Ispaniyaning «Real» va Germaniyaning «RB Leypsig» klublari o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralardan keyin ham Kot-d'Ivuar terma jamoasi vingeri Yan Diomandening transferi bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilmadi. Bu haqda Germaniyaning nufuzli Bild nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, «RB Leypsig» madridliklarning 100 million yevro va 115 million yevrolik ikki taklifini rad etgan.
Xabarda aytilishicha, endi nemis klubi futbolchi uchun kamida 120 million yevro kafolatlangan mablag‘ talab qilmoqda. Turli bonuslar qo‘shilganda esa transfer qiymati 135 million yevrogacha yetishi mumkin.
Avvalroq taniqli insayder Fabrisio Romano Yan Diomande yaqin orada «Real» futbolchisiga aylanishini, transfer summasi esa 100 million yevrodan oshishini ma’lum qilgan edi.
Diomande 2025 yildan buyon «RB Leypsig» sharafini himoya qilib kelmoqda. U 2025/2026 yilgi mavsumda barcha musobaqalarda 36 ta o‘yin o‘tkazib, 13 ta gol va 10 ta golli uzatma qayd etdi.
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 90 million yevroni tashkil etadi. Uning «RB Leypsig» bilan amaldagi shartnomasi yana to‘rt yilga mo‘ljallangan. Shuningdek, Diomand 2026 yilgi jahon chempionatida 4 ta uchrashuvda ishtirok etib, 1 ta golli uzatma bergan.













