Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Pisseriyadan chiqqan uddaburon vositachi

Pisseriyadan chiqqan uddaburon vositachi

Baho:
+ | -

Futbol agenti Mino Rayolaning nomi ko‘pchilik futbol muxlislariga juda yaxshi ma’lum. Xo‘sh, u mashhurlikka qanday erishdi, o‘z mijozlari bo‘lgan futbolchilarning ishonchlarini qay tarzda qozondi? Sky Sports tayyorlagan maqola shu haqida.

Agentlarni ko‘pchilik futbol dushmani deb ataydi. Rayolaga esa ushbu fikrlar juda mos tushadi. Uning hamkasbi va zamondoshi Jorje Mendesh biznesdagi faoliyati sababli soyada qolayotgan bo‘lsa, Rayola bu borada juda ochiq va qo‘rqmay faoliyat yuritmoqda. Mashhur shotlandiyalik murabbiy ser Aleks Fergyuson Minoni yoqtirmasligini darrov tan olib, shunday degandi: «Futbolda menga yoqmaydigan bir-ikki nafar agent bor, ulardan biri Pol Pogbaning agenti Mino Rayola. Biz Pol bilan yana bir yilga uzaytirish imkoniyati bo‘lgan uch yillik shartnomaga ega edik va undan foydalanmoqchiydik. Ammo kutilmaganda katta sahnada Rayola paydo bo‘ldi. Bizning birinchi uchrashuvimiz muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Biz allaqachon fransiyalik yarim himoyachini qo‘ldan chiqarib bo‘lgandik. Chunki Rayola Pol va uning oilasi ishonchini qozona oldi, natijada, mahoratli futbolchi «Yuventus» bilan shartnoma imzoladi».

Shunday bo‘lsada, futbolchilar Mino Rayolani yaxshi ko‘rishadi. Boisi, Pogba «Yuventus» tarkibida superyulduzga aylandi va «Manchester Yunayted»ga qaytishi rekord miqdordagi transferga aylandi. Bir paytlari Minoga Zlatan Ibragimovich ham mijoz bo‘lgan, endi esa Erling Xoland bilan ishlamoqda. Bu haqda Ibragimovich shunday deydi: «Agentimning qanday ko‘rinishda ekanligini bilmasdim va yo‘l-yo‘l kostyumli, katta tilla soat taqqan yigitni uchrataman, deb o‘ylagandim. Biroq taxminlarimga ters o‘laroq, kimni ko‘rdim deng? Qorindor, jinsi shim va NIKE futbolkasi kiygan oddiy odamni. U «Sop-rano avlodlari» teleseriali qahramonlaridan biriga o‘xshardi. Stolga o‘tirganimizda, Mino nima buyurdi, deb o‘ylaysiz? U avakadodan tayyorlangan guruchli taom va qisqichbaqalarga buyurtma berdi. Ofisiantlar bizga gazaklar bilan birga katta laganda ovqat keltirishdi va bu taomga 5 kishining qorni to‘yardi. Biroq Rayolaning o‘zi uni paqqos tushira boshladi».

Kelib chiqishi italyan bo‘lgan niderlandiyalik agent Mino Rayola o‘z mijozlari bilan mustahkam kelishuvga erisha oladi. «Futbolchilar Minoni ajoyib yigit deb o‘ylashadi, chunki ularga eng yaxshi kelishuvlarga erishishda yordam beradi, - deydi sobiq futbolchi Mixel Krek. - Klublar esa uni futbol dushmani deb hisoblashadi.  Top futbol yulduzlari nega Mino Rayolaga ishonch bildirishlarini tushunish uchun uning faoliyatini qanday boshlagani va dastlabki kelishuvlariga nazar tashlash zarar qilmaydi. Tyurpeyn bilan yuz bergan voqea Minoning muzokara borasidagi qobiliyati yuqoriligini anglatsa, boshqa mahoratlari futbolchilar ishonchini qanday qozonishidan dalolat beradi».

Mixel Krek bir paytlari «Ayaks» klubi yarim himoyachisi edi. U Lui van Gal boshqaruvidagi jamoa bilan ikkita sovrinni qo‘lga kiritdi, shuningdek, 1992 yilgi UYEFA kubogi finalida «Torino» ustidan qozonilgan g‘alaba evaziga mazkur musobaqa g‘olibiga ham aylandi. Biroq amsterdamliklar tarkibida Edgar Davids paydo bo‘lganidan so‘ng, u zaxira o‘rindig‘idan o‘rin oldi va Italiyaning «Padova» klubiga o‘tish imkoniyatidan foydalandi. «Bu eng kuchli jamoa bo‘lmasada, menda Yevropaning eng kuchli ligasiga o‘tish uchun ajoyib imkoniyat yuzaga kelgandi va bu oldinga tashlangan katta qadam edi. «Ayaks» futbol maktabiga 8 yoshimda borganman, shu bois, stadionning har bir burchagini bilardim. «Padova» tarkibiga qo‘shilganimdan keyin esa 23 yoshimda mus-taqil holda yashashga ko‘nikishim lozim edi».

Ammo Mixelning ushbu so‘zlari haqiqatga unchalik ham to‘g‘ri kelmaydi. Chunki o‘sha payt «Padova»da Rob Yansen bosh murabbiy bo‘lib, uning yordamchisi Mino Rayola edi. «O‘shanda Mino Rob bilan birga faoliyat yuritayotgan va Italiyaga kelgan barcha yangi o‘yinchilarga sharoitga moslashishlari uchun yordam berishi lozim edi», - deydi Krek.

