Ramos – futbol dunyosining eng ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri. Uning shonli faoliyati dunyo futbol ixlosmandlarining qalbida abadiy qoladi. Ispaniya terma jamoasi yetakchisining sovrinlari barchani hayratga soladi. Keling, 2010 yilgi Jahon chempionatini yodga olib ko‘ramiz. O‘shanda Ispaniya terma jamoasi himoyasida Ramosning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Xususan, uning chaqqonligi, atletizmi, o‘yinni o‘qiy olishi va moslashuvchanligi jamoaga qo‘l keladi. Shuningdek, Serxio Yevro-2008 dagi g‘oliblikda ham muhim rol o‘ynagan. Futbolchi 2010 yilga qadar allaqachon yulduz darajasiga ko‘tarilgan edi.
«El Capitano» «Sevilya» tarbiyalanuvchisi edi. Favqulotda iste’dod egasining kelajagini oldindan ko‘ra bilgan «Real Madrid» rahbariyati himoyachini yosh bo‘lishiga qaramasdan 27 million yevroga sotib oladi. Shundan so‘ng, hammasi boshlandi. «Real» safidagi uzoq yillik mehnati sabab Serxio Ramos sayyoradagi eng kuchli himoyachi sifatida e’tirof etildi. «Qaymoqranglilar»ning qaytalangan shonli davrida Ramos asosiy ahamaiyatga ega futbolchilardan biri bo‘ldi. Uning o‘z jarima maydonchasi ichida amalga oshirgan mudofaaviy ishlari barchaning diqqat markazida turardi.
Ispan jangchisi nafaqat «Real»da, balki terma jamoada ham himoya yuragi edi. Buni har ikki frontning 2010 yillardagi muvaffaqiyatidan ham bilib olsangiz bo‘ladi.
Ha, Serxio Ramosda o‘ziga yarasha kamchiliklar ham mavjud bo‘lgan. Ulardan biri qoidalarni qo‘pol ravishda buzish edi. Shu sabab himoyachi futbol ommasining tanqidlariga duchor bo‘ladi. «Real» safida jami 27 ta qizil kartochka bilan «siylangan» Ramos, bu borada barcha davrlardagi rekordchiga aylanib ulgurgan. Shunga qaramay, bunga qarama-qarshi argumentlar ham keltirish mumkin. Xususan, Ramos haddan tashqari hayratlanarli darajada barqaror futbolchi edi. U buni yillar davomida isbotlab ettirib keldi.
Unda jami 25 ta sovrin mavjud bo‘lib, shularning 22 tasini «Real» safida, 3 tasini esa Ispaniya terma jamoasi bilan qo‘lga kiritgan. Bu esa Ramosning futbol tarixidagi o‘rnini yana bir bor isbotlaydi. U shuningdek, Ispaniya terma jamoasining eng ko‘p maydonga tushgan vakili hamdir. Ramos «qizillar» tarkibida gol urish borasida sakkizinchi o‘rinda turadi (23 ta). Faqat David Vilya, Raul, Fernando Torres, David Silva, Fernando Yerro, Fernando Moryentes hamda Emilio Butragenyolargina ispanlar ichida Ramosdan ko‘proq natija ko‘rsatgan, xolos. Xullas, qaysi tomondan qarasangiz ham Ramosning natijalari yuksak bo‘lganini anglayverasiz. Himoyachining «Real»dagi natijasi 671 ta o‘yin va 101 ta golga teng. U bu borada Raul, Iker Kasilyas hamda Manuel Sanchisdan keyin qayd etiladi. Yuqorida nomlari aytilganlarning hammasi oq libosdagi «qirollik klubi»ning afsonalaridir.
Shunday natija, faoliyat va gollar bilan yana qanday markaziy himoyachini ko‘rgansiz? Bizningcha, bir klubda bunday darajaga erishish o‘ta murakkab va sanoqli futbolchilar (himoyachilar) bu cho‘qqini zabt etgan.
Serxio Ramos ikkita YECHL finalida ketma-ket, bir jamoaga gol urgan yagona himoyachidir. Ularning biri 2014 yilda, Portugaliyada o‘tgan finalda yuz bergan. O‘shanda «Atletiko» darvozasiga qo‘shib berilgan daqiqalarda Ramosning urgan goli, «Real»ning keyinchalik, g‘alabasini ta’minlagan edi. Oradan ikki yil o‘tib, madridliklar to‘qnashuvi yana finalga to‘g‘ri keldi. Ushbu o‘yinda ham Ramosning yagona goli «Real»ni mag‘lubiyatdan qutqargan, penaltilar seriyasida esa «qirollik klubi» zafar quchadi.
Ayni damda «PSJ» safida omadsizlikni boshidan o‘tkazayotgan Ramosning mana shunday omadli kunlari ham bo‘lgan, ko‘p bo‘lgan! Biz esa uning fantastik natijalarini hech qachon unutmaymiz.
ISMATOV J.