"Manchester Yunayted" o‘z uy o‘yingohi bo‘lmish "Orzular teatri"da liga yetakchisi, "Arsenal"ga qarshi bahsga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jamoa 5-turda "Lester Siti"ni mag‘lubiyatga uchratgan edi. Quyida "MYU"da ilk bor yuz bergan ayrim voqealarga to‘xtalib o‘tamiz.
1. Antoni umumiy jamoa bilan ilk bor mashg‘ulot o‘tkazdi
Ayni damda transferlar oynasi yopilib bo‘lgan va ten Xag kamida yanvar oyiga qadar qaysi futbolchilar bilan bo‘lishini juda yaxshi biladi. Avgustning eng katta xaridlaridan biri Antoni bo‘ldi. U "MYU"ga oylab muzokaralardan keyin, 86 million funt evaziga o‘tdi. "Arsenal"ga qarshi bahsda qatnashishi noma’lum bo‘lgan futbolchi, allaqachon yangi jamoadoshlari bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etishga ulgurgan. Braziliya terma jamoasi a’zosini keyingi bahslarda maydonda ko‘rishga umid qilamiz.
2. Braziliyaliklar bog‘lami
Antoni "Manchester Yunayted"da bir nechta tanish chehralarni ko‘rishi mumkin. Chunki undan avval "Ayaks"dagi jamoadoshi Martines ham aynan "MYU"ga kelgandi. U endilikda yurtdoshi bo‘lgan Kazemiro bilan birga o‘ynashi mumkin bo‘ladi. Undan tashqari Fred ham yarim himoyada mavjud. Bu esa uchta Braziliya terma jamoasi a’zolarini "MYU"da birlashganini anglatadi.
3. Ronalduning yuzida kulgu
Antoni va Kazemiro "qizil iblislar" safiga kelayotgan bir paytda, klub afsonasi bo‘lgan Krishtianu Ronaldu jamoani tark etishga harakat qilayotgan edi. Portugaliyalikning bu istagi zamirida YECHL futboli yotgandi. Bir nechta klublar Ronaldu bilan bog‘langan, uning agenti esa ular bilan muzokaralarga kirishgan. Ammo hech narsa o‘zgarmadi. Ronaldu "MYU"da qoldi. Ammo uning kayfiyati endilikda oldingidan yaxshiroqqa o‘xshaydi. Chunki klub u xohlagan xaridlarni amalga oshirdi va futbolchi yuzida kulgu bilan mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.
4. Dubravka jamoaga kelib qo‘shildi
"MYU" transferlar oynasining so‘nggi kunida ham nimagadir ulgurib qolishga tirishdi. Natijada "Nyukasl"dan slovakiyalik darvozabon Martin Dubravkani ijara asosida olib kelishga erishdi. U endilikda David De Xea o‘rnini egallashi mumkin bo‘ladi. Dubravka ham Antoni kabi jamoaning "Arsenal"ga qarshi o‘yiniga tayyorgarlik mashg‘ulotlarida ko‘rinish bergan. Ha, yangi posbon kelayotgan bahsda qatnashmasligi mumkindir. Ammo uzoq kechadigan mavsumda albatta jamoaga asqotadi.
5. Yoshlarga katta imkoniyat
So‘nggi yillarda klub akademiyasini ko‘plab yoshlar bitirib chiqdi. Ular ichida salmoqli qismi "MYU"ning asosiy tarkibiga kirishga erishgan. Markuz Reshford, Antoni Elanga, Alexandro Garnacho. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo bunda bir narsa e’tiborga molik: Erik ten Xag ularga imkon bermoqda. Bu esa ancha ijobiy o‘zgarish sanaladi. Asosiy jamoa bilan akademiyaning qorishuvi – yorqin kelajakka zamin hozirlaydi. Ulardan istalgan paytda foydalanish mumkin bo‘ladi. Boz ustiga, "Arsenal"ga qarshi bahsda ham.
Ayni damda "Manchester Yunayted" 9 ochko to‘plab, 5-o‘rinni band etib turibdi. "Arsenal"ni mag‘lub etish orqali esa, ten Xag kuchli to‘rtlikdan joy olish imkoniga ega bo‘ladi. "MYU"ning 6-turi 4 sentyabr kuni, Toshkent vaqti bilan 20:30da start oladi.
ISMATOV J.