Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Oston O‘runov «Navbahor»ga qaytadimi? Babayan javob berdi

Oston O‘runov «Navbahor»ga qaytadimi? Babayan javob berdi

Baho:
+ | -

Superliga 11-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Lokomotiv” (2:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida “lochinlar” bosh murabbiyi Samvel Babayan quyidagicha fikr bildirdi.

— Bugun murosasiz o‘yin guvohiga aylandik, o‘ziga xos taktik kurash ham kechdi. Birinchi navbatda, muxlislarimizni tabriklayman! Bunday qo‘llab-quvvatlash bilan ular g‘alabaga loyiq edilar. O‘yinning borishi haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, stadionda kuzatganlar ham, televizor orqali tomosha qilganlar ham o‘yindan rohat olishdi. Avvalgi uchrashuvlarda Namanganga tashrif buyurib, asosan simulyasiya bilan shug‘ullangan ayrim jamoalardan farqli ravishda, “Lokomotiv” bugun futbol o‘ynash uchun yig‘ilganini ko‘rsatdi va ba’zilarga namuna bo‘ldi. Uyda to‘p tepishning qiyinligi nimada? Birinchi turdan ko‘rdikki, bu yerdagi uchrashuvlar payti atayin vaqt cho‘zishlar ko‘p kuzatildi. Raqib futbol o‘ynash uchun kelsa, bu bilan bizga ham zavq bag‘ishlaydi. “Lokomotiv” birinchi bo‘limda to‘p bilan va to‘psiz harakatlarda bizga muammo tug‘dirdi, tanaffusda vaziyatni o‘rgandik, pressingda yaxshi harakatlana olmaganimizni tushundik. Jamoamiz g‘alaba qozondi, yigitlarga o‘yinni o‘nglay olishgani uchun rahmat! Oldinga intilishda, futbolchilarimizni keyinga o‘yinlarga tayyorlashda davom etamiz. Chempionatimiz juda qiziqarli kechmoqda, — dedi Samvel Babayan.

— Dastlabki bo‘limning 35 daqiqasigacha “Navbahor” futbolchilari nisbatan passiv ko‘rinishdi. Bu o‘ziga xos taktikamidi yoki voqealar rivoji shuni taqozo etdimi?
— Umuman, uydagi o‘yinlarimizning borishidan kelib chiqib, atayin shunday yo‘l tutishga qaror qildik. Bo‘sh hududlar bo‘ylab harakatlanishga intildik. Afsuski, raqibga to‘pni topshirgan paytimiz, pressingda yig‘inchoqlik bilan harakatlana olmadik. Nisbatan quyiroqdan himoyalanganimiz sababi ham shu. O‘sha vaziyatlarni tanaffus payti to‘g‘rilashni uddaladik. Ko‘rgan bo‘lsangiz, ikkinchi bo‘limda ham raqib o‘yinni tashlab qo‘ymadi, to‘pni egallashga intildi, ammo biz nisbatan sifatliroq pressingni amalga oshirdik. Natijada, vaziyatlar yaratdik, kontrpressing ham bo‘ldi, raqib yarim maydonida pozision hujumlar uyushtirdik. Bu o‘yin uchun tuzgan rejalarimizdan biri edi. Qisqasi, birinchi bo‘limda raqibga to‘pni atayin topshirganimiz – fakt!

— Davralar oralig‘ida qaysi chiziqlarni kuchaytirishni rejalashtiryapsiz?
— Hozir turli variantlarni ko‘rib chiqyapmiz. Namanganga kelganimdan buyon seleksiya ishlarini to‘xtatmayapmiz, bu jarayon yil bo‘yi davom etadi. Ayrim pozisiyalarda raqobatbardoshlikni oshirmoqchimiz. Yozgi transferlar oynasida bunga vaqtimiz bo‘ladi, ko‘ramiz, tahlil qilamiz, yangi futbolchilarga ehtiyoj qandayligini ko‘rib chiqamiz. Viloyat hokimi bilan maslahatlashgan holda, bir yillik jamoa emas, ko‘p yillar davomida barqaror va munosib o‘yin ko‘rsatadigan jamoa shakllantirishni o‘z oldimizga vazifa sifatida qo‘yganmiz. “Navbahor” brendi, uni qayta jonlantirish haqida gapirdik, bu shunchaki gapligicha qolib ketmaydi. Seleksiya ishlari davom etmoqda, qolaversa, ko‘plab iqtidorli yosh futbolchilarimiz bor. Ularni maydonga tushira olmayotganimizga sabab, chempionatdagi har bir o‘yin keskin ruhda kechmoqda. Asta-sekin yoshlarni ham asosiy tarkibga kiritib boramiz.

