«Milan»ning tajribali hujumchisi Olivye Jiru GQ Italia nash-riga bergan intervyusida hayotida qat’iy amal qiladigan, ishonadigan o‘nta jihatni aytib o‘tdi.
«Milan»ning tajribali hujumchisi Olivye Jiru GQ Italia nashriga bergan intervyusida hayotida qat’iy amal qiladigan, ishonadigan o‘nta jihatni aytib o‘tdi.
Sochiga e’tibori haqida
- Jamoadoshlarim men haqimda doim hazillashishadi, chunki o‘yin davomida sochlarim doim tartibda bo‘ladi, uchrashuv yakunlanganidan keyin ham holati buzilmaydi va yigitlar buni qanday uddalayotganimni bilishni xohlashadi. Buning siri oddiy - ho‘l boshga mum va lak (kuladi). To‘g‘ri, boshim bilan ko‘p o‘ynashim kerak bo‘lsa, turmak buziladi, lekin bu normal holat.
Oyoqlaridagi himoya vositasi haqida
- Mendagi oyoq himoya vositalari biroz o‘zgacha, chunki ular butun oilamni - turmush o‘rtog‘im va farzandlarim ismlarini, raqamimni va har birining suratini ko‘rsatib turadi. O‘yin oldidan ularni kiyayotganda, zurriyodlarimning shodon qiyofasini ko‘rish juda yoqimli. Bu menga motivasiya beradi, doim ular haqida o‘ylayman va bu jihat menga kuch beradi.
Tiramisu haqida
- Har doim restoranga borganimda shu taomni buyuraman. Menyuni ochib, birinchi navbatda tiramisuni qidiraman. Ajoyib kechki ovqatni yaxshi tiramisu bilan yakunlashni xush ko‘raman. Buvim ham judda lazzatli qilib tayyorlaydi. Shuningdek, qahvani ham juda yaxshi ko‘raman, lekin spirtli ichimliklarni emas. Tiramisu oilam, buvim, turmush o‘rtog‘im haqida o‘ylashga majbur qiladi. Nihoyat, u menga qisman italyan ekanligimni eslatib turadi.
Kontakt linzalari haqida
- Ularni 2011 yildan beri taqaman. Qiziq, bu haqda birinchi marta kamera qarshisida gapiryapman. «Monpelye»dagi ilk mavsumimda linzalarim yo‘q edi. Do‘stlarim va oilam televizor qarshisida ko‘zimni ishqalab turganimni ko‘rib, bu jiddiy muammo ekanligini aytishdi. Ikkinchi mavsum arafasida ko‘z shifokoriga bordim va u mendan so‘radi: «Bunday ko‘rish bilan qanday qilib gol urish mumkin?» U linza taqishni tavsiya qildi. O‘sha mavsum biz chempionlikni qo‘lga kiritdik va oftalmologim tufayli eng yaxshi to‘purarga aylandim.
Butsalari haqida
- Ular ishimda katta yordam beradi. Menga shu butsalar juda yoqadi - juda chiroyli, yengil va qulay. O‘lchami - 10,5. Ularda farzandlarimning ismlari va Fransiya bayrog‘i tasvirlangan. Mashg‘ulot paytidagi butsalarim kengaygan bo‘lishi mumkin, shuning uchun har o‘yin uchun yangilarini kiyaman.
Qahva haqida
- Uyg‘onib olishim uchun ertalab bir-ikki finjon qahva kerak bo‘ladi. Italiyada uni mazali tayyorlashadi, shuning uchun ham tiramisuni juda yaxshi ko‘raman. Umuman, kuniga uch-to‘rt finjon qahva ichaman, usiz yashay olmayman.
Qo‘l soatlari haqida
- Soatlar yig‘aman, menga turli brendlar yoqadi. Bu ham o‘ziga yarasha sarmoya. Ertalab kiyinib, soatimni taqib olmagunimcha o‘zimni unchalik yaxshi his qilmayman, xuddi nimadir yetishmayotgandek bo‘laveradi. Qo‘limda soat bo‘lmasa, odatdagidek emasman.
Kalitlar haqida
- Bu kalitlar doim men bilan. Sport avtomobillarining ashaddiy muxlisiman. Kichkinaligimda otamning mashinalari bo‘lardi. Menga uning motoridan chiqadigan shovqini ham yoqadi. Futbol o‘ynayotganimda ham o‘zimni xuddi shunday his qilaman. Avtomobilni juda tez haydamayman, lekin imkonim bo‘lsa, haydashdan zavqlanaman. Garajimda bir nechta mashinam bor. Lekin «Milan» homiysi - BMW, shuning uchun ham mo‘’jazgina «M8»ni haydayapman va u menga yoqadi.
Futbol haqida
- Bu mening butun hayotim, bolaligimdan beri shug‘ullanadigan yagona sevimli mashg‘ulotim. Darsdan keyin uyimiz yonida, devorga, darvozaga qarshi o‘ynardim, doim zarba berardim. Tabiiyki, bundan ota-onam xursand bo‘lishmasdi, chunki uy atrofida sang‘iyverardim. Futbol har doim men bilan, hozir ham. Mashg‘ulotdan so‘ng uyga kelib, farzandlarim bilan to‘p o‘ynayman.
M.PO‘LATOV tayyorladi