Diqqat qiling, Kataloniya klubi alohida fond orqali oxirgi 10 yilda 100 mingdan ortiq bolaga yordam qo‘lini cho‘zibdi. Aniqroq ifoda etganda, jamoa rahbariyati bu muddat ichida Barselona, Jirona, Lyeyda va Tarragona provinsiyalari kengashi bilan kelishgan holda, Kataloniyaning 86ta munisipalitetida yashaydigan 111 712 nafar o‘g‘il-qizga qaysidir masalada moddiy-ma’naviy ko‘mak bergan. Qoyil!
«Barselona» jamg‘armasi faoliyatining asosiy ikki yo‘nalishi - bolalarga nisbatan zo‘ravonlik (jumladan, bezorilik)ka qarshi kurashish va ularning talab darajasida ta’lim olishlari uchun sharoit yaratish. Fond shuning barobarida inklyuziv masalalarga ham befarq emas. Ya’ni nogironlar, qochoqlar va muhojirlarga ijtimoiy hayotda o‘z joylarini topishlarida imkon qadar ko‘maklashadi. E’tiborli tomoni, ushbu maqsadlarga erishishning asosiy yo‘li - bolalarni muntazam sport o‘yinlariga jalb etish. Qolaversa, jamg‘arma mutaxassislari maktab o‘quvchilari bilan bezorilikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus treninglar o‘tkazishadi. Yana bir ta’sirli holat shuki, jamg‘arma «Barselona» ayollar va erkaklar jamoalari futbolchilarining muntazam ravishda shifoxonalarda og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bemor bolalar holidan xabar olib turishlari, ular bilan samimiy suhbatlashishlarini ta’minlaydi.
Tabiiyki, «Barsa» jamg‘armasi xayriya mablag‘lari yig‘ish va ularni tarqatish bilan ham shug‘ullanadi. Jumladan, fond Nike va Konami kompaniyalari, shuningdek, UYEFA Bolalar jamg‘armasi tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlanadi. Darvoqe, «Barselona» rahbari Joan Laporta YEL 1/16 finalidan o‘rin olgan «Napoli»ga qarshi o‘yin (1:1) arafasida institusional masalalar bo‘yicha vise-prezident Elena Fort va jamg‘arma bosh direktori doktor Marta Segu hamrohligida aynan Barselona, Jirona, Lyeyda va Tarragona provinsiyalari oliy kengashi vakillari bilan uchrashdi. Bunda tomonlar ortda qolgan yillar davomida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish barobarida hamkorlik bo‘yicha yangi rejalarni muhokama qilishdi. Demak, «Barsa» bolalar himoyasiga qaratilgan yo‘nalishdagi missiyasini davom ettiradi.