Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/06 00:00 Borussiya D 0-2 Real Madrid
02/06 19:00 Andijon 1-3 Paxtakor
02/06 19:30 Nasaf 3-0 Lokomotiv
02/06 21:00 Atalanta 2-3 Fiorentina

"Tottenxem" "Arsenal"ni bosim ostida qoldirdi. Endi nima bo‘ladi?

"Tottenxem" "Arsenal"ni bosim ostida qoldirdi. Endi nima bo‘ladi?

Baho:
+ | -

Shimoliy London derbisi APLda to‘rtinchi o‘rin uchun kurashni o‘ta yuqori darajaga olib chiqdi. O‘sha o‘yindan keyin vaziyat butunlay o‘zgardi desak ham bo‘ladi. Xususan, "shporlar"ga yana kurashga qaytish uchun ikkita g‘alabali yurish zarur edi va Antonio Konte jamoasi buni epladi. Ayni damda ular vaqtinchalik to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi (67 ochko bilan). Agarda "Arsenal" payshanba oqshomidagi bahsni yutganida, jamoa allaqachon YECHL masalasini hal etgan bo‘lardi. Ammo "Tottenxem" o‘z maydonida raqibni ayab o‘tirmadi va raqib darvozasiga 3 ta javobsiz to‘p kirita oldi. Konte jamoasining keyingi raqibi "Byornli" edi va bu "Byornli" oddiy jamoa emas, balki APLda qolish uchun bor kuchi bilan kurashayotgan bir klub bo‘lib turibdi. Shu sabab ulardan har qanday o‘yinda har qanday natijani kutsa bo‘ladi. Ammo bu safar "Tottenxem" ko‘nmadi. "Byornli"ga qarshi bahsda "shporlar" xuddi "Brayton" bilan o‘yin kabi g‘alati harakat qildi.

Dastlab, bahsni yaxshi boshlagan "shporlar", keyinchalik "Byornli"ning qarshiligini qaytarishga majbur bo‘ldi. Biroq, mezbonlar birinchi bo‘lim oxirida bahsli penaltiga ega chiqdi. O‘n bir metrlik nuqtadan esa Xarri Keyn zarba berib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘lim, avvalroq aytganimizdek, mezbonlar uchun asabiy kechdi. Negaki, "Byornli" hujumlarni ko‘paytirdi va qarshi tomonda g‘alati va o‘xshamagan xatolar ko‘payib ketdi. Oxir-oqibat, baribir "shporlar" o‘z darajasini namoyish etib, hisobni ushlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Buni esa inkor etib bo‘lmaydi.

Bugun muxlislar orasida Antonio Konte o‘z natijalari bilan cho‘kib qolgan klubni yana qaytadan birlashtirgandek taassurot uyg‘ona boshladi. Haqiqatdan ham "Tottenxem" Mourisio Pochettinodan keyin inqirozga yuz tutgandi. Konte esa to‘liqsiz mavsumda bo‘lsa ham klubni qaytara oldi. Ha, mavsum yakunlanmaguncha bir nima deya olmaymiz. Chunki so‘nggi turlar hali oldinda. "Tottenxem" esa, hatto bu mavsumda YECHL yo‘llanmasisiz qolsa ham kelajakda yana qaytadi. Ayni damda "shporlar" "Arsenal"dan ikki ochkoga o‘zib ketishga muvaffaq bo‘ldi. To‘pchilarni esa bugun tunda "Nyukasl" maydoni bo‘lmish "Sen-Jeyms Park"da o‘ta muhim bahs kutib turibdi. Ushbu o‘yin katta ehtimol bilan to‘rtinchi o‘rinni kim egallashini hal qilishi mumkin. Negaki, yutish shart bo‘lgan o‘yinni "Tottenxem" g‘alaba bilan yakunladi. Endi esa "Arsenal"ning navbati. Ko‘ramiz, Mikel Arteta jamoasi to‘rtinchi o‘rinni qaytarib olish uchun nimalar qila olar ekan.

APLning mavsum so‘ngini bundan yaxshiroq tasavvur qilish qiyin edi. Turnir jadvaliga bir qur nazar solsangiz bunga guvoh bo‘lasiz. Chempionlik, to‘rtinchi o‘rin va elitada jon saqlab qolish uchun jang avjiga chiqqan bir davrda turibmiz. Tez orada natijalarni bilib olamiz. Hozircha esa voqealar rivojini kuzatish va sevimli jamoalarni qo‘llab-quvvatlash kerak...

 


ISMATOV J.

Manba: 90min.com
Kiritildi: 23:20, 16.05.2022.
O'qildi: 2326 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.