Superliganing 2-turida uch yillik tanaffusdan keyin muxlislar yana “o‘zbek el-klasiko”siga guvoh bo‘lishadi.
Chempionatlarimizdagi eng jiddiy qarama-qarshilik sanalgan "Paxtakor" va "Neftchi" to‘qnashuvi Toshkentda bo‘lib o‘tishi belgilangan. Har ikki klub o‘zaro o‘yinlarda bir-biridan ko‘p ochko tortib olgani ham jamoalarning o‘zaro o‘yinga qanday munosabatda bo‘lishini ko‘rsatadi.
Jamoalar chempionatlar tarixida 54 o‘yin o‘tkazishgan. Kichik ustunlik "Paxtakor" tarafida - 25 g‘alaba, 9 durang va 20 mag‘lubiyat. Raqib darvozasiga 91 to‘p kiritgan "sherlar" 67 to‘p o‘tkazib yuborishgan. Toshkentdagi bellashuvlarning 20tasida "Paxtakor" ustun kelgan bo‘lsa, 5 bahsda farg‘onaliklar g‘alaba qozongan. Ikki o‘yin durang bilan tugagan. Toshkentda kechgan oxirgi 14 uchrashuvda "Neftchi" faqat birgina bellashuvda gol ura olgan. Toshkent jamoasi o‘z maydonidagi to‘qnashuvlarda 58 gol urgan holda 16 to‘p o‘tkazib yuborgan. "Paxtakor" 10 bor raqibni yirik natija bilan dog‘da qoldirishga erishgan bo‘lsa, "Neftchi"da bunday g‘alabalar soni uchtani tashkil qiladi.
Shuningdek, klublar O‘zbekiston Kubogida 15 uchrashuv o‘tkazgan va "Paxtakor" ularning 12tasida ustun kelgan. 3 bellashuvda Farg‘ona klubi g‘olib bo‘lgan. "Paxtakor-79" xotira turniri va "Toshkent xalqaro turniri" finallarida ham jamoalarning to‘qnashuvi ro‘y berib, ularning barchasida “sherlar”ning ustunligi kuzatilgan.
"Paxtakor"ning eng yirik g‘alabasi 6:0, "Neftchi"da esa 4:0 hisoblanadi. Rustam Do‘rmonov o‘zaro uchrashuvlarda 12 to‘p kiritgan. Shuhrat Maqsudov esa har ikki jamoa tarkibida gol urgan yagona o‘yinchi sanaladi.
"Paxtakor" va "Neftchi" o‘rtasidagi to‘qnashuv 10 mart, payshanba kuni "Paxtakor" stadionida soat 18:30da boshlanadi.