Kirish Ro'yxatdan o'tish
09/05 00:00 Real Madrid 2-1 Bavariya
10/05 23:45 Frozinone - Inter
11/05 00:00 Nissa - Gavr
11/05 00:00 Brest - Reyms
11/05 00:00 Alaves - Jirona
11/05 16:30 Fulhem - Manchester Siti
11/05 17:00 Malyorka - Las-Palmas
11/05 19:00 Vulverhempton - Kristal Pelas
11/05 19:00 Bornmut - Brentford
11/05 19:00 Everton - Sheffild Yunayted
11/05 19:00 Nyukasl - Brayton
11/05 19:00 Tottenhem - Byornli
11/05 19:00 Vest Xem - Luton
11/05 19:15 Vilyarreal - Sevilya
11/05 21:00 Napoli - Bolonya
11/05 21:30 Nottingem Forest - Chelsi
11/05 21:30 Granada - Real Madrid
11/05 23:45 Milan - Kalyari
12/05 00:00 Atletik Bilbao - Osasuna

Kelajak jamoasi

Kelajak jamoasi

Baho:
+ | -

2021 yilning 19 may kuni Transfermarkt Madridning «Real» klubi tarbiyalanuvchisi David Barralning Ispaniya uchinchi divizionida qatnashuvchi «Inter Madrid» safiga o‘tgani haqida bildirdi...

Lekin Santanderning «Rasing» jamoasiga to‘lanadigan kompensasiya miqdorini aytolmadi. Sababi oddiy - David transferi bitkoinda amalga oshirilgan ispaniyalik birinchi futbolchi bo‘ldi. Bu Madrid «Inter»ining La Ligaga chiqish yo‘lida belgilagan global va ko‘pqirrali strategiyasi hisoblanadi.

Oflaynga ixtisoslashgan kibersport loyihasi

«Inter» - Ispaniyaning eng yosh klublaridan biri. 2002 yili unga asos solinganda, mamlakatdagi eng uzun nomga ega edi — Sports Action Section Club de Futbol Internacional de Madrid Deportes Sociedad Limitada. Mazkur loyihaning bosh sababchisi va aksioneri - Real Estate Services ko‘chmas mulk agentligi rahbari Stiven Nyuman klub uchun kompaniya pullaridan ajratdi.

2010 yilda madridliklar to‘rtinchi divizionga chiqishdi, sakkiz yildan keyin esa 3-ligaga yo‘l olib, Ispaniya kubogida ham debyutqilishdi. Nyuman «Real» va «Barselona»gaqarshi o‘yin o‘tkazish orzusini ro‘yobga chiqarish uchun klubga rivojlanishning yangi impulsi kerakligini tushunib turardi. Angliyalik funksioner ongli ravishda aksariyat klublar singari badavlat investorlarni jalb qilish yo‘lidan voz kechib, asosiy e’tiborni zamonaviy texnologiyalar va kommunikasiyalarga qaratdi. 2018 yilda biznesmen «Inter»ni «DUX Gaming» kibersport klubi bilan birlashtirib, keyinchalik ham prezident lavozimini saqlab qoldi.


Kurtua va Iglesias - klubning hamkor egalari

«DUX Gaming» klubiga YouTube portalida 7,8 mln., Twitch tarmog‘ida esa 700 ming obunachisi bor ispaniyalik taniqli strimchi DjMaRiiO asos solgan. Uning jamoalari FIFA, NBA 2K va F1 kabi musobaqalarda bellashishadi. Klub yetakchilari - jahondagi ilk professional kibersportchi hamda eLaLiga Fifa chempioni Xayme «Gravesen» Alvares.

«Kiberchilar» bilan birlashuvdan keyin futbol klubiga «DUX Internasyonal de Madrid» deb nom qo‘yishdi, to‘liq rebrending amalga oshirildi: ko‘k futbolka va oq shortilar o‘rnini oq chiziqli qora jersilar egalladi. Nyuman tilga olgan kuchli impuls obro‘li va jiddiy aksionerlarni jalb qilish imkonini berdi - 2020 yilda Madridning «Real» jamoasi darvozaboni Tibo Kurtua hamda «Betis» forvardi Borxa Iglesias klubning hamkor egalariga aylanishdi. Har ikki futbolchiga kibersport tashkilotini oflaynga o‘tkazish g‘oyasi ma’qul keldi.

«Bolaligimdan videoo‘yinlarga qiziqishim bor, shu bois, bunday loyihaning faol ishtirokchisiga aylanishdan mamnunman, - deydi kontent tashkil etilishida bevosita qatnashgan Borxa. - Muvaffaqiyatga ishonyapman, chunki loyihada professionallar ishlashmoqda. Birgalikda ishlash va bir-birimizdan o‘rganish kelgusida ko‘plab ustunliklarni taqdim etadi».


