Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Iztirob iskanjasida yoki futboldagi og‘riqli voqealar haqida...

Iztirob iskanjasida yoki futboldagi og‘riqli voqealar haqida...

Baho:
+ | -

Quyida xorijlik kasbdoshimizning futbol tarixidagi o‘ta og‘riqli voqealar xususidagi hikoyasi bilan tanishasiz.


«Marakana»da 200 ming muxlisning ko‘z yoshlari

Dunyoning tengsiz terma jamoasi bo‘lgan «pentakampeonlar» tarixi ham qayg‘uli sahifalardan xoli emas. Ulardan biri 1950 yilning 16 iyulida yuz bergan. «Marakana»ga jam bo‘lgan 200 ming muxlis suyukli jamoasi Urugvay termasini qay yo‘sin mahv etishidan zavqlanish umidida edi. Biroq amalda buning aksi yuz berdi, mehmonlar g‘alabasi shuncha muxlisni yig‘latib ketdi.


JCHdagi alamli mag‘lubiyat

Qanday azob, qanday hol, Argentina - Yamayka 5:0 - mashhur qo‘shiq lavhasini ko‘pchilik unutmagan bo‘lsa kerak. «Chayf» guruhi yamaykalik ishqibozlarning ayanchli holati haqida kuylagandi. Lekin salvadorlik muxlislar qayg‘usi oldida bu hech narsa emas: 1982 yil mundialida Salvador terma jamoasi bitta uchrashuvda o‘z darvozasidan 10ta to‘p o‘tkazib yuborgan va atigi bitta gol bilan javob qaytargandi.


Badjoning tarixiy xatosi

Roberto Badjo «skuadra adzurra»ning ajoyib o‘yini ilhomchisi edi, u hamon futbol olamining eng yorqin afsonalari safida. Lekin 1994 yilgi mundial finalidagi xatosi faoliyatining oxirigacha uni ta’qib etgandi. Roberto o‘sha penaltini golga aylantira olganida, hozir «pentakampeon» unvoni Braziliya emas, Italiyada bo‘lardi. Italiyalik muxlislar holatini tasavvur qilish qiyin emas.


Ronaldoning  jarohati

Braziliyalik bu afsonaning faoliyatini jarohatlar qurboni sifatida ta’kidlasak, xato bo‘lmaydi. 23 yoshgacha bo‘lgan sermahsul hujumchilar ro‘yxatida u 3-o‘rinni band etgan. Endi tasavvur qiling, uning tizzalari sog‘-lom bo‘lganida, qancha gol urishi mumkin edi? Har bir navbatdagi jarohat nafaqat fenomenning, balki son-sanoqsiz muxlislarning ko‘z yoshlariga sabab bo‘lgandi.


Zidanning bosh bilan zarbasi

Jahon chempionatlari finalidagi unutilmas chetlatish 2006 yilda Zidan bilan yuz bergandi. Zizuning kubokni tark etayotgan holati aks etgan kadr rejissyorga kattagina mukofot keltirgan bo‘lsa, ajabmas. Qizig‘i, aynan o‘sha uchrashuv afsonaviy pleymeyker faoliyatiga nuqta qo‘ygandi.


Rossiya termasining omadsizligi

Yevro-2008dagi bronza medallaridan keyin Rossiya terma jamoasida kutilmagan qoqilish sodir bo‘ldi - nisbatan zaif raqibga imkoniyatni boy berib, JCH-2010da ishtirok etolmadi. O‘shanda rossiyalik muxlislar ilk bora FIFAdan Sloveniya bilan takroriy uchrashuv o‘tkazish yoki Sloveniyani musobaqadan chetlatishni talab qilishdi. Dalil sifatida ular hakamlik adolatli bo‘lmaganini keltirishgandi. Eslatib o‘tamiz, javob uchrashuvida rossiyalik ikki nafar o‘yinchi maydondan chetlatilgandi. Kerjakov raqib futbolchisi bilan to‘qnashib ketganida hakam hushtagi chalingach, hamma penaltiga umid qilgandi. Referi esa buning o‘rniga hujumchiga «qizil» ko‘rsatgandi.


2010 yildagi Urugvay - Gana bellashuvi

Mazkur bellashuvning so‘ng-gi daqiqalarida to‘pni o‘z darvozasidan qo‘l bilan urib chiqarib yuborishga majbur bo‘lgan Suares maydondan chetlatilganda ko‘z yoshlarini tiya olmagandi. Ganaliklar esa bu voqeadan mamnun bo‘lib, o‘zlarini keyingi bos­qichda his eta boshlagandilar. Biroq jamoa to‘purari Asamoa Gyan «nuqta»dan zarba yo‘llashda xatolikka yo‘l qo‘ygach, Luisning qayg‘usi quvonchga aylandi. Yakunda Urugvay yarim finalga chiqdi, ganaliklar esa, ayniqsa, Gyanning ayanchli holatini ta’riflashga til ojiz...


