Aksariyat futbol mutaxassislari Lionel Messini Argentina tarixidagi eng yaxshi futbolchi, deb hisoblaydi, ammo “PSJ” futbolchisining o‘zi esa kumiri Diyego Maradonani tarixdagi eng yaxshi futbolchi ekanligini aytadi. “Bir million yil o‘ynagan bo‘lsam ham, hech qachon Maradonaga yaqinlasha olmayman. Men buni xohlaganimdan emas, u eng buyuk futbolchi bo‘lgani uchun shunday fikrdaman”, – deydi Leo. Maradona Argentina terma jamoasi murabbiyi sifatida Messiga ustozlik qilgan bo‘lsa-da, ular hech qachon birga futbol o‘ynamagan.
Biroq dunyoda besh nafar futbolchi borki, Messi va Maradona bilan bir jamoada to‘p tepishga muvaffaq bo‘lgan. Diyego o‘zining so‘nggi o‘yinlarini “Boka Xuniors” safida o‘tkazgan bo‘lsa, Leo 2000 yillar boshida terma jamoaga jalb qilingan edi.
Leo Messi va Diyego Maradonaning har ikkisi ham barcha davrlarning eng yaxshi futbolchisi nomiga da’vogar – ikkalasining ham erishgan yutuqlariga tan bermaslikning iloji yo‘q. Ammo ikki buyuk argentinalik bilan rasmiy o‘yinlarda maydonga tushishga muvaffaq bo‘lgan futbolchilar bor edi.
Ularning barchasi Diyego bilan “Boka”dagi faoliyati yakunida, Leo bilan esa Argentina terma jamoasida birga faoliyat yuritgan.
Xuan Roman Rikelme
Maradona bilan 1997 yilda “Boka Xuniors”da, Messi bilan Argentina terma jamoasida 2005-2008 yillar
Rikelme faoliyatining boshida Maradona bilan atigi bir nechta o‘yin o‘tkazgan – Diyego allaqachon avvalgi darajasidan pastga tushgan edi. Ular birgalikda “Argentinos Xuniors” bilan to‘qnash kelishdi va 4:2 hisobida g‘alaba qozonishdi. O‘sha o‘yindan so‘ng har ikkalasi doping nazoratiga chaqirildi. Maradona qonining tarkibida esa kokain borligi aniqlandi.
Rikelme Maradonaning professional faoliyatidagi so‘nggi o‘yinida ham ishtirok etgan – 1997 yil 25 oktyabrda u “River Pleyt”ga qarshi o‘yinda jarohat olgan Diyego o‘rniga maydonga tushgan.
Messi uchun Rikelme Argentina terma jamoasida haqiqiy murabbiyga aylandi. Ular birgalikda 2006 yilgi Jahon chempionati, 2007 yilgi Amerika kubogi va 2008 yilgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishgan. Ular ko‘proq o‘ynashlari mumkin edi, lekin Maradona bunga xalaqit berdi – afsonaviy futbolchi terma jamoa murabbiyi lavozimida ishlayotgan vaqtida Rikelme bilan janjallashdi va Xuan 2009 yilda terma jamoada o‘ynashdan bosh tortdi.
“Bu ajoyib edi, menga futbolchi sifatida omad kulib boqdi. Menga Maradona va Messi bilan birga o‘ynash nasib etdi. Qo‘limdan kelganicha yaxshi o‘ynashga harakat qildim. Bu ikkisi futbolimiz tarixidagi eng buyuk ikki futbolchilardir. Ular bilan o‘ynash men uchun juda oson edi. Messi bilan terma jamoada va Olimpiadada (2008 yilda) o‘ynash baxtiga muyassar bo‘ldim. Men uni juda yaxshi ko‘rishimni biladi, u ham meni juda yaxshi ko‘radi. Biz tez-tez gaplashardik, vaqt juda tez o‘tdi”, – dedi Rikelme bir necha hafta avval bergan intervyusida.
