Haftaning mish-mishlari rukni ostida Lionel Messi Krishtianu Ronaldu bilan o‘ynashni istamasligi, “Barselona” nima uchun Erling Xolandni sotib olishdan bosh tortgani va Kilian Mbappe kelajagi haqida qanday qaror qabul qilganini bilib olasiz. Shuningdek, kecha Namangandagi “Navbahor” – “Bunyodkor” uchrashuvida stadionga tomoshabinlar kelishi bo‘yicha rekord qayd etilgani va O‘zbekiston terma jamoalari afsonalarining Italiya futboli afsonalariga qarshi o‘tadigan uchrashuvi haqida ba’tafsil bilib olasiz.
Messi Ronaldu bilan bir jamoada o‘ynashni istamadi
Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu bir jamoada o‘ynashi mumkinligi haqidagi mish-mishlar matbuotda birinchi marta chiqmayapti. "Manchester Yunayted" Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashni to‘xtatgach, yana Ronalduning boshqa klubga ketishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Tabiiyki, “PSJ” dunyoning eng zo‘r futbolchilarini o‘z safiga to‘plashga harakat qilmoqda. Biroq bunday transfer ehtimoli past deb baholanmoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, Lionel Messi Krishtianu Ronalduning Parij klubiga o‘tishiga qarshi chiqqan va hatto "PSJ" rahbarlariga ultimatum qo‘ygan. Agar portugaliyalik jamoaga qo‘shilsa, argentinalik parijliklar safini tark etadi.
Ronaldu "Real"ga qaytishi mumkin
Krishtianu Ronaldu bu hafta ko‘plab mish-mishlarga sabab bo‘ldi. Chunki hujumchi allaqachon 37 yoshda bo‘lsa-da, Chempionlar ligasisiz mavsum uning uchun katta muammo. Shu sabab, yaqinda "Real Madrid" rahbarlari portugaliyalikni o‘z saflariga qaytarish istagida ekani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Hozirda bunday “kambek”ga ishonish qiyin, ammo futbolda hamma narsa mumkin.
O‘tgan kuni Krishtianu Ronaldu "Manchester Yunayted"da qolishi mumkinligi, biroq bir shart bilan qolmoqchi ekanligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Jamoaning yangi murabbiyi Erik ten Xag uni o‘z loyihasida muhim futbolchiga aylantirishi kerak. Oldinroq gollandiyalik mutaxassis o‘z talablarga javob bermaydigan futbolchilar kerak emasligiga shama qilgandi.
"Barselona" Xolandning “yomon” odatlaridan cho‘chimoqda
Erling Xoland bir vaqtlar yaqin kelajakda Ispaniya chempionatida o‘ynashni xohlashini aytdi. Matbuot norvegiyalikni “Barselona”ga o‘tishi mumkinligi haqida jar soldi. Xavi Kataloniyada noldan yangi loyiha qurmoqda, ammo moliyaviy qiyinchiliklar klubning bunday orzusiga to‘sqinlik qilmoqda. Biroq, bu transfer yo‘lida yana bir to‘siq bor. Mish-mishlarga ko‘ra, "Barselona" vakillariga Xolandning tungi hayot va ziyofatlarga bo‘lgan “muhabbati” yoqmaydi. Shu sabab klub Xoland transferini amalga oshirishni istamayapti.
Mbappe pul uchun orzusiga xiyonat qildi (mi?)
Kilian Mbappening “PSJ” bilan amaldagi shartnomasi tugashiga ikki oydan kamroq vaqt qoldi. Hujumchi bir necha bor "Real Madrid" libosini kiyish istagi haqida gapirgan va Mbappening Madrid klubiga o‘tishi hal qilingan masala bo‘lib tuyuldi. Biroq yaqinda matbuotda futbolchining “PSJ” bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelishib olgani haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, bu kelishuvda pul muhim o‘rin tutadi. Mbappe qo‘shimcha pul topish uchun Parijda yana bir necha yil qolishga qaror qilgan. Muxlislar orasida Kilian pul uchun orzusiga xiyonat qilgani haqida gap-so‘zlar bor. Ammo bu xabarlar tezda rad etildi. Kilianning onasining aytishicha, futbolchi hech qaysi jamoa bilan kelishmagan va u yakuniy qarorni mavsum yakuniga yetgach qabul qiladi. Biroq, Parij klubiga yaqinroq nashrlarning xabar qilishicha, Mbappening “PSJ” bilan yangi shartnomasi hal qilingan narsa va u klub bilan yana bir yilga uzaytirishi mumkin bo‘lgan 2 yillik shartnoma borasida kelishuvga erishgan.
Namanganda tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha mavsum rekordi qayd etildi
Kecha O‘zbekiston Superligasining 7-turidan o‘rin olgan “Navbahor” — “Bunyodkor” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi (2:1). Qiziqarli o‘tgan uchrashuvda maydon egalari muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Ushbu g‘alabadan keyin Samvel Babayan shogirdlari hisobidagi ochkolar soni 13 taga yetdi va klub turnir jadvalida 3-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Ammo gap hozir bu haqida emas. Namangan klubi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “Navbahor” – “Bunyodkor” uchrashuvini tomosha qilish uchun 26 231 nafar tomoshabin tashrif buyurgan. Bu joriy mavsum rekordi hisoblanadi.
Bungacha ham joriy yilgi rekord Namanganda qayd etilib, Superliga 1-turidagi “Navbahor” – “Nasaf” (0:0) o‘yinida 19 720 tomoshabin tashrif buyurgan edi.
Toshkentda Italiya va yurtimiz futboli afsonalari o‘rtasida uchrashuv o‘tkaziladi
O‘zbekiston futbol assosiasiyasi, BMB Trade Group kompaniyasi, Toshkent shahar hokimligi hamda “Hilton” mehmonxonasi o‘zbek futbolining 110 yilligiga bag‘ishlab, uzoq yillar davomida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan futbolimiz afsonalari milliy terma jamoa bilan xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazishi haqida xabar berilgandi. Shu munosabat bilan mamlakatimizga Italiya futboli afsonalaridan iborat jamoa tashrif buyuradi. O‘yin 18 may kuni “Paxtakor” stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kecha O‘zbekiston va Italiya futboli afsonalari o‘rtasidagi uchrashuvda ishtirok etadigan futbolchilarning ro‘yxati ma’lum bo‘ldi.
Quyida bu bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston
Pavel Bugalo, Ignatiy Nesterov, Baxtiyor Ashurmatov, Vitaliy Denisov, Anzur Ismoilov, Shavkat Mullajonov, Akmal Shoraxmedov, Asqar Jadigerov, Islom Inomov, Asror Aliqulov, Odil Ahmedov, Server Jeparov, Timur Kapadze, Sanjar Tursunov, Aziz Xaydarov, Jasur Hasanov, Eldor Magdeev, Aleksandr Geynrix, Bekzod Mamatqulov, Shuhrat Mirxoldirshoyev, Nosir Otaqo‘ziyev, Anvar Soliyev, Ne’matillo Qutiboyev.
Italiya
Kristian Abbiyati, Luka Antonini, Dario Shimich, Kristian Zakkardo, Kristian Zenoni, Sezariya Eduardo, Nasimento Santos Aldair, Kandela Vinsent, Luidji Di Byadjo, Andjelo Karbone, Marek Yankulovskiy, Serjio Klaudio Dos Santos (Serjinyo), Lyudovik Jyuli, Robson Toledo Machado, Alberto Jilardino, Daniele Massaro, Vinchenso Yakvinta.
O‘yinlar “Paxtakor” stadionida soat 19:00 da bo‘lib o‘tadi.