Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«PSJ» jarlik yoqasida?!

«PSJ» jarlik yoqasida?!

Baho:
+1 | -

«Monako»dan qabul qilingan yirik mag‘lubiyat (0:3) hech nimani hal qilmaydigandek, zero «PSJ»da chempionlik unvonini boy berish xavfi yo‘q. Ammo parijliklar ijrosidagi qoniqarsiz o‘yin dunyoning eng badavlat klublaridan biridagi inqiroz ko‘lami kengligini ko‘rsatyapti, go‘yo. De-fakto - jamoa dastlab Fransiya kubogidan, so‘ngra Chempionlar Ligasidan chiqib ketib, ta’tildayoq motivasiyani yo‘qotib ulgurgan.

Asosiy yevrokubok - bitmaydigan yara. Ayniqsa, «PSJ» finalgacha yetib borgan, o‘tgan bahorda esa hal qiluvchi o‘yindan bir qadam ortda qolganidan keyin. Hatto Kilian Mbappe ham tan oldi: «Biz 8:0 yoki 9:0 hisoblarida g‘alaba qozonishimiz mumkin, lekin odamlar baribir, CHL haqida o‘ylashadi».

Hozirning o‘zida ko‘rinib turibdiki, ayni paytdagi tarkib qatarlik boyvuchchalarning «shalpangquloq» kubokni qo‘lga kiritish orzularini ro‘yobga chiqarishga qodir emas. Birinchidan, noqulay sharoitdagi yoshi o‘tib borayotgan Lionel Messi, jarohatidan hech qutulolmayotgan Serxio Ramos hamda jamoa uslubiga mutlaqo mos tushmayotgan Mauro Ikardi joy olgan hozirgi tarkib keksalik nimaligini bilmaydigan Tia­gu Silva va jazavali Edinson Kavanisi bor tarkibdan ancha sust. Ikkinchidan, Maurisio Pochettinoga hurmat yuzasidan aytish joizki, argentinalik mutaxassis top-klubda ishlashga tayyor emas ekan. Uni avvalroq iste’foga chiqqan («Chelsi»ning baxtiga) Tomas Tuxel bilan solishtirish mantiqqa zid.

Shunday ekan, Fransiyadagi zerikarli holatda pullarni hisob-kitob qilib, «PSJ»ning xarajatlari ko‘rsatkichlar bilan uyg‘unlasha olmayotganini aniqlashdi. Misol uchun, Pochettino oyiga 1,1 million yevro oladi. Ya’ni, ushbu reytingdagi yaqin ta’qibchilari - Xorxe Sampaoli («Marsel») va Kristof Galtyedan qariyb to‘rt marta ko‘p. Umuman, Galtye o‘tgan yili «Lill»ni chempionlik sari yetaklagan, hozir esa «Nissa» bilan YECHLga chiqish va Fransiya kubogida zafar quchishga yaqin turibdi. Mabodo, Pochettino va uning shtabini muddatidan avval iste’foga chiqarilgani uchun 20 million yevro tovon puli belgilanganini ham unutmaslik kerak.

L~Equipe tomonidan e’lon qilingan Liga 1dagi maoshlar reytingi ham diqqatga molik. Ro‘yxatdagi eng ko‘p maosh oladigan futbolchilar yigirmataligiga kirganlarning 18 nafari «PSJ»dan! Dastlabki uch o‘rin esa, kutilganidek, Neymar (oyiga 4,083 mln.), Messi (3,375) hamda Mbappe (2,22)ga nasib qildi. Bu pullarga faqat jamoa ko‘zini yumib qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan ichki birinchilik chempionligini taklif qilishmoqda.


Balogardon - rahbariyat

So‘nggi yillarda asosiy ayb «PSJ» sport direktori Leonardoga qo‘yildi. Tarkib shakllanishidan tortib, murabbiylar bilan nizo ham shular jumlasidan. Leonardoning iste’fosi haqidagi gap-so‘zlar ko‘paygani bejiz emas. Ayniqsa, bularning bari Leonardo bilan ishlashni xohlamayotganini aytgan, oxirgi payt parijliklar bilan ishlagan murabbiylarga qaraganda ko‘proq vakolatga ega bo‘lishni xohlayotgan Zayniddin Zidanning bosh murabbiylikka nomzodi ko‘rsatilishi haqidagi xabarlar fonida ro‘y berdi. Sport direktori masalasi tayin, ammo hozirga kelib, «PSJ» prezidenti Nosir al Helayfi ham bosim ostida qolgan.

Parijlik bossning nafaqat Fransiyada, balki Yevropadagi pozisiyasi ham ancha mustahkam bo‘lib ko‘ringandi. UYEFA va Superliga o‘rtasidagi mojaroda to‘g‘ri tomonni tanlagan al Helayfi «Yuventus» prezidenti Andrea Anyellining o‘rniga Yevropa klublari assosiasiyasi rahbarligiga tayinlandi. Shunday yuksak lavozimga ega shaxsning «Santyago Bernabeu»da sodir bo‘lgan voqeaga aloqadorligi tushunarsiz hol. «Real»ga imkoniyat boy berilganidan keyin al Helayfi Leonardo bilan birgalikda hakamlar xonasiga kirishga uringan, Danni Makkeliga e’tiroz bildirmoqchi bo‘lgan, rasmiy bayonnomaga ko‘ra, yordamchi hakamning bayroqchasini sindirgan. Bundan tashqari, hodisani videosuratga olayotgan «Real» xodimiga nisbatan tajovuzkor munosabat bildirib, «Seni o‘ldiraman!» deya tahdid qilgan.

To‘g‘ri, RMC Sport tasdiqlashicha, Qatar hukumati al Helayfini qo‘llab-quvvatlab, Leonardoni «qurbon» qilgan. Lekin jahon chempionati translyasiya huquqini sotish bo‘yicha sud muhokamasi borligini ham unutmaslik kerak. Garchi birinchi sud ins­tansiyasi al Helayfini beIN Media televizion guruhi rahbari sifatida oqlagan bo‘lsada, Shveysariya prokuraturasi o‘sha qarorga e’tiroz bildirib, aybdorga 28 oylik qamoq jazosi belgilashni talab qilgan.


Mbappe tanqiddan xoli

Parij jamoasi joriy mavsum mojarolarga o‘ralashib qoldi. Faqat Mbappe manziliga tanqid yo‘llanmayapti, garchi forvard «Real»ga o‘tish istagini bildirgan bo‘lsada, uni muxlislar hamon qo‘llab-quvvatlashmoqda. O‘yini, samimiyligi, fido­yiligi uchun. Chempionlar Ligasidagi fojiadan keyin «Park de Prens» tribunalari faqat Kilianni olqishlashdi.

Messiga e’tirozlar juda ko‘p, ammo ular asosan futbolga taalluqli. Parij mo‘’jiza kutgandi, lekin buning o‘rniga muvozanatsiz tarkibga ega bo‘ldi. Leoning maydonda piyoda yurishi «Barselona»da ish bergan, biroq tajovuzkor Fransiya futbolida yilning eng yaxshi assistenti bo‘lish ham daho uchun kamlik qiladi. Lekin Xavi tomonidan yo‘llangan maqtovlarga qaramay, Messining «Kamp Nou»ga qaytishi amrimahol. Argentinalikka yaqin manbalarning ta’kidlashicha, u «PSJ»dagi shartnomasini oxiriga yetkazib qo‘ymoqchi.

Ehtimol, jamoada guruhbozlik vujudga kelishida ham Lionelni ayblashayotgandir. Kuzda Janubiy amerikaliklar qabilasi Leandro Paredesni qo‘llaganlikda ayblangan, shu bois Jorjinyo Veynaldum soya ortida qolib ketgani aytilgandi. Hozir qator manbalarda qayd etilishicha, ichki mojarolarga aloqador guruh rahbariyat madadidan foydalangan. Ayni sababga ko‘ra, Neymar va Donnarummadagi samimiylikka ishonch yo‘qolgan, ularning «Santyago Bernabeu»dagi kiyinish xonasida mojaro ro‘y berganini inkor etishganiga hech kim ishonmayapti.

Hozir eng ko‘p «siylov» braziliyalik yulduzga nasib qilmoqda. jurnalist Daniel Riolo esa «olovga moy sepdi»: RMC Sport efiri payti Neymarni mashg‘ulotlarga mas’uliyatsizlik bilan qarayotgani, ularga deyarli mast holda kelishini aytgan. Yulduzni jamoadagi buzg‘unchilikda ayblash asnosida, uning navbatdagi jarohatidan Braziliyada qay tariqa tiklanganini eslatishdi - poker, tungi klublar, musiqiy studiyalar, o‘yinlar strimingi...

Lekin bu yerda qandaydir yangilik bormi? Shunchaki, «pichoq borib, suyakka taqaldi», shu bois, Madriddagi muvaffaqiyatsizlikdan ke-yin yangragan dastlabki xabarlar «PSJ» yozda Neymarni saqlab qolishga urinmasligi haqida bo‘ldi. Hattoki, uning kelajagini birdan boyib ketgan «Nyukasl» bilan bog‘lashdi, ammo bu xabarlar haqiqatga yaqin emasdek. Bu yangi shartnoma taklifidan mosuvo bo‘lgan Anxel Di Mariyaning holatidan mutlaqo farqlanadi.

Mbappe shu yerda ham tinchlikparvar rolini o‘ynashga urindi. Fransuz Messi va Neymarga atalgan hushtakbozlik va haqoratlarni adolatsizlikka qiyoslab, «Real»ga butun jamoa yutqazganini ta’kidladi. Biroq bu jamoa­ning o‘zi bormi, bir oyog‘i bilan Madridga o‘tib ulgurgan forvard singan idishni yamashga harakat qilmayaptimi? O‘tgan hafta Pochettino jamoa­viy mas’uliyat personallikdan muhim ekanini ta’kidlagani bejiz emas. Vaziyat shu zayl davom etaversa, Parij loyihasi asta-sekin jarlik tomon yaqinlashaveradi. Yozda jamoada global o‘zgarishlar guvohiga aylansak, ajabmas.

A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 07:30, 06.04.2022.
O'qildi: 8120 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.