Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Asror Aliqulov: "O‘ylashimcha, qo‘rqoqlik qildik"

Asror Aliqulov: "O‘ylashimcha, qo‘rqoqlik qildik"

Baho:
+ | -

“Andijon” – “Sho‘rtan” (2:1) uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida dastlab mehmonlar bosh murabbiyi Asror Aliqulov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

— Birinchi navbatda Andijondagi bayram bilan muxlislarni tabriklayman. Shuningdek, “Andijon” klubini ham g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yinga tayyorgarlik jarayonida raqibning kuchli tomonlarini hisobga oldik. Standart vaziyatlarda bo‘ydor futbolchilari xavfli ekanini bilardik. Yakkakurashlarda futbolchilarimizning raqibga qarshilik ko‘rsatishi yetarli emasdi. Shu bois to‘pni nazorat qilish va tezkorlik bilan hujumga o‘tishni rejalagandik. O‘yinni yaxshi boshlagan bo‘lsak-da, bu uzoq davom etmali. Keyin qisqa vaqt ichida o‘yin nazoratini “Andijon”ga topshirib qo‘ydik. Ayrim futbolchilarimiz biz bergan ko‘rsatmalarni umuman bajarishmadi. O‘ylashimcha, qo‘rqoqlik qildik, desak to‘g‘ri bo‘ladi. “Andijon”ning bosimiga chiday olishmadi. Ikkinchi bo‘limda futbolchilarim yaxshi o‘yin ko‘rsatishga harakat qilishdi, qarshi hujumga chiqishga intildik. Hisobni tenglashtirdik. Biroq uchrashuv oxirlarida yana standart holatdan bizni jazolab ketdi.

— “Andijon”ning asosiy quroli standartlar. Bugungi uchrashuvda ikkala gol ham standartdan kiritildi. Bunga qanday izoh berasiz?
— Jamoamizda ikkinchi qavatda o‘ynay oladigan bor o‘yinchilarimizning hammasi maydonda edi. Tan olish kerakki, hammasi ham ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynay olmaydi. Baribir “Andijon” futbolchilarining biznikilardan ko‘ra ikkinchi qavatda har jihatdan yaxshi o‘ynay olishlari sezilib turdi.

— “Sho‘rtan” bir necha yillardan beri pro ligada qatnashib kelmoqda. Jamoani Superligaga qaytish maqsadi yo‘qmi?
— Ikki yilni oladigan bo‘lsak, biz ta’qiq ostida ishladik. Ta’qiq borligi uchun bizga futbolchilar yetishmasdi. Klub o‘tgan yili o‘z oldidagi barcha qarzdorliklarni to‘lab berdi. Endi futbolchi olishimiz, yaxshi jamoa tuzishimiz  mumkin. Oldingi “Sho‘rtan” rahbariyatining qilgan xatolarini yangi rahbariyat, yangi homiy to‘lab berdi.

— Jamoangiz oxirgi 15 daqiqada raqib jarima maydoni ichida o‘ynadi. Shuni birinchi bo‘limda amalga oshirsa bo‘lmasmidi?
— Birinchi bo‘limda ham harakat qildik. Hujumlarimizni kenglik orqali amalga oshirishga urindik. Negadir o‘yinchilarimiz o‘z darajasida o‘yin ko‘rsata olmadilar. Maydon sifati ham “Andijon” o‘yiniga to‘g‘ri keladi. Qisqa pas orqali o‘yin ko‘rsatish qiyin. Baribir futbolchilarimizda yetarli malaka yetishmaganligi ko‘p hujumlarimizni uzilishiga sabab bo‘ldi.

— “Andijon” oxirgi o‘yinlariga nisbatan bugun kuchsizroq o‘ynagandek bo‘ldi. Bunga fikringiz qanday? Chunki “Turon”ga qarshi ikkita uchrashuvda jamoa ancha shiddatli o‘yin ko‘rsatgandi. “Andijon” siz kutgan o‘yinni namoyish etdimi?
— “Andijon” biz kutgan o‘yinni ko‘rsatdi. Raqibga qanchalik imkon bersangiz, shunchalik o‘ynaydi. Ayniqsa, birinchi bo‘lim o‘rtalaridan biz markazda imkoniyatni boy berdik va “Andijon” xohlaganidek o‘ynadi. Bu mag‘lubiyat unchalik qo‘rqinchlik emasdi. Faqat futbolchilarimiz biz kutganchalik raqibdan to‘pni olib qo‘ya olmadilar. Raqib uzun paslarni oshirganida to‘rt futbolchisi oldinga o‘tadi. Biz mana shunday paytda bo‘shliqlardan foydalana olmadik.

— O‘yinga vaqt qo‘shib berilgan paytda e’tiroz bildirdingiz. Sizningcha, kam vaqt qo‘shdimi?
— O‘yinchi maydonga yotdi, 2 daqiqadan ko‘proq vaqt o‘tdi, hali o‘rnidan turmagandi va hakam 4 daqiqa qo‘shdi. O‘ylaymanki, futbolchi yotgan holatini hakam hisobga olmadi. Hakam o‘yinchini maydondan chiqarmadi, kutib turdi. Siz o‘sha vaziyatni hisobga oldi, deb o‘ylaysizmi?  

“Andijon” matbuot xizmati.

Manba: https://t.me/andijonpfc
Kiritildi: 22:51, 27.08.2022.
O'qildi: 1537 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.