Kilian Mbappe ikkinchi marta «PSJ»ning shartnoma uzaytirish borasidagi taklifini rad etdi. Marca nashri xabariga ko‘ra, klub futbolchiga 1 mavsum uchun 50 million yevrolik maosh bilan ikki yillik shartnoma taklif qilgan. Parijliklar rahbariyati futbolchini Qatarda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida «PSJ» futbolchisi sifatida qatnashishini istamoqda. Shuningdek, Xelayfi futbolchini Parij klubining yevrokuboklarda raqobatbardosh jamoaga aylantirishga ishontirmoqchi. «Real Madrid» Kilianning shartnomasi yakunlanishini kutmoqda va u uni erkin agent sifatida qo‘lga kiritishni mo‘ljallamoqda.
23 yoshida Mbappe istalgan futbolchi orzu qilgan narsaga erishdi — Jahon chempionatida g‘olib chiqdi, to‘rt marta Fransiya chempioni bo‘ldi, Chempionlar Ligasi pley-offida o‘ynadi va istalgan vaqtda rekord darajadagi maosh bilan shartnoma imzolash imkoniyatiga ega. Nega u buni qilmayapti va Kilianni Parijda saqlab qolish shunchalik muhimmi? Sababi, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham muzokaralarga qo‘shildi va futbolni Parij klubida qolishga chaqirdi? Buning sababi nima? Keling, buni aniqlashtiramiz!
Nega Mbappe «PSJ»ni tark etmoqchi?
Mbappe o‘z iqtidori va salohiyati darajasini yaxshi biladi, shuning uchun uning oldidagi asosiy vazifalar imkon qadar tezroq «Oltin to‘p» va Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishdir. «PSJ»da buni qila oladimi? Nazariy jihatdan, ha. Ammo buni Parijda qilish Ispaniya yoki Angliya chempionatlaridan ko‘ra qiyinroq bo‘ladi. Sababi Liga—1 musobaqasining(APL va La Liga bilan solishtirganda) darajasi qolganlardan biroz pastroq.
«PSJ» o‘tgan mavsumda chempionlikni qo‘lga kirita olmagan bo‘lsa-da, Fransiyada so‘zsiz gegemon klub bo‘lib qolmoqda. Transfermarkt parijliklar tarkibini 909,5 million yevroga baholamoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ichki chempionatda ikkinchi o‘rinda turgan «Monako» - 352,2 millionga baholangan. «PSJ» futbolchilarning nomi va qobiliyati bilannatijalarga erishishga o‘rganib qolgan - «Lans» yoki «Anje»ni mag‘lub etish uchun ular 100 foiz bor kuchini berish shart emas. Ammo bu Chempionlar ligasida muammolarga sabab bo‘lmoqda. Aynan mana shu sabab «PSJ»ning Yevropa arenalaridagi asosiy muammosi bo‘lib qolmoqda va ushbu xatoni to‘g‘rilash uchun parijliklarga o‘yinlar juda kamlik qiladi. Mavsum davomida ular ichki chempionatda 7-10 ochko yo‘qotsa, Premyer-liga va Ispaniya klublari hatto autsayderlar bilan o‘yinlarga ham sezilarli darajada tayyorgarlik ko‘rishadi. Bu Chempionlar ligasining pley-off bosqichida to‘liq tezligini yoqishga odatlanmagan «PSJ»ga yaxshigina zarba bo‘ladi.
Shuningdek, jamoada aniq yetakchining yo‘qligi kabi muammo ham mavjud. «Liverpul», «Chelsi» va «Bavariya» kabi jamoalar jamoaviy o‘yin va bosimga tayanib, Chempionlar ligasida muvaffaqiyat qozonishsa, «PSJ» tarkibdagi yulduzlar soniga tayanishda davom etmoqda. Oddiy «Bavariya»ni olaylik, agar nemis klubi himoyaviy o‘yin ko‘rsatsa, hatto Levandovski va Myuller kabi futbolchilar ham mudofaaga qaytishadi. Ammo Parij klubi safida Messi va Neymar kabi top-darajadagi yetakchilar bunday ishni qilishmaydi va «PSJ» to‘qqiz kishi bilan himoyalanishga majbur bo‘lishadi, shuningdek «ko‘k-qizillar»da himoya va hujum chizig‘i deyarli bog‘lanmagan.
