Futbol o‘z tarixining ilk asrida rivojlandi, shakllandi va dunyoga keng yoyildi. Ikkinchi yuz yillik davomida esa, u milliardlarning sevimli sport turiga aylandi. Futbol olamida shunday nomlar borki, ular o‘tmish, bugun va kelajak uchun katta narsalar qilgan va qiladi. Quyida ana shunday yetuk afsonalar va ulardan kelgusi avlodga qoladigan meros haqida gap boradi.
Neymar
Ha, bu nomni eshitib, hayron bo‘lishingiz mumkin. Chunki Neymarning futbolga qo‘shgan hissasi va o‘tkazgan ta’sirini hech kim aniq ayta olmaydi. Ya’ni bu nazariya o‘ta «loyqa»ligicha qolmoqda. Balki keyinchalik ham aniq bo‘lmas. Ammo Neymarning darajasi uning tarixda qolishiga yetarli bo‘la oladi. Neymar Braziliya futboli tarixidagi eng ko‘p gol urgan ikkinchi futbolchidir (Peledan atigi 6 ta gol orqada va buni zabt etish mumkin). U «Santos» klubida Libertadorlar kubogini yutgan, 2015 yilda «Barselona»ning eng sermahsul triosi tarkibida bo‘lgan va YECHL g‘olibiga aylangandi. Shuningdek, «PSJ» hujumchisi dunyodagi eng qimmat futbolchisi hisoblanadi (tranfseri borasida). Hali ham uning marrasini hech kim zabt eta olganicha yo‘q.
Luka Modrich
Neymar, Mbappe, Xoland, Levandovski va Benzema kabi fantastik hujumchilar hujumchilar «Oltin to‘p»ni orzu qilayotgan bir paytda, bir kishi unga allaqachon ega chiqqan. U «Real» afsonasi Luka Modrichdir. Xorvatiyalik o‘z jamoasini 2018 yilgi JCH finaliga olib chiqqan va tarixda qolgandi. Modrich tez orada YECHLda yana bir rekordga ega bo‘lishi mumkin. Bu esa musobaqa tarixidagi eng ko‘p ishtirok etgan futbolchiga aylanish jarayonidir. Bir paytlar 2012-2013 yilgi mavsumda Modrich muxlislar tomonidan La-liganing eng yomon transferi sifatida e’tirof etilgan edi. Endi esa u – qahramon. Bunga mutlaqo loyiq inson. Shubhasizki, uning futbolga qo‘shgan va kelajakda qo‘shadigan hissasi avlodlar yodida bir umr yashaydi.
Manuel Noyer
Ha, Noyer futbol tarixida «himoyachi» rolini bajaruvchi ilk darvozabon emasdir. Ammo u to‘p bilan oyoqda eng yaxshi muomala qiladigan va himoyachilikni mukammal eplaydigan ilk kiper bo‘ldi. «Bavariya» afsonasida boshqa hech kimda yo‘q xarakter va shaxsiyat bor. Biz uni harakatlarini kuzata turib, Piter Shmeyxelning ajoyib davrlarini eslab yuboramiz. Sovrinlar va seyvlar borasida istalgan futbolchiga o‘rnak bo‘ladigan darvozabon, tarixda boshqa bo‘lmaydi. Noyer o‘yinlar davomida maydon markazida yoki raqib tarafda yurganini ko‘p kuzatgamiz. Bu esa futbolchining o‘ziga bo‘lgan ishonchidan dalolat beradi. Albatta, Noyer ham o‘zidan tarixda o‘chmas iz qoldirib ulgurdi.
Krishtianu Ronaldu
Hech bir ikkilanishsiz, Ronalduni bu ro‘yxatga qo‘shib qo‘ydik. Usiz iloji yo‘q! Negaki, uning statistikasi bizni shunga majbur qiladi. U qayerda bo‘lmasin yetakchi bo‘lgan. Hatto, hozir ham! O‘z faoliyati davomida ko‘rsatgan natijalari portugaliyalikni tanhoga aylantiradi. Futbol tarixidagi eng yaxshi to‘purar nomi ham unga tegishli. Ronaldu «MYU»da ham katta o‘ringa ega bo‘lib kelmoqda. Uning darajasi esa osmon qadar. Merosi – kelajak va bugungi kun uchun katta tajriba bo‘ladi.
Lionel Messi
Messi hamda Ronaldu o‘z avlodi doirasida nafaqat yetakchilik qilgan balki, ular o‘z davriga egalik ham qilgandi. Ularni boshqalar bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Chunki bu – ilojsiz ish. Shuningdek, ularni bir-biriga solishtirish ham to‘g‘ri bo‘lmagan bo‘lardi. Bunga sabab esa Ronaldu va Messi ikki individ va darajasi bir xil. Har biri o‘z yo‘lida tanho. To‘qnash kelib qolgan paytlarida esa goh unisi, goh bunisi ustun kelgan. Lekin bir narsa aniq – Ronaldu kabi Messi ham futbol ommasiga katta maktab. Rekord qayd etish borasida ularga yetadigani yo‘q. Tabiiyki, o‘rnak sifatida ko‘rsatish uchun ulardan yaxshiroq nomzod ham...
ISMATOV J.