Shunday paytlar bo‘lganki, inglizlar hujumchi borasida muammolarga duch kelgan. Ammo hozir hammasi boshqacha. Futbolning rivoji, bosha jamoalarda bo‘lgani kabi, Angliya termasiga ham ijobiy ta’sir qildi. Bugun Garet Sautgeyt qo‘lida har bir chiziqda ko‘plab tanlovlar mavjud. Shuningdek, hujumda ham. Quyida Angliya MTJ hujum chizig‘ida o‘ynashi mumkin bo‘lgan futbolchilarni sanab o‘tamiz.
8. Kallum Uilson – «Nyukasl»
Uilson mavsumning katta qismida jamoasiga yordam bera olmayapti. Ammo u istalgan klubga mos tushgan bo‘lardi. Sobiq «Bormunt» hujumchisi 2021 yilning dekabridan beri maydonga tushmadi. Biroq uning Angliya terma jamoasiga yordam bera olishi shubhasizdir. Faqat unga imkon berilishi kerak.
7. Patrik Bemford – «Lids Yunayted»
Uilson kabi Bemford ham o‘ta jiddiy jarohati sabab Angliya termasi safidan tushib qolgan edi. Hujumchining o‘tgan mavsumda porlashi, uni Angliya safiga chaqirilishi bilan yakun topadi. U hozir «Lids»ga yordam bermoqda. Bemford o‘z darajasini saqlab qola olsa, yana terma jamoaga chaqiruv olishi mumkin bo‘ladi.
6. Denni Ingz – «Aston Villa»
Vanihoyat, Ingz o‘z faoliyatining avvalida olingan jarohatlar zahmidan qutila oldi. Uning «Sautgempton»dagi o‘yinlarini yaxshi eslaymiz. Hozir esa uning manzili «Aston Villa» bo‘lib turibdi. Ayni damda uning maydonga tushirilmayotgani, gol urishiga ham halaqit bermoqda. Bu esa hujumchi kelajagiga xavf soladi. Ammo Ingz tez orada o‘zini tiklab oladi.
5. Ivan Toni – «Brentford»
Bu mavsum APLda faqat oltita futbolchigina Tonidan ko‘p gol urgan (11 ta). Bu esa «Brentford»dek debyutant jamoa futbolchisi uchun juda yaxshi natija sanaladi. U hali terma jamoaga jalb qilinmagan. Ammo Toni mavsumni yaxshi notada tugatsa, albatta yozgi Millatlar Ligasi musobaqasida qatnashishi mumkin.
4. Olli Uotkins – «Aston Villa»
Uotkins bundan atigi besh yil oldin Angliyaning to‘rtinchi ligasidagi jamoada o‘ynayotganiga ishonish qiyin. U tez orada APL jamoasiga o‘tdi. Hozir esa, hujumchi Angliya terma jamoasi a’zolaridan biriga aylandi.
3. Dominik Kalvert-Lyuin – «Everton»
Kalvert-Lyuin uzoq vaqt davomida «Everton» safida asosiy futbolchilardan biri bo‘lib keldi. Ammo jarohatlar uning ham muammosiga aylandi. Ingliz hujumchisi o‘tgan mavsumda APLning o‘zida 16 ta gol urishga erishgan edi. Ammo joriy mavsum «Everton» turnir jadvalining pastki qismlarida qolib ketmoqda. Dominik esa jarohatlar sabab o‘z jamoasiga uzoq vaqt yordam bera olmadi. Bu o‘z navbatida Angliya terma jamoasiga chaqiruvni ham uzib qo‘yadi.
2. Temmi Abraxam – «Roma»
«Chelsi» tarbiyalanuvchisi Tomas Tuxel davrida yetarlicha baholanmadi. Shu sabab yozda «Roma»ga sotib yuboriladi. Abraxam Italiyada nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘ya oldi. U hozirga qadar barcha musobaqalarda jami 23 ta gol urishga erishdi. Temmi hozirda allaqachon Angliya MTJ tarkibida bo‘lib turibdi.
1. Xarri Keyn – «Tottenxem»
Keyn o‘z pozisiyasida boshqa raqobatchilaridan bir bosh ustundir. Buni hamma yaxshi biladi. U ayni damdagi Angliya termasi sardori va «Uch sherlar» tarkibida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanishga yaqin turibdi. Keynning yana beshta gol urishi, uni bu borada Ueyn Runidan oldinga olib chiqadi. Xarri Keynsiz Qatardagi Jahon chempionati o‘tmasligi aniq, albatta.
ISMATOV J.