— Yoshlar jamoalaridagi futbolchilarning ham o‘yinlarini kuzatib boryapsizmi?
— Albatta, kecha U-19 jamoamiz o‘yin o‘tkazdi. Ozgina vaqtim bor edi, borib, birinchi bo‘limni kuzatdim. Yaxshi futbolchilar bor. Yozgi tanaffus paytida Namangan viloyati futbol assosiasiyasi rahbariyati bilan hamkorlikda maxsus tadbir uyushtirish rejalashtirilgan, bunaqasi O‘zbekistonda ilk bor bo‘ladi. Keyinroq bu haqda albatta eshitasizlar. Iqtidorlarimiz juda ko‘p, ularning iste’dodlarin ro‘yobga chiqarishimiz kerak. Namanganlik ko‘plab yuqori salohiyatli yoshlar bugungi kunda boshqa klublarda to‘p tepishmoqda, ularning ko‘pchiligi terma jamoa darajasidagi futbolchilar. 21 iyungacha tanaffus bo‘ladi, shu vaqt ichida viloyat hokimi boshchiligida maxsus tadbirlar o‘tkazamiz. Iqtidorli futbolchilar ko‘p, sharoitlar yetarli, lisey va akademiyalar davlat tomonidan moliyalashtirilmoqda. Faqat o‘sha iste’dodlarni tanlab olib, seleksiya ishlarini maromiga keltirishimiz lozim bo‘ladi. Shunda boshqa hududlardan futbolchilar taklif etishimizga ehtiyoj qolmaydi.

— Oston O‘runov “Navbahor”ga qaytishi mumkinmi?
— O‘runov bugungi kunda Rossiya chempionatida o‘ynayapti. Ushbu masala “Navbahor” klubi rahbariyati tomonidan muhokama qilinmagan. Ushbu gaplar shunchaki, mish-mish, xolos.

— Men futbol sohasida mutaxassis emas, jurnalistman. Lekin menimcha, Zoran Marushich Superliga darajasiga tortmayotgandek. Uning o‘yinidan qoniqish hosil qilyapsizmi?
— Mutaxassis emas, jurnalistman, deganingiz yaxshi bo‘ldi. Aslida, Marushich katta iste’dod sohibi. Ha, hozircha unda realizasiya masalasida ayrim muammolar bor. Biroq u bor e’tiborini hujumga qaratishdan tashqari, pressinglar paytida ham katta hajmdagi ishni bajarmoqda. Bu narsa sizga ko‘rinmaydi, biz – mutaxassislar esa buni ko‘ramiz. U o‘z ishini sidqidildan, astoydil bajarmoqda. Birinchi bo‘limdan keyingi tanaffusda uning jamoamiz pressing qo‘llagan payt ayrim vaziyatlarda to‘pga oxirigacha yugurmagani haqida gaplashdik. Ikkinchi bo‘limda esa u raqib himoyachilari to‘pni egallagan paytda ularga muammo tug‘dirdi. Zoran – mahoratli, yaxshi yigit. O‘ylaymanki, hali u nimalarga qodirligini ko‘rsatadi, muxlislar uning asl kuchini ko‘rishadi. U hozircha 100 foiz o‘z salohiyatini namoyon etib ulgurmadi. Uning hujumda yakkaligiga kelsak, bu jamoamizning hujumkor o‘yin ko‘rsatmayotganini anglatmaydi. Bizda himoyachilar ham oldingi chiziq vakillariga yordamlashishadi. Marushich hali o‘z so‘zini aytadi.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Manba: www.pfcnavbahor.uz
Kiritildi: 23:22, 27.05.2022.
O'qildi: 4370 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.