga kelib bu borada vaziyat biroz o‘zgargan. Hozir shu haqida...
Biz «vaziyat o‘zgarishi» deganda tarixda ilk bor «Chelsi», tarkibning qimmatligi borasida «MYU»ni quvib o‘tganini nazarda tutgan edik. Yangi transferlar oynasi ochilgan bir paytda Yevropa chempionlari Angliya tarixida eng ko‘p zafar quchgan jamoadan tarkib borasida ilg‘orlab ketdi. «Aristokratlar» ayni damda APLning ikkinchi eng qimmat jamoasiga aylanib ulgurdi. Birinchi o‘rin esa sezib turganingizday, amaldagi chempion «Manchester Siti»ga tegishli. «Manchester Yunayted»ning maydondagi o‘yini va natijalari pasayishi fonida Tomas Tuxel jamoasining umumiy qiymati ancha balandlashdi. Bu esa «Chelsi»ni «MYU»dan qimmatroq tarkibga ega bo‘lishini ta’minladi.
Chempionlik uchun asosiy da’vogar bo‘lgan ikkinchi jamoa, «Liverpul» tarkib futbolchilari qiymati borasida Angliyada to‘rtinchi o‘rinda e’tirof etilmoqda. Bu mavsumda yana bir shonli klub bo‘lmish «Arsenal» ham yaxshi yurish qildi. Jamoaning yosh yulduzlari hozirda 500 million funtdan ko‘proqqa baholangan. Bunda klub akademiyasidan chiqqan Bukayo Saka hamda Emil Smit-Rou kabi futbolchilarning narxini keskin oshishi muhim rol o‘ynadi. Jamoa tarkibining umumiy o‘rtacha yoshi yigirma beshni tashkil etadi. Bunday ko‘rsatkich bilan yarim milliard funtdan ko‘proqqa baholanish maqtovga loyiq, albatta. Shunga qaramay, to‘pchilar umumiy ro‘yxatda o‘zining ashaddiy raqibi bo‘lgan «Tottenxem»dan hamon ortda qolmoqda. «Shporlar» 579 million funtlik futbolchilar bilan beshinchi o‘rinda qayd etilgan.
«Manchester Siti»ning tarkibida harakat qilayotgan yuqori darajali futbolchilar klubni bu borada yetakchiga aylantirgan. Xususan, superyulduzlar deya e’tirof etiluvchi Kevin De Bryuyne, Bernardu Silva hamda Raxim Sterling kabi futbolchilar ayni damda «shaharliklar»ni o‘n ochkolik farq bilan APL yetakchiligini qo‘lga olishiga yordam berdi. Gvardiola jamoasidagi o‘yinchilarning umumiy qiymati 892 million funtni tashkil etadi. Bu degani, har bir futbolchi o‘rtacha 37,2 million funt baholanadi. Transferlar oynasida eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘layotgan Erling Xoland, agarda «Manchester Siti»ga o‘tsa, jamoa yanada qimmatlashadi!
Yana bir klub borki, ular bu tizimda kuchli o‘nlikka kirishga juda yaqin. «Nyukasl» tez orada APLda tarkib borasida maqtangulik natijaga erishishi mumkin. Klubning so‘nggi xaridi bo‘lgan Kiran Trippyer ham gapimizni tasdiqlaydi.
Ro‘yxatning kuchli o‘ntaligini «Lester», «Everton», «Aston Villa» hamda «Vulvz» klublari yakunlashadi.* Quyidagi rasmda kuchli o‘nlik narxlari bilan to‘liq tanishishingiz mumkin bo‘ladi.
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi