O‘zbekiston kubogi 3-turidan o‘rin olgan «Sho‘rtan» – «Olimpik» (1:1) bahsidan keyin toshkentliklar bosh murabbiyi Timur Kapadze fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
— O‘yin haqida.
— Qiziqarli uchrashuv bo‘ldi. «Sho‘rtan» yaxshi murabbiy va futbolchilarga ega jamoa. Bu yerda har doim futbol muhiti hukmronlik suradi. Stadion va maydon ham bunga munosib. Chiroyli va qiziqarli uchrashuv guvohiga aylandik. Durang o‘ynab, keyingi bosqichga chiqdik. Bundan xursandmiz.
— «Olimpik» ruhiy jihatdan o‘yin boshidanoq «Sho‘rtan»ni yutib bo‘lgandek harakatlandi. Jamoa shuni hisobiga gol o‘tkazib yubordimi?
— «Sho‘rtan» qarshi hujumda harakat qildi va tabiiyki, imkoniyatidan foydalandi. Ular qarshi hujumda bizni jazolashga urinishdi. Takroriy holatni ko‘rib chiqishimiz kerak, keyin kim qayerda xato qilgani bo‘yicha xulosa chiqaramiz. Umuman olganda, «Sho‘rtan»ning rejasi amalga oshdi.
— Jamoangiz tezkor o‘yin ko‘rsatadi. Ammo futbolchilaringiz to‘qnashuvlarda ovoz chiqarib yiqilishadi. Bu mashg‘ulot jarayonida yo‘lga qo‘yilganmi?
— Yo‘q, bu mashg‘ulotlarda ishlab chiqilmaydi. Balki bu og‘riqni his etgandandir. Ular hali yosh. O‘ylaymanki, bu vaqti kelib yo‘qolib boradi. Bunga hakamlar ham yo‘l qo‘ymasligi lozim. Hakamlar har bir baqirishga hushtak chalmasliklari joiz. Agar qoidadan tashqariga chiqilmasa, bunga e’tibor bermasliklari va o‘ynashga berishlari kerak.
— Natija bahsga mos bo‘ldimi?
— G‘alaba uchun kelgandik. Vaziyatlardan foydalana olmadik. Bundan tashqari, «Sho‘rtan» ham yaxshi himoyalandi. Natijaga to‘xtalsak, hisob o‘yinga mos bo‘ldi.
— Uchrashuv ogohlantirishlarga boy bo‘ldi, o‘yin yakunida chetlatish ham kuzatildi. Mutaxassis sifatida buni qanday izohlaysiz?
— Bu maydonda ayovsiz kurash kechganidan dalolat beradi. Chunki ikki jamoa ham g‘alaba qozonish uchun astoydil harakat qildi. Ko‘p kurashlar bo‘lgani uchun ogohlantirishlar ham ko‘payib ketdi. Bu normal holat, menimcha.
— «Olimpik» o‘tgan o‘yinda «Turon»ni yirik hisobda (5:1) mag‘lub etgandi. Murabbiy sifatida «Sho‘rtan» bilan bahsda nimadan qiynaldingiz?
— «Turon» bilan o‘yinda bo‘shliqlardan unumli foydalandik. «Sho‘rtan» esa bo‘shliq qoldirmadi va zich himoyalandi. Yigitlarimiz hali yosh, mahorat, tajriba va texnik taraflama qiynalishmoqda. Albatta, ular shu kabi o‘yinlar orqali o‘sib borishadi.