Frenki De Yong seriali kutilmagan tomonga rivojlanish ehtimoli paydo bo‘lyapti.
Eng boshidan eslaylik. «Barselona» De Yongni sotib olganda yiliga 14 million yevro maoshga kelishilgan va shartnoma imzolangan.
Ammo oraga pandemiya tushib qolgach, klub moliyaviy tomondan qiynalib qoladi va futbolchidan maoshni qisqartirishni, oradagi farqni esa, 2024-2025 yillarda qo‘shib to‘lashi so‘raydi. Frenki rozi bo‘ladi va 2020/2021 mavsumi uchun 3 million, 2021/2022 mavsumi uchun 6 million oladi. Natijada, «Barselona» futbolchidan o‘tgan mavsumlar maoshidan 19 million yevro qarzdor bo‘lib qoladi.
Hammasi o‘zgarishsiz qolsa, keyingi yillarda klub maoshga qo‘shib, ushbu summani ham to‘lashi kerak, ammo endi, yangi futbolchilar jalb qilish uchun klub hozircha kimnidir sotishi shart. Jamoada katta summaga sotilishi mumkin bo‘lgan aktivlar ko‘p emas, De Yong shulardan biri va tayyor xaridor bor - «Manchester Yunayted».
Inglizlar transfer summasi bo‘yicha «Barselona» bilan kelishib bo‘lgan. Katta ehtimol Frenki bilan ham kelishuv bor. Futbolchi Manchesterga o‘tishga umuman rozi emasligi haqidagi xabarlar mantiqsiz, aks holda, «Yunayted» boshqa nomzodlarni unutib, shuncha paytdan buyon bu transfer ketidan quvmasdi. De Yong «Barselona»dan ketmoqchi emasligi haqidagi pozisiyani tanlagani tushunarli - shundagina «Barselona» futbolchini ketishga ko‘ndirish uchun eski qarzlarni to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Bu holatda, kataloniyaliklarning o‘zini tutishi biroz xunuk. Laporta ham, Xavi ham matbuotda Frenki jamoaga kerakligi, sotilmasligi haqida bong urish bilan birga, unga asosiy tarkibdan joy tegmasligiga ham sha’ma qilishmoqda.
Xususan, Xavi yarimhimoyaga Buskets, Pedri, Gavidan tashqari, Pyanich va Kessieni qo‘shdi. O‘zi esa, Frenkini himoya markaziga qo‘ymoqchi ekanini aytmoqda. Kulgili. Garsiya, Pike, Arauxo kabi variantlardan tashqari, Kristiyensenni ham olib kelgan, Kunde bilan kelishib qo‘ygan «Barselona» 80 millionlik futbolchining pozisiyasini o‘zgartiradimi?
Bu bilan Frenkini ketishga undashmoqchi, shu bilan birga, transfer klubning emas, futbolchining tashabbusi bo‘lishi kerak. Klub oppoq. Va agar Frenki ketishni istasa, klub savdolashishni boshlashi va huv o‘sha 19 millionning bir qismidan voz kechishni so‘rashi ham mumkin.
Bundan ham qizig‘i, agar Frenki jamoada qolishni istasa, hozirgi oyligining yarmiga ko‘nishi lozim ekan. Messi bilan bog‘liq voqealar esingizdami? Shunda qarz summaning «sopi o‘zidan chiqadi...».
Tabiiyki, Frenki De Yong va uning agenti maoshni pasaytirishga ham, qarzdan kechishgayam ko‘nmaydi. «Yunayted» avgustning oxirigacha kutishga tayyor. Endi esa, masalaga profsoyuz ham aralashgan ko‘rinadi.
U holda hatto, klub o‘z vazifalarini bajara olmagani tufayli shartnoma bekor bo‘lishi, «Barselona» o‘sha 80 milliondan quruq qolib, De Yong erkin agentga aylanishi mumkin.
Albatta, ish ungacha bormasa kerak. Katta ehtimol bilan, «Barselona» chekinadi, o‘tgan yillardagi maoshlarni to‘lashga rozi bo‘ladi va nihoyat transfer sodir bo‘ladi.
Qahramon Aslanov.