Angliya futboli haqida gap ketganda voqea-hodisalarni tizginga solib o‘rganish talab etiladi. Chunki ingliz futbolida har qanday detal o‘ta muhim. Ana shu muhim narsalar ichidan, bugun eng muhimini tanlab oldik. Murabbiy! Angliyadagi menejerlik kursisi haqida gapirsak, biz quyida sanab o‘tadigan insonlar ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi. Demak, bugun APLning eng shonli besh murabbiyini bilib olasiz.
5. Klaudio Ranyeri
2015-16 yilgi mavsumda butun dunyodan futbolni tushunadigan inson borki, Angliyada yoki «Chelsi», yoki bo‘lmasam «Manchester Siti»ni chempion bo‘ladi deb o‘ylagan. Ammo yakun butunlay boshqacha edi. Hammani lol qoldirib, Klaudio Raneri futbolda go‘zal ertak yaratdi. U o‘shanda murabbiylar uchun taqdim etiladigan barcha individual sovrinlarga ega chiqqan. Qo‘shimchasiga, Ranyeri Italiya futbolining shon-sharaf zalidan o‘rin oladi. Ha, «tulkilar» chempionligi Ranterining eng yaxshilardan biri sifatida eslanishida katta rol o‘ynaydi.
4. Joze Mourinyo
Mourinyo o‘zining yuksaklarga ko‘tarilgan davrini G‘arbiy Londonda, «Chelsi» bilan birga o‘tkazadi. Uning 2004 yilda APLga kelishi, Angliyada kichik inqilob yasagan. Xususan, aynan Joze 2004-2006 yillarda ikki marta Angliya chempioniga aylanib, Venger hamda Fergyuson erasiga nuqta qo‘yadi. Portugaliyalik o‘sha davrda nafaqat chempionlikni, balki kuboklarni ham qo‘lga kiritgan. Mour 2013 yilda yana «Chelsi»ga kelib, 2014-15 yilgi mavsumda «Chelsi»ni chempionga aylantiradi. Balki u «Chelsi»dan ketmaganida yanada kattaroq ishlarni qilgan bo‘lardi. Ammo u ketdi va «MYU»da ish boshladi. U yerda esa unutildi. 2017-18 yilgi mavsum «qizil iblislar» ligani 2 o‘rinda yakunlay oldi, xolos. «Tottenxem»dagi 17 oylik «qo‘rqinchli tush»dan sizning xabaringiz bor.
3. Gvardiola
Pep Gvardiola APL tarixida chempionlikni ikki martadan ortiq qo‘lga kirita olgan 4 ta murabbiydan biridir. Ispaniyalik mutaxassis 2016 yildan beri besh mavsum davomida jamoani muvaffaqiyatli boshqarib kelmoqda. U keliboq, ishni jamoa tuzilmasini o‘zgartirishdan boshlaydi. Keyingi mavsum esa 100 ochko bilan Angliya chempioniga aylanadi. Uning shogirdlari 2018-19 yilgi mavsumni uchta sovrin bilan – APL, kubok hamda liga kubogi bilan tugatdi. Sobiq «Barselona» hamda «Bavariya» murabbiyi Angliyada katta tarix yozishda davom etmoqda.
2. Arsen Venger
Vengersiz ushbu ro‘yxatni tuzish mumkin deb o‘ylaysizmi? Agar shunday desangiz, qattiq yangishgan bo‘lasiz.
Arsen Venger «Arsenal»da 22 davomida ishlaydi. Bu vaqt davomida esa 3 marta Angliya chempioni bo‘ladi. U Angliya kubogini rekord miqdorda – 7 marta qo‘lga kiritgan. Vengerning eng gullagan davrlari 2000 yillar boshi edi. Xususan, 2003-2004 yilgi mavsumda «Arsenal» Venger boshchiligida mavsumni 38 ta uchrashuvda mag‘lubiyatsiz tugatgan edi. Tyerri Anri, Dennis Bergkamp, Patrik Viyeyra hamda Robert Pireslar o‘shanda mashhurlik cho‘qqisiga chiqadi. «Engilmaslar» deb nom olgan bu tarkib mavsumni 26 ta g‘alaba 12 ta durang bilan, 90 ochko to‘plagan holda yakunlagandi. Afsuski, o‘sha yutuq «Arsenal» uchun so‘nggi APL tituli bo‘lib qoldi. Ammo oldin aytganimizdek, kubok bahslarida Venger tengsiz bo‘lib qolaverdi. U 2013-2017 yillar davomida 3 marta kubokni yutgan.
1. Fergyuson
Ser Aleks Fergyuson nafaqat Angliyada, balki jahonda tengsiz edi. U 26 yillik «MYU»dagi ishi davomida 13 marotaba chempion bo‘lgan. Bu vaqt ichida ikki qayta, 3 ta mavsumda ketma-ket chempionlikka erishadi (1998-2001, 2006-2009). Aynan uning davrida «Manchester Yunayted» «Liverpul»dan Angliya chempionligi borasida o‘zib ketadi. Bugun «Liverpul» 18 marta, «MYU» esa 20 marta APLda tengsizdir. Fergyuson esa 13 ta «toj»dan tashqari, 5 marta Angliya kubogini, 4 marta liga kubogini ham yutishga erishgan. Bularning hammasi, Fergyuson aslida kim ekanini ko‘rsatib beradi.
ISMATOV J.