Darvozada «yutubchi», Twitch orqali jonli translyasiya

«Inter»dagi yangiliklar klubga e’tiborni yanada kuchaytirdi va mashhur futbolchilarni jalb etish imkonini berdi. Bugun bitkoin evaziga sotib olingan Barraldan tashqari sobiq professional kibersportchi Karles «Kolderiu» Santalo ham  shu jamoa sharafini himoya qilmoqda. U o‘smirlik chog‘lari «Jirona» va «Espanyol» akademiyalarida shug‘ullangan, keyinchalik esa diqqatini blogerlikka qaratgan. «Inter» uchun uning seyvlaridan ham ko‘ra, YouTube tarmog‘idagi 1,8 mln. obunachidan iborat auditoriyasi ko‘proq ahamiyatliroq. «Kolderiuning transferidan xursandmiz. U yosh klubimizning fanatlar bazasiga yoshlarni chorlashda yordam berdi», - deydi «Inter» sport direktori Ruben Andres.

Karles o‘tgan yili «Barselona» sobiq darvozaboni, hozirda «Orta»da ishlayotgan Viktor Valdes bilan birga ishlash niyatini bildirgandi. Murabbiy qat’iy talablar qo‘ydi: uning jamoasida o‘ynash uchun kiper blogerlikni tashlashi kerak. Kolderiuga bu shart yoqmadi va hozir bundan afsuslanmayapti - «Inter»da uning videoroliklari faqat rag‘batlantiriladi.

Madridliklarning asosiy yutuqlaridan yana biri - o‘yinlarning Twitch orqali jonli efirdagi translyasiyasi. Uchrashuvlarni taniqli futbol tahlilchilari, jurnalistlar, blogerlar va kibersportchilar sharhlashadi, translyasiyalarni esa 15 mingga yaqin kishi tomosha qiladi.


Akademiya, ayollar futboliga investisiya va bitkoinlar

Klub rahbarlari har tomonlama rivojlanishning muhimligini yaxshi his qilishadi. O‘tgan yili «Inter» Madrid chetida o‘z akademiyasini yo‘lga qo‘ydi - unda olti yosh toifasidagi bolalar shug‘ullanishmoqda. Shuningdek, DUX Gaming ayollar futboliga investisiya kiritmoqda. 2021 yilning martida klub ikkinchi ayollar divizionidagi «Logronyo» FKni sotib oldi. «Biz ayollar futbolini qo‘llab-quvvatlashni, uning o‘sishini ko‘rishni xohlaymiz. Jamoamiz istalgan murakkablikdagi loyihani rivojlantirish va muvaffaqiyatga erishishga qodirligini isbotladi», - deydi Kurtua faxrlanib.

Madridliklar nafaqat bugungi kun, balki kelajakka qarab ish ko‘rishadi. «Inter» futboldagi toplar, blogerlar va geymerlarni jalb etishdan tashqari, zamonaviy elektron texnologiyalar rivoji uchun ham harakat qiladi. 2022 yildan boshlab, futbolchilar va klub xodimlari maoshning 30 foizini bitkoinda olishmoqda. «Biz futbol olamida to‘lovning mazkur usulini qo‘llagan birinchi jamoa bo‘lishni xohlaymiz», - deydi Nyuman.

Hozircha «Inter»ning turnirdagi natijalari hamin­qadar. Uchinchi diviziondagi eng yuqori ko‘rsatkich o‘tgan mavsum qayd etilgandi - «pley-off»ga chiqib, Segundada qatnashish imkonini beruvchi final bosqichida yut­qazishdi. Joriy mavsumda madridliklar 14-pog‘onani egallab turishibdi, lekin rahbariyat bosh murabbiy Alfredo Santaelenega to‘liq ishonadi. 1990 yillarda «Deportivo» hamda «Atletiko»da to‘p surgan mutaxassis jamoaga hujumkor uslubni singdirmoqda. Ko‘p hollarda «Inter» qoyilmaqom futbol namo­yish etadi.

2020 yilning dekabrida afsonaviy Raul qo‘l ostidagi Madrid «Real»ining o‘rinbosarlariga qarshi kechgan bahs shular jumlasidan. O‘shanda 1:2 hisobida yutqazayotgan jamoa asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarning ikkinchisi o‘tib borayotganda mag‘lubiyatdan qutulib qolgandi. «Bunday o‘yinlar klubdagi o‘ziga xoslikni shakllantiradi», - degandi Santaelena uchrashuvdan ke­yin quvonchini yashirolmay.

Madridliklar voqealar rivojini tezlashtirmoqchi emaslar, bir necha mavsumdan keyin akademiya tarbiyalanuvchilari hisobiga yuksalishdan umidvorlar. Hozircha esa, «Inter»ning asosiy vazifasi - klub bilan rivojlanishni istagan, layoqatli yoshlardan iborat jamiyatni shakllantirish. Kibersportdan futbolga kirib kelgan shaxs­lar zarur ko‘nikmalar va ketma-ketlikning muhimligini isbotlab, kuni kelganda, fantastikani reallikka aylantirish va Primeraga chiqishni mo‘ljallashmoqda.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 11:20, 21.06.2022.
O'qildi: 1878 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.