Kirish Ro'yxatdan o'tish

Klarens Zeedorf: «Katta o‘yinlarga katta xarakter kerak»

Klarens Zeedorf: «Katta o‘yinlarga katta xarakter kerak»

Baho:
+ | -

«Real» muhim o‘yinlarga qo‘shimcha qiziqish uyg‘otish ishlariga ham befarq emas aslo.

Mana, madridliklar «Manchester Siti»ga qarshi kechgan CHL yarim finali javob o‘yini oldidan jamoaning sobiq yarim himoyachisi Klarens Zeedorfni Real Madrid Conecta  ko‘rsatuvi (Realmadrid TV)ga taklif qilib, ajiotajni ma’lum darajada oshirishdi. E’tiborli tomoni, 1996-1999 yillar oralig‘ida «Qirollik klubi» safida to‘p surgan va Yevropa klublari bosh turnirida 2 marta g‘olib chiqqan niderlandiyalikni Valdebebas bazasida bosh murabbiy Karlo Anchelottining shaxsan o‘zi qarshi oldi. Eslatma, Klarens vaqtida italiyalik mutaxassis qo‘l ostida naq 7 mavsum o‘ynagan, to‘g‘ri, «Madrid»da emas, «Milan»da.

- Klarens, CHL yarim finali javob o‘yinidan nimalar kutyapsiz?

- Jamoa hozir mavsumning eng muhim va alohida bosqichida turibdi. Yarim final, demakki, buyog‘i hal qiluvchi o‘yin yoki xayrlashuv. «Real» har qanday holatda o‘z o‘yinini ko‘rsatishi kerak. Oddiy aytganda, futbolchilardan avvalo, xarakter namo­yish qilish talab etiladi. Jamoa har doim muhim o‘yin­larda buni uddalagan, ayniqsa, CHLda. Katta o‘yinlar natijasi aynan xarakterga ham bog‘liq. Ha, «Manchester Siti» - dahshatli kuch, lekin yigitlardan xarakter ko‘rsatishlarini kutyapman. Asosiysi, «Real» bu kabi muhim bosqichlardan qanday o‘tishni yaxshi biladi. Faqat final yo‘lida tajriba va ishtiyoqdan to‘liq foydalanilsa, bas. «Madrid»ning dunyo bo‘­yicha eng zo‘r klub ekanligiga shubha yo‘q. Yevropa klub futbolida 13-marta shohsupaga ko‘tarilish - bu o‘ziga xos natija.

P.S.: Zeedorf aytganidek, «Real» aynan xarakter evaziga finalga chiqdi.

- Umuman, joriy mavsumga qanday baho berasiz?

Karlo Anchelotti katta hajm­da ish bajardi va jamoa ham shunga muvofiq, munosib javob qaytardi. Hozirgi natijalar zamirida qattiq mehnat yotibdi. Menga eng yoqqan tomoni - futbolchilar murakkab vaziyatlarda aynan xarakter ko‘rsatishdi. Bunisi «Real»ga xos - jamoa har doim eng zarur pallada maydondagi holatga to‘g‘ri reaksiya bildirish yo‘lini topgan. Xullas, katta guruh xizmatini baralla e’tirof etish kerak.

- Bugungi Anchelotti nechog‘li o‘zgaribdi?

- Yillar ortidan yillar o‘tadi, o‘yin tuzilmalari rivojlanadi, tayyorgarlik jarayoni ham. Lekin odamlar o‘zgarishmaydi mohiyatan. Anchelottida hamon ikki muhim jihat mujassam: murabbiylik elementlari va insoniy fazilatlar. Uning futbolchilarga munosabatidan qoyil qolaman. Don Karlo shogirdlariga doimo avvalo, inson, keyin futbolchi sifatida qaraydi. Bu holat o‘zaro hurmatni shakllantiradi, ishchan muhit yaratadi. Samarasi esa murakkab paytlar ko‘rinadi, chunki qandaydir muammo yuzaga kelsa, futbolchilar bir-birlariga ko‘proq yordam berishga harakat qilishadi, jamoa yaxlit kuch sifatida birlashadi.

- Anchelotti muvaf-faqiya­tida qaysi jihat birinchi o‘rinda - taktik ishlanmalarmi yoki insoniy munosabatlar?

- Don Karlo odatda oddiylikka tayanadi. Uning ish uslubi shunday. Ya’ni avvalo, xotirjam muhit yaratishga harakat qiladi. Agar ixtiyoringizda eng kuchli ijrochilar to‘plangan bo‘lsalar, ularga o‘z iste’dodlaridan maksimal darajada foydalanish imkonini beradigan sharoit yaratishingiz kerak. Shuning barobarida futbolchilar mas’uliyatni to‘liq his qilishlarini ta’minlash ham talab etiladi. Anchelotti shogirdlariga erkinlik berishni xush ko‘radi. Esimda, «Milan»da ko‘pincha o‘yin borishiga qarab, maydonda muayyan qarorlarni o‘zimiz qabul qilardik. Chunki ba’zida vaziyatni hal qilish uchun tezkor o‘zgarishlar zarur bo‘ladi. Bunday holatda tanaffusni kutish faqat jamoa zarariga ishlaydi. Qolaversa, Karlo yigitlardan aynan nima istashini aniq tushuntirib berishga usta. Aniq ko‘rsatmalar esa jamoa ishini ancha osonlashtiradi, albatta.

- La Ligadagi 35-chempionlik Cibeles maydonida o‘zgacha nishonlandi. Taassurotlaringiz qanday?

Barcha «madridchilar» va fantastik darajada ish bajargan jamoani g‘alaba bilan tabriklayman. Bu kabi bayramlar odamlarga ishonch va umid bag‘ishlaydi. Futbol esa hamisha cheksiz quvonch ulashishga qodir. Odamlar ko‘chada qanday bayram qilayotganlarini ko‘rib, to‘lqinlanib ketdim. Juda yoqimli manzara! Keling, umid qilaylik, Cibelesdagi bayram kelajak uchun yaxshilik belgisi bo‘lsin. Axir pandemiya hali batamom chekingani yo‘q...

Manba: iff.uz
Kiritildi: 14:54, 15.05.2022.
O'qildi: 2768 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.