«Yuventus» yulduzi Marle Ake bugun tunda «Fiorentina»ga qarshi o‘zining birinchi katta o‘yinida maydonga tushishi kutilyapti. Xo‘sh, 19 yoshli futbolchi haqida nimalarni bilasiz va undan nimalarni kutish mumkin?
Akeni «Yuventus» muxlislari yaxshi bilishadi. U o‘tgan mavsum Andrea Pirlo qo‘l ostida kattalar jamoasida bir marta ko‘rinish bergan edi. Biroq, futbolchi «byankoneri»lar tarkibida navbatdagi bahsda maydonga tushishi uchun uzoq vaqt kutishiga to‘g‘ri keldi. Marle yanvar oyida Italiya kubogi doirasidagi «Sampdoriya»ga qarshi bahsda kattalar jamoasidagi debyutini o‘tkazdi va 16-daqiqada jamoasi foydasiga penalti ishlab berdi (penalti Alvaro Morata tomonidan golga aylantirildi). Oradan bir oy o‘tmay, u A Seriyada ham debyut qildi va «Atalanta»ga qarshi safar bahsida zaxiradan maydonga tushdi.
U bugun «Yuventus»dagi birinchi o‘yinini yuqori darajada boshlashi mumkin, chiqayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, u 3-5-2 sxemasida o‘ng qanot himoyachisi sifatida tanlanadi. «Keksa sinyora» Toskanaga ko‘p sonli jarohat olgan futbolchilar bilan yo‘l oldi, shuningdek, dam olish uchun imkoniyat yaratib berilgan futbolchilar ham mavjud. Ular Leonardo Bonuchchi va Xuan Kuadrado.
Ake bugun tunda «Yuventus»ning asosiy tarkibida kolumbiyalik vinger o‘rnini egallashi mumkin. Bunda unga Moyze Kin raqobatchi bo‘ladi. Akening kumiri «Chelsi» afsonasi Didye Drogba bo‘lib, u ham faoliyatining bir necha yilini «Olimpik Marsel»da o‘tkazgan. Ular bir xil pozisiyada o‘ynashmaydi, lekin Ake sobiq hujumchining izidan borishni orzu qiladi. Marle 2001 yil 5 yanvarda Fransiyaning Bezye shahrida tug‘ilgan, ammo Ivuar pasportiga ega.
Fevral oyida u «Yuventus» telekanaliga bergan intervyusida «Drogba - butun mamlakatning kumiri», - degan jumlalarni ta’kidlab o‘tdi. «Didye barcha davrlarning eng yaxshi ivuarlik futbolchisi va men u haqidagi hujjatli filmni o‘n martadan ortiq ko‘rganman. Drogba o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishish yo‘lida ko‘p mehnat qildi, o‘zining sabr va matonatini isbotladi. U APL tarixidagi eng yaxshi hujumchilardan biriga aylandi va umid qilamanki, tez orada o‘z talantimni isbotlash uchun kattalar jamoasida o‘ynay olaman», - deydi vunderkind.
Ake Turinga 2021 yilning yanvar oyida «Marsel»dan kelib qo‘shilgan edi. U Liga 1 jamoasi safida 26 marta maydonga tushdi. Fransuz yulduzi asosan «keksa sinyora»ning 23 yoshgacha bo‘lgan jamoasi safida o‘ynab, Italiyaning uchinchi divizioni sanalgan C Seriyada 41 o‘yinda 7 ta gol urdi va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi. «Yuventus» o‘rinbosarlar jamoasidagi futbolchilarga asosiy tarkibdan joy beruvchi kam sonli klublardan biri hisoblanadi.
Bu esa jamoa tizimida seleksionerlik ishlari yaxshi ketayotganini ko‘rsatadi. Ayni dam Ake o‘ng qanot himoyasiga yaqin joyda o‘ynagani uchun o‘z pozisiyadan chetga chiqib harakatlanishi ham mumkin. Ake uchun shuningdek, chap qanot himoyachisi pozisiyasi ham begona emas.