Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Zidan Italiyani qarg‘aganmi?

Zidan Italiyani qarg‘aganmi?

Baho:
+ | -

Shimoliy Makedoniya terma jamoasini yenga olmagan Italiya JCH-2022 turnirida ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘ldi. To‘g‘ri, omadsizlikdan hech kim kafolatlangan emas. Lekin tomonlarning saviyasi va mavqeini inobatga olganda... saralash bosqichida terma jamoalarning «Sherifi»ga aylangan jajji jamoa jahon futbolining 4 karra (!) tojdoridan mundial yo‘llanmasini tortib oldi.

Balki Materassi Zidanning hamiyatiga tegmaganida shunday  bo‘lmasmidi?

Shov-shuvli omadsizlik aynan Italiya terma jamoasida yuz bergani futbol jamoatchiligiga JCH-2006ning finalida yuz bergan Marko Materassi bilan Zayniddin Zidan o‘rtasidagi mojaroni eslatdi, ijtimoiy tarmoqlarda Zizu o‘shanda raqib jamoani la’natlagan, degan hazillar paydo bo‘ldi. Darhaqiqat, o‘yinning qo‘shimcha vaqti o‘tayotgan pallada italiyalik himoyachi Zizuga nimadir degan, u esa raqibining ko‘ksiga kalla tortish bilan javob qaytargandi. Uchrashuv bosh hakami Orasio Elisondo bu kelishmovchilikni ko‘rmay qolgan va 4-hakam bilan maslahatlashgach, Zidanni qizil kartochka bilan jazolagandi. Yakunda Italiya penaltilar seriyasida g‘alabaga erishib, 4-jahon Kubogini qo‘lga kiritgandi. Zidan va Materassi o‘rtasidagi mojaro esa 1966 yildagi Jeff Xerstning fantom goli va Tofiq Bahromov, 1986 yildagi Maradonaning Angliya darvozasiga urgan ikki goli va 1994 yildagi Roberto Badjoning tarixiy xatosi kabi kamyob voqealar yonidan joy oldi. Oradan ikki yil o‘tgach, Materassi Zidanga nima deganini oshkor etdi:

«Voqeaning shu yo‘sinda rivojlanishini chetlab o‘tishim mumkin edi. Biroq menga 4 marta mening maykamni kiyib ko‘rishni istaysanmi, deyishgach, men «yaxshisi, sening singlingni kiyib ko‘raman» dedim. Uning singlisi borligini bilmasdim. Bilganimda, bunday demasdim. Onasini haqorat qilganim? Men hech qachon birovning onasini haqorat qilmaganman».

Chindan ham, Marko hech kimni so‘kmagan bo‘lishi mumkin. Lekin Berlindagi o‘sha finaldan keyin «Skuadra Adzurra» mundiallarda muvaffaqiyatga erisha olmayapti. JCH-2010da jamoa guruhdan chiqa olmadi va amaldagi chempion navbatdagi JCHda pley-off bosqichiga chiqa olmaslik an’anasining asoschisi bo‘ldi. Bu sharmandalik 2014 yilda takrorlandi, 2018 va 2022 yillarda esa tomoshabinlar safidan joy oldi.

Aftidan, Zizuning tavqi-la’nati faqat JCHlariga taalluqli, shekilli. Italiya 2006 yildan keyingi Yevropa chempionatlarida risoladagidek to‘p surmoqda: ikki marta penaltilar seriyasida chorak finallarda kurashni to‘xtatdi, bir marta finalda imkoniyatni boy berdi, ikkinchisida g‘olib chiqdi.

Lekin 2006 yilning yoz faslini jamoa mag‘lubiyatsiz o‘tkazgandi: guruhda Gana bilan 2:0, AQSH bilan 2:2, Chexiya bilan 2:0. Keyin Avstraliya (1:0), Ukraina (3:0) va tarixiy yarim finalda Germaniya (qo‘shimcha vaqtda 2:0) tor-mor etilgandi. Nihoyat, Fransiya bilan mojaroli final.

E’tiborlisi, JCH-2006dan ikki hafta avval Apennin «kalchopoli» qurshovida qolgandi. Biroq bu ko‘ngilsizlik jamoadagi hamjihatlikni yanada oshirgandi.

«O‘shanda ko‘pchilik buni biz uchun kuchli ruhiy zarba, deb o‘ylagan, raqiblarimiz tepkilab tashlashini taxmin qilgandi. Ammo biz barcha muammolarni ijobiy quvvatga aylantirdik. Jamoadagi ilk kundan boshlab barcha o‘yinchilarni terma jamoa doimiy orzu bo‘lishi kerakligi, u haqda har kuni o‘ylash lozimligiga ishontirishga harakat qildim. Jamoada to‘qnashuvdan o‘zini chetga oladigan yoki o‘rtoqlik uchrashuvlariga kelishni istamaydigan futbolchi yo‘q edi. Ular jarohatlari bo‘lsa ham Koverchanoga kelishardi. Bir kuni Gattuzo qo‘ltiqtayoq yordamida kelgandi. Undan bir kun avval «Milan» direktori Adriano Galliani qo‘ng‘iroq qilib, oyog‘i jiddiy shikastlangan Rino yura olmay qolganiga qaramasdan, yig‘inga borishga ruxsat so‘rayotganini aytgandi. Men qarshilik ko‘rsatmaslikni so‘ragandim», - degandi terma jamoaning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Marchello Lippi.

Jamoadagi hayratomuz muhit haqida barcha o‘yinchilar, jumladan, Totti va Buffonlar o‘zlarining avtobiografik asarlarida hikoya qilishgan. Lekin Fabio Kannavaro bilan jurnalist Alessandro Alchato hamkorligida yaratilgan «Bizning farzandimiz» kitobi mukammallik borasida boshqalardan yaqqol ajralib turadi.

G‘alabaning 10 yilligi sharafiga mo‘ljallangan asarda esa so‘nggi chempionlik tarkibidagi 23 nafar futbolchi turnirga oid xotiralarini bayon qilgandi. Muhimi, mundialda nima uchun aynan Italiya g‘olib chiqqanligiga ham javob topish mumkin.

«Dortmunddagi maydonga chiqqanimizda odatdagidek markaziy tribuna qarshisida saflandik. Keyin raqiblarimiz bilan salomlashdik. Odatiy an’ana. Nemislar o‘z o‘rinlarida qolishdi, biz ular bilan birma,bir qo‘l olishdik. Lekin ularning birortasi ham ko‘zimga qaramadi, hammasi maysaga tikilib turardi. Ular qo‘rqishayotgan, juda qo‘rqishayotgan edilar. Mayli, men tentak bo‘lsam, bo‘la qolay. Ammo biz Germaniyani hech qachon mag‘lubiyatga uchramagan stadionida yengdik, muqaddas tumorlarini pachoqlab tashladik» - bu Kannavaroning Germaniya bilan kechgan yarim finaldagi xotiralari.

Ha o‘shanda Italiya har qanday tumorni majaqlashga qodir edi. Biroq nima bo‘lganda ham Zidanni ranjitmaslik kerak edi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: iff.uz
Kiritildi: 15:10, 26.05.2022.
O'qildi: 2957 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.