Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Muxlislikdan kasbgacha yo‘l

Muxlislikdan kasbgacha yo‘l

Baho:
+ | -

Mana, yangi futbol mavsumini ham boshlab oldik. 2021 yil yakunlariga ko‘ra, «Paxtakor», «Lokomotiv», «Qo‘qon-1912», «Bunyodkor» va «Nasaf» jamoalari matbuot xizmati faoliyati alohida e’tirof etilgandi. Shuni nazarda tutgan maxsus muxbirimiz «Nasaf» matbuot guruhi rahbari Sardor Nuriyni suhbatga chorlab, yangi mavsum rejalari xususida gurunglashdi.

- Sardor, matbuot xizmati ko‘p tarmoqli bo‘lib, hozirda uning shakl-shamoyiliyu, yo‘nalishi tamomila o‘zgardi.

- Juda to‘g‘ri. Axir internet asrida yashayapmiz, har lahzada biror yangilik chiqib turibdi. Xususan, futbolga taalluqli so‘nggi yangiliklarga talab katta. Deylik, o‘yinni istagan vaqtda to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati tug‘ildi. Shunday ekan, klublar matbuot xizmati ham zamondan ortda qolmasligi, barchasini tezkor ravishda yo‘lga qo‘yishi shart. Aks holda, muxlislar talabini qondirolmaymiz. Albatta, bu borada hali ko‘p izlanishimiz, jahon futboli tajribasini o‘rganishimiz kerak.

- 2021 yilgi matbuot xizmati yutuqlarini nima bilan izohlaysiz?

- Mana, 3 yildirki, pandemiya sharoitida yashayapmiz, ishlayapmiz. Bu holat birinchi navbatda, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishni taqozo etadi. Shundan kelib chiqqan holda, muxlislar bilan iloji boricha tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Qarshidagi «Markaziy» stadionida matbuot xizmatiga alohida joy hozirlangan - ovoz rejissyori, suxandon, sharhlovchi, o‘yinni efirga uzatuvchilar guruhi uchun maxsus xonalar bor. Internet tarmog‘ini sifatli va tez ishlashi ham to‘liq ta’minlangan. Har bir o‘yindan oldin qaydnoma bilan birga jamoalarga doir statistik ma’lumotlar buklet shaklida tarqatiladi. Uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumani shinam zalda tashkil etiladi. Albatta, bu yutuqlar zamirida klub rahbariyatining katta e’tibori turibdi.

- Hali ham muxlislik madaniyatiga amal qilmaydiganlar yo‘q emas. Odatda bunday «muxlis»larga qanday munosabat bildirasizlar?

- O‘yindan oldin ham, uning davomi va tanaffusda ham stadionda o‘zini tutish talablari alohida eslatiladi. Deylik, qoidaga xilof xatti-harakatlar ham muxlislar, ham klubga qimmatga tushishi, bunga nisbatan keskin choralar qo‘llanilishi mumkinligi qat’iy ohangda ta’kidlanadi. Bunday targ‘ibot-tashviqot ma’lum darajada samara beryapti, albatta. Ammo tribunalarda to‘laqonli tartib o‘rnatishda aslo xotirjam bo‘lmasligimiz kerak. 

- «Nasaf»da ajoyib an’ana shakllangan - klubi video­uskunalari yordamida o‘yinlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Sport» telekanaliga uzatish tajribasi bor. Bu ish o‘zini oqlayaptimi?

- Albatta. Axir hammada ham «Nasaf» o‘yinlarini stadionda ko‘rish imkoni yo‘q. Umuman olganda, uchrashuvlarni klub tomonidan ham efirga olib chiqish tajribasi xorijda ancha ommalashgan. O‘zbekistonda ham klublar shu yo‘ldan borsa, yaxshi bo‘lardi. Qarshidan o‘yinlarni uzatishda katta ijodiy guruh mehnat qiladi - tajribali rejissyor Turob Haydarov, malakali tasvirchilar Shuhrat Xo‘janazarov, Otabek Egamberdiyev, Sanjar Mo‘minov, rejissyor yordamchilari Husniddin Rahmonov, Ulug‘bek Karimov. Guruhimiz nafaqat «Nasaf», balki «Mash’al», «Buxoro», «Dinamo» va «Sho‘rtan» jamoalari o‘yinlarini ham efirga uzatishda fidoiylik ko‘rsatadi. Bu ishimiz PFLning tashakkurnomasida ham alohida e’tirof etildi.

- Bolaligingizdan «Nasaf»ga muxlislik qilgan ekansiz. Qarangki, bugun jamoa tizimida ish olib boryapsiz.

- Muxlislik - bu unutilmas xotiralar. Ha, bolaligimdan «Nasaf» «jinnisi»man. Albatta, sevimli klubimda ishlash - men uchun o‘zgacha sharaf. Jamoaga qaysidir yo‘nalishdan foydam tegsa, bas. Bobom, taniqli adib Samar ota Nurov (Nuriy) meni shunday tarbiyalagan.

- 2022 yilgi futbol mavsumi har qachongidan murosasiz kechishi taxmin qilinmoqda. «Nasaf» vakili sifatida aynan nimalarni kutyapsiz? Rejalar qanday?

- Darhaqiqat, bu yil chempio­natimiz o‘zgacha tus olsa kerak. Har holda, biror jamoaga oson bo‘lmasligini bemalol taxmin qilish mumkin. Buni klublarning tayyorgarlik jarayoni va tranfserlari ham ko‘rsatib turibdi. Bilasiz, «Nasaf» keng front bo‘ylab kurash olib boradi. Ayniqsa, OCHL saralashi «pley-off» o‘yini muhim. Ha, jamoamiz superkubokni «Paxtakor»ga boy berdi. Lekin bundan fojia yasash no­o‘rin. Oldinda muhim o‘yinlar ko‘p.

Rejalarga kelsak, mavsum oldidan «Markaziy stadionida katta ko‘lamda ish amalga oshirildi. Jumladan, media markaz sifatli ta’mirdan chiqarildi. Buyog‘iga internet jurnalistikasiga katta e’tibor qaratamiz. Ish sifatini keskin yaxshilash uchun matbuot xizmati texnik imkoniyatlarini oshirish ko‘zda tutilgan. Deylik, internet ma’muri o‘z dasturini tayyorlamoqda.

- Demak, «Nasaf» matbuot guruhi jahon tajribasini o‘zlashtirish uchun hamon izlanishda...

- Xuddi shunday. Zamon o‘zgar­yapti, talablar o‘zgaryapti. Qarang, o‘zimizcha Suriya, Livan, Singapur va Hindiston futbolini nazarga olmaymiz. Ammo ushbu mamlakatlarda rivojlanish katta ekanligini unutmaslik kerak. Hammasi mazkur yurtlar milliy jamoalari o‘yinida ko‘zga tashlanyapti. Ularda infratuzilma yuksalishi bilan ijobiy siljish kuzatilmoqda. Albatta, bizda ham futbolga davlat darajasida qaralayotgani e’tirofga munosib. Lekin matbuot xizmati yo‘nalishida Yaqin Sharq mamlakatlari ilg‘or tajribasini o‘rganishimiz shart. Oddiy misol, arab klublarining oddiy o‘yinida ham yuzlab jurnalist ish olib boradi. Bizda esa... Shunday ekan, hali ko‘p izlanishimiz lozim. Qachonki, futbolni xalqimizga xolis va shaffof holatda yetkazib bersak, unga qiziqish yanada oshadi va bu umummanfaatga xizmat qiladi.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 10:25, 17.03.2022.
O'qildi: 1375 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.