Angliya Liga kubogining navbatdagi finali «Liverpul» tarafkashlari va betaraf muxlislarga rosa yoqib tushgani tayin: o‘ta murosasiz va qiziqarli to‘qnashuvlar, inobatga olinmagan naq 4ta gol, davomli penaltilar seriyasi va «qizillar»ning 11:10 hisobidagi g‘alabalari... O‘yindan keyingi seriyada maydonda bo‘lgan 22 nafar futbolchi ham qatnashishi - kam kuzatiladigan holat. «Chelsi»ga qarshi kechgan dramatik uchrashuvda «Liverpul»dan oxirgi zarbani yo‘llash Yurgen Kloppning zaxira golkiperi Kuivin Kellexer zimmasiga tushdi va u mukammal ijro bilan nazarga tushdi. «Chelsi» darvozaboni Kepa Arrisabalaga aksincha, «osmondagi yulduzni urmoqchi bo‘ldi», go‘yo... Sports.ru saytining quyidagi maqolasi hujumchidan darvozabonga aylangan Kellexer haqida.
Ha, asosiy fakt shuki, nufuzli sovrinni «qizillar»ga sobiq hujumchi tortiq etdi - Kuivin Kellexer 14 yoshiga qadar maydonda hujumchi rolini bajargan. Ha, ko‘pchilik uchun chinakam «syurpriz» yangilik. «Bu - jiddiy o‘zgarish. Futbolda tarbiyalanuvchi ampluasini shu qadar keskin o‘zgartirish holati juda kam uchraydi. Kuivinning oyoqlari bilan ishonchli o‘ynashi bejiz emas. U bolaligida darvozada turmagan, maydonda harakatlangan. Kellexer hattoki, markaziy hujumchi pozisiyasida vatani sharafini himoya qilishga ham ulgurgandi», - deydi 23 yoshli darvozabonga Irlandiyada saboq bergan bolalar murabbiyi Eddi Xarington.
Aytishlaricha, Kuavin 14 yoshigacha har mavsum 20-30tadan gol urgan va keyinchalik otasining maslahati hammasini o‘zgartirib yuborgan. Xullas, hujum bobida iqtidori chakki bo‘lmagan yigitchaning futbolchilik taqdiri kutilmagan tasodif tufayli butunlay o‘zgarib ketadi. «Kuavin 3-4 yil davomida jamoamizning markaziy hujumchisi sanalgan. Keyin otasi Reyning kutilmagan qo‘ng‘irog‘i hammasini o‘zgartirib yubordi. Aslida o‘sha mavsumni boshqa darvozabon - Robbi O~Liri bilan boshlagandik. Bolakay ancha yosh bo‘lsada, U-13 toifasidagi o‘smirlar jamoasida binoyidek o‘ynardi. Biroq bora-bora o‘zidan katta bolalar safida o‘ynash unga og‘irlik qildi. Qisqasi, haftada 2ta uchrashuv va tig‘iz mashg‘ulotlarga chiday olmadi. Robbi ketgach, murakkab vaziyatga tushib qoldik. Navbatdagi mashg‘ulotdan keyin Kuivinning otasi men bilan bog‘landi: «Eddi, o‘g‘limni darvozaga qo‘ysang qanday bo‘larkin?» Avvaliga taklifni rad etdim, chunki u eng yaxshi hujumchimiz edi. Keyin bu masalani kasbdoshlarim bilan muhokama qildik. Ular ham iqtidorli hujumchidan ayrilishni istamadilar. Biroq yakunda anchayin noo‘rin tuyulgan to‘xtamga keldik va oxir-oqibat, Reyga javob qaytardim: «Quloq sol, Rey, qarorimiz qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bilmayman. Lekin maslahatingni inobatga oldik - Kuivinni darvozada sinab ko‘ramiz. Ko‘raylikchi, bundan nima chiqarkin...», - deya o‘zgarish tarixini so‘zlab bergandi Eddi Xarrington The Athletic nashriga bergan intervyusida.