Braziliyaning 2014 yildagi mag‘lubiyati

Jarohat olgan Neymar va sardor Tyago Silvasiz maydonga tushgan «pentakampeonlar» o‘z muxlislari qarshisida Germaniyadan o‘ta sharmandali mag‘lubiyatni qabul qilishgandi. Yarim soatga yetmagan vaqt ichida mundial mezbonlarining o‘z darvozalaridan 5ta to‘p o‘tkazib yuborishlarini nafaqat o‘zlari, hatto raqiblari ham kutmagan bo‘lsalar kerak. Yakuniy hisob esa - 7:1.


«Kamp-Nou»ning Kroyf bilan xayrlashuvi

2016 yildagi «el-klasiko» arafasida muxlislar klub rangidagi 90 ming dona kartochkadan chinakam san’at asarini yaratishgan, 14 raqamli ulkan futbolka ostida «Rahmat, Yoxan!» yozuvi bitilgandi. Bu kabi shohona asarga maqtov shart emas.


Omadsiz Karius

YECHL-2018 finalida Loris Karius tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatoni keyinchalik «Real»ga qarshi bahsda «Chelsi» posboni Eduar Mendi takrorladi. Qizig‘i shundaki, har ikki voqeada ham «qovunlar» ta’mini totib ko‘rish Karim Benzemaga nasib etdi. Germaniyalik darvozabon to‘pni to‘ppa-to‘g‘ri fransiyalik hujumchining oyoqlari tomon dumalatdi va «qirollik klubi» oldinga o‘tib oldi. Keyin u Garet Beylning zarbasidan so‘ng to‘pni qo‘llari orasidan o‘tkazib yubordi. Ha, Lorisning holatiga havas qilib bo‘lmasdi, ammo «Liverpul» muxlislarining ahvoli undanda battarroq edi. Mish-mishlarga ko‘ra, o‘sha o‘yin chog‘ida Kariusning miyasidan jarohat olgani jiddiy xatoga sabab bo‘lgan. Biroq bu uning xatosini oqlay olmaydi.


Buffonning  «sinyora»ni tark etishi

Janluidji Buffon faoliyati davomida ko‘plab sov-rinlarga sazovor bo‘lgan. Lekin Chempionlar Ligasi bosh sovrini Jidji uchun ushalmas orzu bo‘lib qolayotgandi. Shu sababli so‘nggi mavsumdagi chorak finalda «Real»ga imkoniyatni boy berganiga chiday olmadi. Boisi, javob uchrashuvida «Yuventus» boy berilgan imkoniyatni qaytarib olishi mumkin edi. Ammo uchrashuv hakami Martin Oliver o‘yinga o‘z ulushini qo‘shishga qaror qildi. Adolatsizlikdan darg‘azab bo‘lgan Buffon Oliverning ko‘ksidagi qalb emas, axlat qutisi ekanligini aytgandi.


«Ayaks»ning turnirni tark etishi

Mavsum-2018/2019da Niderlandiyaning eng nomdor klubi betaraf muxlislar mehrini qozongandi. O‘shanda Erik ten Xagning navqiron jamoasi YECHLning ikkinchi saralash bosqichidan yarim finaliga qadar yetib borgandi. Biroq o‘z yo‘lida «Real» va «Yuventus»dek grandlarni tiz cho‘ktirgan jamoa «Tottenxem» to‘sig‘idan o‘tolmadi. Eng alamli jihati shundaki, javob uchrashuvining so‘nggi 35 daqiqasida Lukas Moura «xet-trik»ka erishib, «taqachilar»ni safarda urilgan gol ustunligi evaziga finalga olib chiqdi. Afsuski, o‘sha mavsumda raqib maydonida urilgan gol ustunligi bekor qilinmagandi.


Messining «Barsa» bilan xayrlashuvi

Leo Kataloniyada qolish istagida edi, ammo maoshining 50 foizidan voz kechish evaziga ham faoliyatini qadrdon klubida yakunlashga muvaffaq bo‘la olmadi. 2021 yilning yozi argentinalik afsona faoliyatini ikkiga ajratib tashlagan zaharli tig‘ bo‘ldi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Manba: iff.uz
Kiritildi: 07:25, 14.05.2022.
O'qildi: 2923 marta.
Fikrlar: 5 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.