Katta bosim ostida qolganida, ishlar yurishmayotgan paytda, o‘z faoliyatining cho‘qqisida yoki katta baxtsizlikda, futbol yulduzlar ham oila a’zolaridan tashqari, yana kimgadir suyanishi kerak. Hozir aynan shu haqida, ayrim katta futbol yulduzlarining aka-ukachiligi, do‘stligi haqida gap boradi.
Romelu Lukaku va Pol Pogba
Sobiq «Manchester Yunayted» futbolchilari maydon tashqarisida bir-birlari bilan juda yaqin bo‘lishgan. Shu sabab ham maydonda ayrim paytlarda ajoyib o‘yinlar ko‘rsata olgan. Bir paytlar Pogbaning agenti Lukakuning «MYU»ga o‘tishida fransuz futbolchisining ta’siri kattaligi haqida aytgandi. Lukaku «MYU» bilan bitim tuzishidan sal oldin esa Pogba va uni birga, Los-Anjelesda sayohat qilayotganini ko‘rishgan. Bu esa ushbu futbolchilar bir-birlari bilan o‘ta yaqin bo‘lganini isbotlaydi.
Jerar Pike va Sesk Fabregas
Kataloniyaliklarning orasida yaqin bo‘lganiga hayron bo‘lmasak ham bo‘ladi. Negaki, ular bir joyda, «La Masiya»da o‘qigan. Keyinchalik esa har ikki qahramonimiz APLga yo‘l oladi. Ammo Pike «MYU» tomon, Fabregas esa «Arsenal»ga. Garchand ular Angliyada ashaddiy raqib bo‘lgan jamoalarda to‘p surgan bo‘lsa ham, bu narsa ispan futbolchilarini aka-ukachilik munosabatini buza olmadi. Oradan vaqt o‘tib, Pike «Barselona»ga qaytadi. O‘sha paytdan keyin ham «Arsenal» hamda kataloniyaliklar YECHL ko‘p marta to‘qnash keldi. Ammo Pike va Fabregas u yerda ham yaqin do‘st ekanini namoyish etdi.
Krishtianu Ronaldu va Marselo
Ronaldu va uning sobiq jamoadoshi Marselo «Real»da bir qanotda harakat qilardi. Ularning maydondagi bog‘liqligi, hayotga ham ko‘chadi. Marselo va Krishtianu maydondan tashqari yaqin do‘stlar edi. Hatto Ronaldu ketganidan keyin ham Marselo ko‘p marta uni maqtagan. Jumladan, bir nutqida u shunday degandi: «Men Ronaldu, Ronaldinyo hamda Rud van Nistelroy bilan o‘ynaganman. Ammo ular ichida Ronalduni tanlagan bo‘lardim. Chunki u mukammalroq edi».
Marselo hattoki Ronalduning qizi Alana Martinaning tug‘ilgan kuniga tashrif buyurgan.
Lyuis Xemilton va Neymar
Ushbu juftlik o‘z sport turlarining yorqin vakillari sanaladi. Lyuis "Formula One" poygalarida kuchli bo‘lsa, Neymar futbol tarixidagi eng qimmat o‘yinchidir. Ular 2017 yilda Londondagi moda haftaligida birga edi. Lyuis Xemilton Instagram'da Neymarni «boshqa onadan bo‘lgan ukam» deb ham atagandi. Hozirda Neymar «PSJ»da harakat qiladi. Xemilton esa Monako shahrida yashaydi. Bu esa ularni bor-yo‘g‘i bir soatlik yo‘l ajratib turishini anglatadi. Ularga hozirda ko‘rishish muammo emas.
Mesut O‘zil va Serxio Ramos
«Real»dagi davr ular uchun ajoyib kechgan. Ammo O‘zil og‘ir davrga tushib qoladi. Uning Mourinyo bilan oralaridan gap qochib qolgan paytlarida, Ramos o‘rtada bo‘lgan va katta yordam bergan. Mesut keyinchalik «Arsenal»ga ketadi. U yerda 8 yilni o‘tkazadi. Yana bir xabarda keltirilishicha, Ramos O‘zilni «Barselona»ga o‘tishini eshitib, u bilan uchrashadi va Mesutdan «Real»ning eng ashaddiy dushmani safiga bormaslikni iltimos qiladi. Shundan keyin esa O‘zil o‘z fikridan qaytadi. Mana shu voqealar ham ko‘rsatadiki, nemis va ispan futbolchisi o‘ta yaqin do‘st sanaladi.
ISMATOV J.