Xuan Sebastyan Veron
Maradona bilan 1996-97 yillarda “Boka Xuniors”da, Messi bilan Argentina terma jamoasi safida 2005-10 yillarda
Bu ro‘yxatda Maradona bilan birga eng ko‘p o‘ynagan Veron bo‘lsa kerak. Xuan Sebastyan va Diyego Armando olti oy davomida bir jamoada to‘p tepdi.
Veron 2007 yilgi Amerika kubogi va 2010 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan (Maradona murabbiy edi), shuning uchun u Leo Messi bilan yashil maydonda 16 ta o‘yin o‘tkazgan.
Verondan Messi va Maradona o‘rtasidagi farq nima deb so‘ralganda, u falsafiy javob bergan:
“Davra, futbol tezligi va xarakter, yaxshi ma’noda. Diyego o‘z davrini o‘zida mujassam ettirgan bo‘lsa, Leo endi futbolga o‘zgacha yondashuv bilan gavdalandi. Ularning ikkalasi ham, shubhasiz, tarixiy o‘lchovdagi futbolchilar. Men esa argentinalik ekanimdan baxtiyorman”.
Martin Palermo
Maradona bilan 1996-97 yillarda “Boka Xuniors”da, Messi bilan Argentina terma jamoasi safida 2009-10 yillarda
Aynan Maradona “Boka” rahbariyatidan Martin Palermoni sotib olishni talab qilgan – keyinchalik u klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylangan. Naqadar to‘g‘ri tanlov.
Keyinchalik Diyego Martinni Argentina terma jamoasiga chaqirdi – shu sababdan Palermo JCH-2010 ga bordi, Messi bilan o‘ynadi va ushbu ro‘yxatga kiritildi.
Roberto Abbondansyeri
Maradona bilan 1997 yillarda “Boka Xuniors”da, Messi bilan Argentina terma jamoasi safida 2005-2008 yillarda
Darvozabon Pato Abbondansyeri 1997 yilda “Boka” safiga kelib qo‘shilgan va buyuk Maradonaning so‘nggi o‘yinlarini maydondan turib ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Roberto Messi bilan birga 29 marta birgalikda maydonga tushdi, barchasi Argentina terma jamoasi safida. Ular 2006 yilgi Jahon chempionati va 2007 yilgi Amerika kubogida ishtirok etishdi.
Kili Gonsales
Maradona bilan 1997 yillarda “Boka Xuniors”da, Messi bilan Argentina terma jamoasi safida 2005 yilda
Maradonaning shaxsan o‘zi “Boka” rahbariyatidan Palermo kabi Kili Gonsalesni ham transfer qilishni so‘ragan. Buenos-Ayres shahri klubi uchun esa bu yaxshi sarmoya bo‘ldi: uni 150 mingga sotib olishdi, “Saragosa”ga 2,4 millionga sotib yuborishdi.
Gonsales keyingi faoliyatida “Valensiya”, “Inter”da to‘p tepgan 2005 yilda esa Argentina terma jamoasi safida Messi bilan ikkita o‘yin o‘tkazgan.
Maradona 2020 yilning 25 noyabr kuni 60 yoshida yurak xurujidan vafot etdi. Diyego Argentina terma jamoasi bilan 1986 yilgi Jahon chempionatida yorqin o‘yin ko‘rsatib, oltin kubokni boshi uzra baland ko‘targan.
O‘shanda Messi o‘z Instagram sahifasida quyidagicha, izoh qoldirgan edi:
“Barcha argentinaliklar va futbol uchun juda qayg‘uli kun. U bizni tark etdi, lekin unutilmaydi, chunki Diyego abadiydir. Men u bilan o‘tkazgan barcha ajoyib daqiqalarni qadrlayman va fursatdan foydalanib, uning barcha oila a’zolari va do‘stlariga hamdardlik bildirmoqchiman”.
Messi faqat bir futbolchi bilan raqobat qildi, uni esa yaxshi taniysiz – Ronaldu. Lekin Maradonani o‘zidan avval faoliyat yuritgan qirol – Pelega taqqoslashgan. Aksiga olib Diyego bir umr o‘ziga qarshi kurash olib bordi va 60 yil davomida g‘alaba qozonib keldi. Shuning uchun u abadiy.