Kirish Ro'yxatdan o'tish
31/05 19:00 Surxon 1-0 So‘g‘diyona
31/05 19:30 OKMK 1-0 Metallurg
02/06 00:00 Borussiya D - Real Madrid
02/06 21:00 Atalanta - Fiorentina

Manchester – moviy rangda yoxud alamli faktlar jamlanmasi

Manchester – moviy rangda yoxud alamli faktlar jamlanmasi

Baho:
+ | -

Bundan roppa-rosa bir kun avval dunyodagi eng mashhur va murosasiz derbilardan biri bo‘lgan Manchester qarama-qarshiligi bo‘lib o‘tdi. Unda bir tomon muxlislari o‘ta xursand bo‘lishdi, boshqa tomonda esa aksincha holat yuz berdi. O‘yin mezbon jamoa, «Manchester Siti» foydasiga hal bo‘ldi (4-1). Garchand «MYU» yaqin o‘n yil ichida tarkib uchun 1,2 milliard funt sarflagan bo‘lsada, amalda saviyali jamoa maqomini yo‘qotgani ayon bӯldi. Buni quyidagi statistikalar ham isbotlab turibdi.

Ser Aleks Fergyuson «qizil iblislar»ni tark etgan, 2013 yildan beri ularning dovrug‘kor qo‘shnisi dunyo futbolida dominant kuchga aylanib oldi. «Manchester Siti» ashaddiy dushman sifatida ko‘radigan hamshahar jamoasini 4-1 hisobida mag‘lub etib, o‘zini har jihatdan «MYU»dan ustun ekanini isbot qildi. Shuningdek, ushbu natija 2013 yilda Fergyuson «MYU» bilan so‘nggi APL titulini yutganidan buyon voqealar rivoji qanday o‘zgarganini ham ko‘rsatib berdi. Xususan, bu vaqt oralig‘ida «shaharliklar» jami to‘rt bora Angliya chempioni deb topildi. Ayni damda esa beshinchi titulga juda ham yaqin turibdi.

O‘tgan to‘qqiz yillik muddat ichida Manuel Pellegrini ilk bor 2016 yilda «Manchester Siti»ni chempionga aylantiradi. Undan keyin esa Pep Gvardiolaning erasi boshlandi. U hozirga qadar o‘z jamoasini jami uch marta, 2018, 2019 hamda 2021 yillarning eng yaxshi klubi qila oldi. Pep shuningdek, jamoasi bilan o‘tgan yili YECHL finaligacha yetib kelgan edi.
«Manchester Yunayted» tomonda ishlar chappasiga ketdi. Jamoa Fergyusondan keyin harchand urinmasin, nechta murabbiy almashtirmasin, chempionlikka yetisha olmadi. Bu holat hozir ham davom etmoqda va endilikda jamoaning ahvoli avvaligidan og‘irroq ko‘rinishga kelgan. «MYU» chempionlikka eng yaqin kelgan mavsumi o‘tgan yilga to‘g‘ri keladi. Jamoa o‘shanda mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunladi. Ammo yetakchi «Man Siti»dan baribir 12 ochko kam jamg‘argandi.

Tomonlarning 2013-2014 yilgi mavsum startidan buyon to‘plagan ochkolarida ham katta farq mavjud. Bu ko‘rsatkich o‘rtacha hisobda «Manchester Siti» uchun 84 ochkoni, «MYU» uchun esa 69 ochkoni tashkil etadi. Ushbu statistikaga qo‘shimcha ravishda bu davrda titul yutish ko‘rsatkichlarini ham keltirish mumkin. Bu borada ham mutlaq yetakchi «shaharliklar»dir (11-3). Moviy ranglilar 9 yilda 4 ta mamlakat chempionligidan tashqari 6 ta liga kubogiga va 1 ta FA kubogiga ega chiqqan.


«Manchester Yunayted»ning 3 ta sovrinidan bittasi Lui van Gal davrida (Angliya kubogi), ikkitasi esa Joze Mourinyo boshchiligida yutilgan (liga kubogi va Yevropa ligasi). Ha aytganday, «shaharliklar» Fergyuson «Old Trafford»ni tark etganidan buyon har mavsumda YECHLda ishtirok etib keladi. «MYU» esa 9 yilda bu imkoniyatning 4 tasini boy bergan.

Endi murabbiylar masalasiga ham to‘xtalib o‘tsak. «Qizillar» bu borada o‘ta o‘zgaruvchan yo‘ldan bordi. Ular 2013 yildan 2022 yilga qadar 5 marta murabbiy almashtirgan. Ular: Devid Moyes, Lui van Gal, Joze Mourinyo, Sulsher va Ralf Rangniklardir. «Moviy ranglilar» 9 yilda ikkita mutaxassis xizmatiga ehtiyoj sezdi, xolos. Bular : Manuel Pellegrini hamda Pep Gvardiola. Yuqorida keltirilgan faktlarning barchasi Manchester shahrining qizil tomonini hafsalasini pir qilib kelmoqda, xafa qilmoqda.
Qiziq tomoni shundaki, bir xil tarixiy davr ichida har ikki tomon transferlar uchun deyarli teng miqdordagi mablag‘ni sarf etgan. Gvardiola jamoasi 1,25 milliard funt ishlatgan bo‘lsa, «MYU» bu borada 50 million kamroq, 1,20 milliardni sarflagan.
Bu yerda «qizil iblislar» uchun eng achinarli jihat bor: shuncha harakatlarga, pul, vaqt va mehnat sarfiga qaramasdan, jamoa ayni damda tartibsizliklarga ega bo‘lib turibdi. «Old Trafford»ni yozda 16 ta futbolchi tark etishi mumkinligi ham shundan darak beradi...

 

 

Jaloliddin ISMATOV tarjimasi

Manba: thesun.co.uk
Kiritildi: 23:11, 07.03.2022.
O'qildi: 2192 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.