Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Real»: Zidan muvaffaqiyatining shonli parchasi

«Real»: Zidan muvaffaqiyatining shonli parchasi

Baho:
+ | -

Zayniddin Zidan «Real» bosh murabbiyi sifatida chindan ham, shonli davrni boshdan o‘tkazdi. Fransiyalik mutaxassisga assistentlik qilgan David Bettoni alohida chiqishida «Qirollik klubi»ning o‘sha yurishiga to‘xtalib, taktik uslub, CHLdagi zafarli seriya va unga yo‘l ochgan evolyusiya xususida batafsil ma’lumot berdi.


1. Muqaddima

- 2016 yili Zidan bilan Madridda ish boshlaganimizda, jamoa 4-3-3 chizmasi bo‘­yicha o‘ynardi. Tarkibda Kazemirodek ijrochining borligi chiziqlar o‘rtasida uyg‘unlikni ta’minlardi. Braziliyalik futbolchi Modrich va Kroosga ko‘proq erkinlik yaratishi natijasida hujumkor trioning salohiyati yanada oshardi. Biroq Kazening Pepe va Ramos bilan kombinasiyalar uyushtirish maqsadida ortga qaytishi natijasida chiziqlar o‘rtasida bo‘shliq yuzaga kelardi. Kroosning qanotga yaqinroq siljishi Marseloga oldinroqda o‘ynash imkoniyatini berdi, buning ortidan Krishtianu ham raqib jarima maydoni yaqinida to‘p suradigan bo‘ldi. Benzema chiziqlar oralig‘ida, Beyl esa qanotda o‘ynardi. Shu tariqa har bir futbolchining texnik mahoratidan samara chiqarish uchun sharoit yaratdik.


2. 2016 yili «Atletiko»ga qarshi kechgan CHL finali

- Dastlabki finalda 4-4-2 uslubida o‘ynagan «Atletiko»ga duch kelgandik. Bu jamoa raqib xatosini kutib o‘ynashini yaxshi bilardik. Shuning uchun asosiy e’tiborni to‘p nazoratiga qaratdik. Laterallarni imkon qadar kengroq joylashtirdik, yarim himoyachilar markazda uchburchak tashkil etishdi. Beyl va Ronaldu qanotlardan joy olishdi, Benzema esa markazdan. Bunda Karimdan chiziqlar aro doimiy harakatda bo‘lish talab etildi. Shu asnoda maydon kengligidan to‘liq foydalandik, to‘pni qarama-qarshi qanotga oshirish vositasida «Atletiko»ni tezkor hamlaga o‘tish imkoniyatidan mahrum qildik. Kazemiro yana uyg‘unlikni ta’minladi - laterallar yuqoriroqda o‘ynashdi, Krishtianu erkin hujumchi rolini bajardi, Beyl ham tez-tez markazga o‘tib turdi, Kroos va Modrichga chiziqlar o‘rtasida harakatlanish imkoni yaratildi. Ularni orqa chiziqda Pepe-Ramos - Kazemiro uchligi to‘ldirdi. O‘yin jarayonida raqib hujumchisi markazga yaqinlashgan payt yarim himoya-chimiz Kazemiro tomon harakatlandi. Natijada Kroos va Modrich hududlarida son jihatdan ustunlikka erishdik.


3. Benzema va Ronalduning o‘zaro harakatlari

- «Atletiko» maydonning o‘ziga tegishli yarmida ixcham 4-4-2 sxemasi bo‘yicha harakatlandi. Biz esa uzun uzatmalar vositasida Benzemani to‘p bilan ta’minlashga intildik. Chunki Karim va Krishtia­nu o‘rtasidagi bog‘lam ustun jihatimiz edi. Juftlik oldinroqda turgan pallada Beyl to‘p bilan oldinga tashlanardi. Bunda Garet darvozani nishonga olar yoki to‘pni jarima maydoniga uzatardi. Marselo va Karvaxal qanotlardan reyd uyushtirib, oldingi chiziqda ustunlikni ta’minlashardi. Shunda Beyl va Kroosda qo‘shimcha imkoniyatlar yuzaga kelardi. Final arafasidagi mashg‘ulotlarda aynan shu kabi 2-3ta asosiy usul ustida juda ko‘p ishlagandik.


