Madridning «Real» klubi va qanot hujumchisi Vinisius Junior o‘rtasida yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar qariyb ikki yildan buyon davom etayotgan bo‘lsa-da, tomonlar hali ham kelishuvga yaqinlasha olmayapti. Bu haqda Globo muxbiri Kaxe Mota xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Braziliya terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatidan chiqib ketganidan so‘ng «Real» futbolchiga yangi shartnoma taklif qilgan. Biroq bu taklif ham Vinisius talablariga javob bermagan.
Xabarda aytilishicha, hozirda Vinisius yiliga taxminan 18,5 million yevro maosh oladi. Klub prezidenti Florentino Peres esa uning maoshini ko‘pi bilan 20 million yevrogacha oshirishga tayyor.
Biroq muzokaralardagi asosiy muammo maosh emas, balki imzo bonusi hisoblanadi. «Real» rahbariyatining fikricha, allaqachon jamoada o‘ynayotgan futbolchi erkin agent sifatida kelayotgan o‘yinchiga nisbatan kamroq imzo bonusi olishi kerak. Kilian Mbappening transferi ham aynan shu tamoyil asosida rasmiylashtirilgan.
Vinisius vakillari esa klub taklif qilayotgan bonus «Real» uning o‘rniga yangi futbolchi olib kelsa to‘lashi mumkin bo‘lgan mablag‘dan ancha kam ekanini ta’kidlamoqda.
Globo ma’lumotiga ko‘ra, har ikki tomon ham o‘z pozisiyasida qat’iy turibdi. Shu bois muzokaralar yozgi transfer oynasi yopilguniga qadar davom etishi mumkin.
Shuningdek, manbaning qayd etishicha, Vinisius qaror qabul qilishga shoshilmayapti. Chunki u yanvar oyidan boshlab erkin agent maqomida istalgan klub bilan muzokara olib borish huquqiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, amaldagi shartnomasida ko‘zda tutilgan imzo bonusining katta qismini ham qo‘lga kiritishi mumkin.
Avvalroq Vinisius Londonning «Arsenal» klubi bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib olgani haqida xabarlar tarqalgan edi.