«Ringmaxon Reynjers» klubi kotibi Shon Fitsjerald esa vaziyatga o‘ziga xos tarzda izoh beradi: «To‘g‘risi, o‘sha qilmishimiz hozir Yurgen Kloppga «Salohni darvozaga qo‘y», deyish bilan barobar». Uning aytishicha, Kellexer faoliyatidagi majburiy o‘zgarishga muammosiz moslashgan. Bunda yosh yigitning ruhiy barqarorligi asosiy omildir: «Har mavsum 20-30ta gol uradigan to‘purar ilk o‘yindan darvozani ishonchli qo‘riqlay boshladi. U yangi pozisiyada xotirjam o‘ynayverdi, harakatida na tushkunlik va na ikkilanish sezildi. Qisqasi, maydonda avvalgi Kuivinligicha qoldi». Jamoa yarim himoyachisi Kaylin Kotter esa Kellexerni darvozada ko‘rgach, boshida hayratdan qotib qolgan ekan: «Kuivin bizda eng yaxshi to‘purar edi. Uni darvozada ko‘rib, avvaliga ko‘zlarimga ishonmadim. Axir Kuavin Kork shahrining eng yaxshi to‘purari bo‘lishga yaqin turgandi. Nahotki, darvozada turish uchun hammasidan voz kechgan bo‘lsa...». Kellexer darvozabon sifatida maydonga tushgan dastlabki uchrashuvda uning jamoasi 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergandi. «Yangi kiper ilk zarbalardan biri qarshisida ojiz qoldi. Biroq bu omadsizlik Kellexer ruhiyatini sindirolmadi. U keyingi daqiqalarda ishonchli harakatlari bilan muxlis va mutaxassislarni hayron qoldirdi», - deya xotirlaydi Kotter.
Kuavin «Ringmaxon Reynjers»dagi 2,5 yillik tahsildan so‘ng Irlandiyadan Angliyaga yo‘l olib, «Liverpul» akademiyasida shug‘ullana boshladi. Aslida u «MYU», «Aston Villa» yoki «Blekbern» tizimini tanlashi ham mumkin edi. Chunonchi, Kellexer o‘sha 2015 yili Irlandiya U-17 terma jamoasi bilan qit’a birinchiligida ishtirok etib, 3ta o‘yinda maydonga tushgandi. Xarringtonning fikricha, shogirdi Liverpulga yorug‘ yuz bilan yo‘l olgan: «Uning klubimizdagi oxirgi uchrashuvida so‘nggi zarba evaziga g‘alaba qozonib, chempionlikka erishdik. Sovrindan umidni uzgan payt burchak zarbasini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldik. Shunda tavakkalga qo‘l urib, Kuivinga oldinga chiqishini tayinladik. O‘sha oqshom mo‘’jizaviy ertak yaratishimizga xalal bergan yagona jihat shuki, muvozanatni boshqa o‘yinchi tikladi. Muhimi, 1:1 hisobi bizni shohsupaga olib chiqdi. Lekin Kuivin golda raqib o‘yinchisini chalg‘itish asnosida katta rol o‘ynadi. Final hushtagi chalinganidan keyin esa aqldan ozishiga bir bahya qoldi. Chunki bu jamoamizning 6 yil davomida qo‘lga kiritgan dastlabki sovrini edi».
Yurgen Klopp 2019 yili Kellexerni «Liverpul»ning asosiy tarkibiga jalb eta boshladi. U jumladan, sentyabr oyida Liga kubogi doirasidagi uchrashuvda debyutini nishonladi. Keng jamoatchilikka esa «Ayaks»ga qarshi kechgan CHL o‘yini (1:0) orqali tanildi: Alisson Bekker o‘rniga maydonga tushishi bilan Klas-yan Xuntelarning o‘ta yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini bartaraf etdi. «Qizillar» yakunda kamtarona g‘alaba evaziga guruh g‘olibi sifatida «pley-off»ga yo‘l olishdi. Irlandiyalik darvozabon joriy mavsum Liga kubogi turnirida muntazam maydonga tushib, ishonchli o‘yinlari bilan finalgacha yetib keldi. Yakunda hal qiluvchi bellashuvda qahramonlik! Klopp barchasini o‘ziga xos tarzda izohladi:
«Hatto futboldek shafqatsiz sport turida ham insoniy fazilatlardan voz kechish adolatsizlik sanaladi. Kuivin - chinakam hayotga kirib kelayotgan navqiron yigit, musobaqaning boshidan oxirigacha talab darajasida o‘ynadi. Bunday vaziyatda uni finaldan mahrum qila olarmidim? Bunga vijdonim yo‘l qo‘ymadi. Ha, professional murabbiyman, shuning barobarida avvalo, insonman. Qisqasi, ichki munozarada insoniylik ustun keldi - Kellexer finalda o‘ynashga haqli edi. Mashg‘ulotlar bazasida ja-moamiz bilan qandaydir sovrin yutgan darvozabonlar uchun ajratilgan alohida devor bor. Endi Kuivinning portreti ham o‘sha joyga osib qo‘yiladi. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak - bu juda ajoyib».
MUHAMMADSODIQ tayyorladi