Angliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Gari Lineker norvegiyalik hujumchi Erling Xolandning Dortmundning "Borussiya"sidan "Manchester Siti"ga o‘tishiga munosabat bildirdi.
“Transfer rasman tasdiqlandi. Bu Angliya Premyer-ligasi uchun tarixiy lahza. Nihoyat, yosh superyulduz Ispaniya gigantlari o‘rniga Premyer-liga klubiga o‘tadi", - deyiladi mutaxassisning ijtimoiy tarmoqlardagi xabarida.
21 yoshli skandinaviyalik to‘purarning transferi "shaharliklar" rahbariyatiga 75 million yevroga tushdi. Xoland bilan 2027 yilning o‘rtalariga qadar amal qiladigan uzoq muddatli shartnoma imzolandi.