"Chelsi" yakuniga yetib borayotgan mavsumni o‘ta ko‘tarinki ruhda boshlagan edi. Katta xaridlar amalga oshirilgan, futbolchilarning ruhiyati baland va marralar yuqori olingan. Ammo muxlislarning umidlari oqlanmadi. Jamoa orada ancha og‘ir damlarni boshidan kechirishiga to‘g‘ri keldi. Xususan, klub akademiyasi mahsuli bo‘lgan Ris Jeyms ham. U va Ben Chilvell so‘nggi bor maydonda birgalikda 20 noyabr kuni, "Lester"ga qarshi g‘alabali o‘yinda harakat qilgan. O‘sha paytda klub APL yetakchisi bo‘lib, "Manchester Siti"dan 3 ochko, "Liverpul"dan esa 4 ochko oldinda bo‘lgan. Shundan beri Chilvell maydonga tushmadi. Jeyms esa bu yili faqat 4 ta APL bahsida ishtirok etdi.
Jamoaning muvaffaqiyatsizliklari ushbu futbolchilarning yo‘qligi bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Tomas Tuxel mavsum davomida maydon va undan tashqarida yetarlicha muammolar girdobida qolishida asosiy futbolchilarning jarohati ham omil edi. YECHLdagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki ham "Chelsi"ning yuqoridagi juftligi yo‘qligi bilan xarakterlanadi. Buni birgina "Liverpul"ning Aleksander-Arnold hamda Endryu Robertsonsiz o‘ynashiga qiyoslash mumkin. Ya’ni, "Chelsi" ham Klopp jamoasi kabi o‘yin qurishda hujum vakillari hamda ularga katta ko‘makchi bo‘lgan qanot himoyachilariga qattiq suyanadi. Aynan shu narsa Tomas Tuxelga qimmatga tushdi. U Chilvellning yo‘qligini Markos Alonso bilan yashirishga harakat qildi. Ammo ispaniyalik futbolchi sherigi kabi temp va tezlikka ega emasdi. Shuningdek, Malang Sarr va Loftus-CHik ham hali jamoa darajasidagi futbolchilar emas. Ayni paytga kelib, "Chelsi" ixtiyorida bitta – Angliya kubogi musobaqasi qoldi, xolos. Agarda uni ham yuta olmasa (xuddi o‘tgan yillardagi kabi), jamoaning mavsumi o‘ta omadsiz o‘tgan bo‘ladi.
"Chelsi" tez orada Antonio Ryudigerdek jahon darajasidagi futbolchisidan ayriladi. Shu sabab Chilvell va Jeymsni yangilangan va yaxshilangan bitimlar orqali jamoada qolishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda. Ayniqsa, klub rahbariyati uchun Jeyms ustuvor vazifaga aylanadi. Negaki, uning xizmatlariga "Real" kuchli qiziqish bildira boshlagan. Bu esa "Chelsi"ni ertaroq harakat qilishga chorlaydi. O‘zidan chiqqan futbolchini, boz ustiga, ayni damda zaruratga aylangan figurani hech bir klub qo‘yib yuborishni istamaydi.
Ha, Ris Jeyms "Chelsi"ning kelajagi bo‘lishi mumkin. Tuxel uni o‘ynatishni xohlaydi. Chunki Jeyms allaqachon o‘z pozisiyasida dunyodagi eng yaxshi futbolchilardan biriga aylanib ulgurgan. U kamida yana 10 yil hozirgi darajasini ushlab turishi mumkin. Qanotdagi tinmay mehnat qilish, o‘ta muhim krosslar amalga oshirish va ba’zan to‘pni darvozaning yuqori burchagiga qadab qo‘yish, Jeymsning xos xususiyatlari sirasiga kiradi. Shu sabab biz Jeyms va Chilvell kabi futbolchilar yo‘qligini katta fojia sifatida ifoda etdik. Bu narsa "Chelsi"ni YECHL va APLdagi g‘alabasini imkonsiz ishga aylantirib qo‘ydi. Klubning yaqin tarixidagi transferlarda yo‘l qo‘yilgan xatolar yangi boshqaruvchilar davrida takrorlanmasligi kerak. Yangi keladigan ma’muriyat muhim futbolchilarni vaqtida olib qolish siyosatini yuritsa, jamoaning kelajagi yaxshiroq ko‘rinishda bo‘ladi.
ISMATOV J.