Bolaligidan Garlemdagi ota-onasining pissa tayyorlaydigan kafesida ishlagan Rayo-la biznes borasida o‘zgacha qobiliyatga ega edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u 17 yoshidayoq Italiya bozorida Niderlandiya kompaniyalari uchun rivojlanish imkoniyatlarini o‘rganadigan Intermezzo kompaniyasiga asos soldi. Minoning ta’kidlashicha, o‘zining ilk millionini o‘smirligidayoq ishlab topgan.

Taqdirning o‘zi Amsterdam chekkasida yashovchi italyan millatiga mansub yigitchani futbol sohasiga boshladi. Rayola «lolalar yurti»dagi iqtidorli futbolchilarning buyuk avlodi yetishib chiqayotgan hamda «A» seriya dunyoning eng kuchli ligasi bo‘lgan bir paytda ish boshladi. «Albatta, o‘sha davrda Italiyadagi maosh Niderlandiyadagiga qaraganda ko‘proq edi», - deydi Krek.

Ishbilarmonligi bois, Rayo-lada vositachi bo‘lish imkoniyati tug‘ildi. U Dennis Bergkamp-ning «Inter» tarkibiga qo‘shilishida ishtirok etdi. Lekin Mino undan boshqa ham ko‘plab kelishuvlarga ega bo‘lgandi. Masalan, o‘sha yili yarim himoyachi Marciano Vink «Jenoa» tarkibidan joy oldi. Bir yil oldin esa yana bir niderlandiyalik yarim himoyachi Brayan Roy «Fodja» safiga qo‘shilgandi. Royning Rayola bilan hamkorligi esa o‘zgacha bo‘lgan. Bu haqda sobiq futbolchi shunday deydi: «Mino italyan tilini yaxshi bilanligi uchun mening fodjaliklar tarkibiga qo‘shilishim borasidagi kelishuvni u olib bordi. Ammo yanada muhimrog‘i, shartnoma imzolanganidan keyin Rayolaning menga qanday munosabatda bo‘lganligi. Mino kecha-yu kunduz yonimda bo‘ldi. Buning uchun undan doim minnatdorman. Hamma ham siz uchun bunchalik yaxshilik qilavermaydi».

Mino Fodjada Royga olti oy davomida hamroh bo‘ldi. Bu haqda sobiq yarim himoyachi shunday eslaydi: «Biz bir necha oy davomida mehmonxonaning qo‘shni xonalarida yashadik. Keyinchalik o‘zimga xonadon topdim, u esa menga hamma narsada yordamlashdi, kvartira uchun kerakli narsalarni topib berdi».

Mino o‘shanda barcha ishni o‘z zimmasiga oldi va hech narsani ko‘zdan qochirmadi. Rayola hattoki, Brayanga kvartirasini bo‘yashda ham ko‘maklashdi. Roy uchun bu uning sadoqatidan dalolat edi. «Italiyada go‘zal shaharlar juda ko‘p, - deya gapini davom ettirdi Roy. - Lekin Fodja bunday shaharlar sirasiga kirmaydi. Ushbu gaplarimdan esa Minoning aslida qanday inson ekanligini bilib olish mumkin».

O‘sha kezlari Mino shunday salohiyatga ega bo‘lgandi. U ko‘plab tanishlar orttirdi, muammolarni juda osonlik bilan hal etdi. Rayola davralarning guli va juda so‘zamol inson. U nafaqat o‘zini madaniyatli tarzda tutadi, balki o‘z xatti-harakatlari bilan boshqalarni ham shunga undaydi. Mino «Yuventus»ning sobiq direktori Luchano Modjini hali agent sifatida ko‘pchilikka tanilib ulgurmagan paytida, rejalashtirilgan uchrashuvga kelmagani uchun xodimlari oldida qanday izza qilganligini ham eslab o‘tgandi.

«Lasio», «Napoli» va «Roma» kabi taniqli klublarda faoliyat yuritgan chexiyalik murabbiy Zdenek Zeman ham Rayola bilan hisoblashishga majbur bo‘lgandi. Roy «Fodja» safiga qo‘shilganida, jamoani Zeman boshqarar va tez orada u kutilmagan yordamchiga ega bo‘lgandi.

Zeman ham Minoning ishini yuqori baholadi. 1996 yilning yozida Rayola chexiyalik Pavel Nedvedning Praga «Sparta»sidan Zdenek qo‘l ostidagi «Lasio»ga o‘tishiga yordam berdi. Keyinchalik Nedved «Yuventus» tarkibidan o‘rin oldi, Turin klubi safida 2003 yili «Oltin to‘p»-ni qo‘lga kiritdi va Mino Rayolani superagent deya e’tirof etdi. Ammo bu vaqtga kelib qahramonimiz Yansenning tarjimoni emasdi.

Garchi Rayolaning agentlik kompaniyasi kichik bo‘lsada, Mino uni shaxsan o‘zi boshqarayotgani bilan faxrlanadi. Agentlik faoliyatini boshlaganiga 20 yil bo‘lsada, Mino hamon futboldagi eng yirik kelishuvlarni amalga oshirmoqda, jahonning eng kuchli klublari hasadini keltirmoqda. Yulduzlar esa hamon Rayolaga ishonishadi...

Erling Xolandning transferi futbol tarixidagi rekordlardan biri bo‘lishi mumkin. Va bizningcha, u albatta, Mino Rayola ishtirokida amalga oshadi.

Ulug‘bek Umarov tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:30, 20.01.2022.
O'qildi: 1544 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.