OAVning ta’kidlashicha, Mbappe «PSJ»ni tark etish orqali Neymar hamda Messining soyasidan chiqib ketishni mo‘ljallamoqda. Futbolchi biladiki, u Yevropaning istalgan klubida so‘zsiz birinchi raqamli figuraga aylana oladi. O‘sha ishni Parij klubida amalga oshirishning iloji yo‘qmi? Ha, bo‘ladi, ammo «PSJ» shunchaki «Real Madrid»dek tarixiy maqomga ega emas.
Demak, «PSJ» bilan shartnomani uzaytirmaslik masalasida Mbappe uchun pul asosiy omil emas. Parijliklarning qatarlik xo‘jayinlari tomonidan moliyalashtirilib, ularda pul tomonlama hech qanday muammo yo‘q. Klub Mbappening har qanday istaklarini qondirishga tayyor, ammo u hali ham ketishni istamoqda. Ammo Parij uchun uning ketishi — Yevropa maydonlarida yana bir necha yillar sovrinsiz qolishga barobar.
Nega «PSJ» uchun Mbappeni saqlab qolish juda muhim?
Parij klubi Kilian bilan muzokaralarda maksimal darajada futbolchiga moslashuvchanlikni ko‘rsatmoqda va klub unga qisqa muddatli shartnoma taklif qildi. Futbolchi maosh va turli bonuslarni hisobga olgan holda Yevropaning eng ko‘p oylik maosh oladigan futbolchisiga aylanishi mumkin.
«PSJ» va butun fransuz futboli uchun bu shartnoma eng asosiy narsa hisoblanadi. Agar Mbappe Ispaniyaga ketsa, Liga—1 ham obro‘sini, ham reklama shartnomalarini yo‘qotadi va ular Angliya, Ispaniya va Germaniya yetakchilari bilan yillar davomida teng sharoitda raqobatlashadigan klub sifatida e’tirof etilmay qolishi mumkin.
Messi haligacha «Barselona»da ko‘rsatgan o‘yinini namoyish etmayaptiva Neymar 30 yoshida bo‘lsa-da, maydonga tushgan o‘yinlaridan ko‘ra jarohat sabab maydonga tushmagan o‘yinlari ko‘payib ketgan.
Mbappe yulduzlar bilan to‘ldirilgan «PSJ»ning eng muhim va qolganlariga qaraganda foydalaroq futbolchisi hisoblanadi. Kilian endigina 23 yoshda va uning karyerasidagi yorqin kunlar hali oldinda. Messi yozda 35 yoshni qarshi oladi va ehtimol shartnomasi yakunlangach «Barsa»ga qaytishi mumkin. Neymar 30 yoshga kirdi va jarohatlar uning faoliyatini izdan chiqargan. Agar Mbappe ketsa, «PSJ»ning asosiy dvigateli ishdan chiqadi.
Demak, Mbappe bilan shaxsiy muzokaralar olib borgan va undan Fransiyada qolishini so‘ragan mamlakat prezidenti Emmanuel Makron ham bu ishga aralashib qolgani bejiz emas. Muzokaralarning yana bir vositachisi Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi hisoblanadi. El Mundo nashri xabariga ko‘ra, «PSJ» prezidenti Nosir Al-Xelayfi va sport direktori Leonardga Qatar amiri tomonidan har qanday holatda ham Mbappeni jamoada saqlab qolish vazifasi yuklangan. Liga—1 Qatarning beINtelekanali bilan katta shartnomaga ega va futbolchi ketadigan bo‘lsa, telekanal kattagina zarar ko‘rishi mumkin. Demak, Kilianning transferi faqat klubnigina emas, balki siyosatmasalalarga sabab bo‘lib turibdi.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.