4. 2017 yili «Yuventus»ga qarshi kechgan CHL finali

- «Yuventus» bilan o‘yinda o‘yin uslubini o‘zgartirdik: Iskoni markazga ko‘chirib, romb tashkil etdik. Chunki Krishtianu va Karimga yanada ko‘proq erkinlik berish maqsadida tarkibga to‘rtinchi yarim himoyachini qo‘shgandik. Isko risoladagidek texnikaga ega, to‘p uzatish va gol urishni ham uddalaydi. O‘sha mavsum oldinroqqa o‘tgan Marselo va Karvaxal ham ko‘plab gollarga assistentlik qilishgandi. Zidan final uchrashuvi tanaffusida futbolchilarga imkoni boricha kengroq yoyilishni uqtirdi. Natijada Benzema - Ronaldu juft­ligi jarima maydoni yaqinida harakatlandi, Isko erkin ijodkor maqomida, Modrich va Kroos esa ikkinchi to‘lqin ostidagi hujumchi rolida to‘p surishdi. Orqa chiziqda Kazemiro - Ramos - Varan triosi. Buning evaziga 7 nafar hujumkor o‘yinchiga ega bo‘lgandik.


5. Iskoning roli

- Mazkur tizimda Iskoning pozisiyasi juda qo‘l keldi va o‘yin sifati va to‘pni nazorat qilish foizi oshdi. Isko shuning barobarida himoyada ham muhim rol bajardi. Nafaqat yuksak texnika, balki jismoniy jihatdan ham talab darajasida bo‘lgan futbolchi to‘p yo‘qotilgan payt zudlik bilan ortga qaytib, zaif nuqtalarni to‘ldirdi. Oddiy misol: to‘p raqib nazoratiga o‘tganida, Modrich o‘ng qanot, Kroos esa chap qanotni egalladi, Kazemiro markazni yopdi. Bunda Isko bo‘sh hududga qaytib, Ronaldu va Benzemani ortga chekinish zaruratidan xalos etdi.


6. 2018 yili «Liverpul»ga qarshi kechgan CHL finali

- «Liverpul» bilan kechgan hal qiluvchi bellashuvda yana romb uslubidan foydalandik. Bunda uning markazida Isko harakatlandi. Angliyaning klassik jamoalaridan biri sanalgan raqibning jismonan kuchli ekanligi, yakkama-yakka kurashlarni yoqtirishini bilardik. To‘pni imkon qadar ko‘proq nazorat qilish maqsadida uni qarama-qarshi qanotlarga uzatishni rejalashtirdik. «Liverpul» tarkibida o‘ta hujumkor ikki lateral - Arnold va Robertson borligi shunday usul qo‘llashimizni taqozo etardi. Shuningdek, raqibning o‘ng qanot himoyasida muammolar yuzaga kelishi mumkinligi ham ma’lum edi. U yerda tez-tez bo‘shliqlar yuzaga kelardi. Asosiy vazifamiz to‘pga egalik qilish, Iskoning chiziqlar o‘rtasida, 2 nafar hujumchining esa oldinda to‘p surishini ta’minlash edi. Laterallarni oldingi chiziqqa jalb etish va to‘pni qanotdan qarama-qarshi tomonga uzatish orqali raqibni ko‘p harakatlanishga majbur etishni rejalashtirdik. Futbolchilardan bu yumushlarni yuqori darajada bajarish talab etilardi. Himoya chizig‘ida ham ayrim o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Xususan, Karvaxal va Marselodan himoyadan juda olislab ketmasliklarini so‘radik. Hujum payti ham ulardan biri orqaroqda qolishi shart edi. Chunki raqib safida o‘ta vertikal harakatlanadigan Mane - Firmino - Saloh triosi bor edi. Yigitlarga asosiy vazifalardan biri bu uchlikka tezkor qarshi hujum uyushtirish imkonini bermaslik ekanligi uqtirildi. Shu sababli laterallardan birini orqa chiziqda qoldirishni lozim topdik. Ya’ni raqibning 3 nafar hujumchisiga 4 nafar himoyachini qarshi qo‘ydik.


7. Xotima

- Yuqorida zikr etilgan 3ta final - jamoamizdagi 4-3-3 sxemasi himoya va hujum chiziqlariga bog‘liq o‘zgarishlar ta’sirida 4-4-2 chizmasiga aylangan taktik evolyusiya samarasidir. Muvaffaqiyat 4ta asosiy jihat evaziga qo‘lga kiritildi. Bular - o‘yinchilardagi g‘oliblik mentaliteti; «Madrid»ning CHLdagi qon tahlili; murabbiylar shtabi xizmati; Zayniddin Zidandagi yetakchilik sifati.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:30, 17.01.2022.
O'qildi: 3660 marta.
Fikrlar: 26 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.